Lazgi
Lazgi — Xorazm xalq kuyi va raqsi. Erkaklar (jangovar va qahramonlik ruhida) va ayollar (lirik, hazilomuz) raqslari farqlanadi[1].
Afsonaviy o‘zbek raqqosalari Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva va Gavhar Matyoqubova har bir harakatga sayqal bergan holda, Xorazm xalq raqslarini mukammallikka olib kelganlar va shu bilan jahon sahnasini zabt etganlar.[2]
Xalqaro e'tirof
tahrirLazgi 2019-yil 13-dekabr kuni ,,Xorazm raqsi – lazgi” nomi ostida YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 28-sentabrda ,,Lazgi xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ 4843-sonli qarori qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta „Lazgi“ xalqaro raqs festivali 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida o‘tkazilishi belgilangan. Ixtiyor Baxtiyorov tomonidan tasvirga olingan ,,Lazgi” hujjatli filmi ,,Art Stream”, ,,Fifflondon”, ,,Blackboards”, ,,Lift-Off Season Awards”, va ,,IFFT” kabi qator xalqaro tanlovlarda ,,Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” sifatida munosib ko‘rilib, mukofotlangan.
Dubai Opera sahnasida “Lazgi – qalb va muhabbat raqsi” balet postanovkasining xalqaro premyerasi o‘tkazilgan[3][4].
Ijro uslubi
tahrirKuy kichik muqaddima va 3 qismdan iborat. 6/8 oʻlchovli gul ufori usulida ijro etiladi. Raqs sekin va oddiy harakatlar bilan boshlanadi — oldin barmoqlar, bilaklar, yelka va keyin butun tana jonlana boshlaydi. Soʻngra birdaniga qoʻl, oyoq, tana ishtirok etadigan murakkab harakatlar ulanib ketadi. Kuyning bir qismi takrorlangan holda raqs harakatlari almashib boradi. Kuy harakteri oʻzgarishi va surʼat tezlashishi bilan raqs tobora qizgʻinlasha borib, keskin holda tamom boʻladi.
Yaratilishi
tahrirLazgining qadim tarixi olovning kashf qilinishi bilan bog‘liq bo‘lib, zardushtiylik diniga borib taqaladi. Zardushtiylikning muqaddas kitobi bo‘lmish “Avesto”da bu haqida yagona ma’lumotlarning borligi olimlar tomonidan ta’kidlangan. Xorazm xalq og‘zaki ijodida lazgining yaratilishi haqida turli xil afsona va rivoyatlar bor. Masalan, jonning tanaga kirish jarayonini ifodalishi haqida, iqlimning sovuq bo‘lganligi va olov yoqib isinish uchun turli harakatlar orqali raqsning paydo bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni lazgining yaratilishiga bog‘lashadi. Qadimgi lazgi to‘g‘risida shunday afsona bor. Inson tanasi dastlab loydan yasalib, alohida-alohida bo‘lgan ekan. Jonga ,,tanaga kir” deb buyuribdilar jon tanaga kirib birdan qo‘rqib qaytib chiqadi. ,,Kir tanaga” deb qayta buyuradilar. U ,,qo‘rqaman” debdi. Shunda ilohiydan bir kuy taralibdi. Bu kuyga maftun bo‘lgan jon tanaga qanday kirganini o‘zi bilmay qolibdi. Oldin barmoqlariga, panjalariga, bilaklariga, yelkalariga jon kirib, inson tirilibdi. Bu ilohiydan kelgan “Lazgi” kuyi ekan[5].
Turlari
tahrirHozirgi davrda Xorazmda lazgi raqsining 8 turi mavjud bo‘lib, ular:
- ,,Qayroq lazgisi”;
- ,,Dutor lazgisi”;
- ,,Surnay lazgisi”;
- ,,Masxaraboz lazgi”;
- ,,Saroy lazgi”;
- ,,Changak lazgi”;
- ,,Xiva lazgi”;
- ,,Garmon lazgi” kabi turlarini aytish mumkin.
Bulardan tashqari, XX asr oʻrtalaridan boshlab soʻz bilan ijro etiladigan, turli ijrochilar tomonidan yallali lazgilar yaratilgan: "Kimni sevar yorisan" (K. Otaniyozov), "Loyiq" (A. Otajonov va M. Rahimov), "Sani oʻzing bir yona" (O. Hayitova, B. Jumaniyozov), "Gal-gal" (B. Hamdamov), "Parang roʻmol" (O. Xudoyshukurov), "Xorazmning lazgisi" (O. Otajonov), "Oʻyna-oʻyna" (K. Rahmonov), "Ajoyib" (T. Shomurodov) va boshqalar. lazgining kuy va usulidan Sh. Ramazonov "Xorazmcha syuita"sida, M. Yusupov "Xorazm qoʻshigʻi" operasi va "Gulsanam" baletida, B. Giyenko "Xorazm mavzulariga syuita"sida, S. Yudakov "Xorazmcha bayramona yurish"ida, M. Bafoyev "Xorazmcha kaprichchio"sida unumli foydalanishgan.
Komiljon Otaniyozov
tahrirKomiljon Otaniyozov tengdosh do‘stlari Abdusharif Otajonov va Matniyoz Yusupovlar bilan o‘z davrida lazgini zamonaga mos ravishda ko‘rsatish, keyingi avlodlarga yetkazish borasida ulkan ishlarni amalga oshirganlar. 1958-yili Xorazm surnay lazgisi asosida bastakor Abdusharif Otajanov unga o‘ziga xos usul va avjlarni kiritib, shoir Xushnud Abdullaning ,,Loyiq” radifli g‘azali bilan ashula variantini ishlagan. Bundan ilhom olib lazgining cholg‘u qismiga yangi jilo berib, Komiljon Otaniyozov yuqorida nomi keltirilgan lazgiga o‘xshamagan yangi uslubda o‘ziga xos bir turini ijod qilgan. Qo‘shiqni boshlang‘ich qismiga chorlov uslubida ,,Omon-ey, omon!” degan so‘zi asosida muqaddima qilib, asosiy lirik qismiga Komil Xorazmiy so‘zlaridan foydalanib, betakror yalla variantini yaratganlar. Komiljon Otaniyozov tashabbusi bilan hamkasb do‘sti Matniyoz Yusupov tomonidan 1960-yilda nashr qilingan (I.Akbarov bilan hamkorlikda) ,,O‘zbek xalq muzikasi”ning VII tomiga Lazgi va Surnay Lazgisi kuylarining notalari kiritilgan. Lazgini keng ommaga targ‘ib qilish uchun Komiljon Otaniyozov taklifi bilan ,,Maftuningman” filmiga ,,Lazgi” raqsi kiritilgan[6].
Manbalar
tahrir- ↑ Botir Matyoqubov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Lazgi raqsi – Xorazm folklorining yuragi“. Qaraldi: 2023-yil 21-aprel.
- ↑ Xudayberganova M, Xolmoʻminov М. Хorazm “Lazgi” raqsi: paydo bo‘lish tarixi, shakllanish davri va taraqqiyot bosqichlari.
- ↑ Oriental Art and Culture, Volume 3 Issue 2. Scientific-Methodical Journal, iyun 2022.
- ↑ Matyoqubova G. Ofatijon “Lazgi”, Toshkent, 1993 — 12-bet.
- ↑ Rahimov B. Lazgi ashulasi qanday yaratilgan?, Issue 10, Volume 1, Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. ISBN 2181-1784.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Havolalar
tahrir- “Lazgi” horazmcha raqs Amerikada at Central Asian Festival in Washington DC
- Uzbek National ballet “Lazgi – Dance of Soul and Love” | Национальный балет Узбкистана «Лазги»
- Фильм "Лазги" (Lazgi)
- Dilnoza Artikova - " Lazgi - Muhabbat Va Qalb Raqsi "
- Dilnoza Artikova - Японияда Узбекистон хафталиги. Хоразмракс кизлари "Лазги"