Gaiti (Haiti), Gaiti Respublikasi (Republique d’Haiti) — Vest-Indiyadagi davlat. Katta Antil orollari guruhidagi Gaiti orolning garbiy qismini va bir qancha mayda orollar, jumladan Gonav va Tortyu orollarini oʻz ichiga oladi. Maydon 27,8 ming km2. Aholisi 7,3 mln. kishi (2000). Poytaxti — Port-o-Prens shahri. Maʼmuriy jihatdan 9 depar-tamentga, departamentlar okruglarga, okruglar esa jamoa (kommuna)larga boʻlinadi.

Gaiti Respublikasi
Repiblik d Ayiti
République d'Haïti
ShiorL'union fait la force
(Fransuzcha: Birdamlik Kuch yaratadi)
Madhiya: La Dessalinienne
Location of Gaiti
Poytaxt Port-u-Prins
Rasmiy til(lar) Gaiti Patois
Fransuzcha
Hukumat Tranzitsiyada
• Prezident
Michel Martelly
Jean-Max Bellerive
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
1-yanvar 1804
Maydon
• Butun
27,750 km2 (147-oʻrin)
• Suv (%)
0.7
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
8,121,622 (89-oʻrin)
• Zichlik 292/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$12,850 mil. (131-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$1,582
Pul birligi Gourde (HTG)
Vaqt mintaqasi UTC–5
• Yoz (DST)
UTC–4
Qisqartma HA
Telefon prefiksi 509
Internet domeni .ht

Davlat tuzumi

tahrir

Gaiti— respublika. 1987-yil 29 martdagi referendumda maʼqullangan konstitutsiya amal kiladi. Davlat boshligʻi — prezident. U umumiy toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Yangi muddatga takror saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Milliy assambleya (ikki palatali parlament). Ijroiya hokimiyat prezidentga va bosh vazir boshchiligidagi hukumatga tegishlidir.

Tabiati

tahrir

Relyefi togʻli, hududi asosan boʻr davri va paleogen-neogen jinslardan tarkib topgan. Bu jinslar orasida yirik alyuminiy rudasi konlari bor. Iqlimi — tropik passat iqlim. Urtacha oylik temperatura 22—28°, yogʻin shamolga roʻpara yon bagʻirlarda yiliga 2000 mm dan koʻproq, shamolga teskari yon bagʻirlarda va botiklarda 500–800 mm. Kema qatnaydigan yirik daryosi — Artibonit. Gaiti janubida qimmatbaho daraxtli oʻrmonlar koʻp. Artibonit daryosi vodiysida sertikan butazor va kaktuszorlar bor. Milliy bogʻi — La-Sigadel.

Aholisi

tahrir

Aholisining 99% dan koʻprogʻi — gaitilar. 16—18-asrlarda Afrikadan keltirilgan qullarning avlodlaridir (90% negrlar, qolganlari mulatlar). Aholining 30,3% shaharlarda yashaydi. Davlat tili — fransuz tili, lekin aholining deyarli hammasi gaiti kreol tilida gaplashadi. Rasmiy din — katolik dini. Yirik shaharlari — Port-o-Prens, Kap-Aityen, Gonaiv, Leke.

Tarixi

tahrir

15-asr oxirigacha bu orolda indeys qabilalari yashagan. 1492-yil X. Kolumb ekspeditsiyasi orolni kashf etib, uni Espanola deb atagan. 17-asrda San-Kristobal orolga (Gaiti orol yaqinida) joylashib olgan fransuz qaroqchi avantyuristlari sekin-asta Espanolaning gʻarbiy kismini egallagan. 17-asr oxiridan Gaiti Fransiyaga qaram hududga aylanib, San-Domingo deb atalgan. Mahalliy xalq oq tanlilar bilan teng huquqqa ega boʻlish maqsadida 1791-yil qoʻzgʻolon koʻtardi. Fransiya mustamlakachilariga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon rahbari F. D. Tussen-L uvertyur uzoq muddatli janglardan soʻng oroldan fransuz, shuningdek ingliz va ispan mustamlakachilarini ham quvib chiqardi.

1801-yil San-Domingoda quldorlik bekor qilindi, shu yili assambleya chaqirildi, konstitutsiya qabul qilinib, F. D. Tussen- L uvertyur San-Domingoning umrbod hokimi kilib saylandi. 1802-yil Fransiya orolni oʻziga qaratishga harakat qilib koʻrdi. Ammo 1803-yil Vertye yaqinidagi jangda magʻlubiyatga uchradi. 1804-yil 1 yanvarda Mustaqillik deklaratsiyasi eʼlon qilindi. Lotin Amerikasida birinchi boʻlib mustaqillikka erishgan bu davlat yana oʻz nomi bilan Gaiti deb ataddi. 1806-yilgi konstitutsiyaga binoan, Gaiti respublika deb eʼlon qilindi. 1822-yil orolning sharqiy (ispan) qismi Gaitiga qoʻshib olindi. Gaitining sharqiy (sobiq ispan) qismi 1844-yil ajrab chiqib, mustaqil davlat — Dominikana Respublikasi tuzildi. 19-asr oxiridan Gaitiga AQSH kapitali kirib kela boshladi. 1915-yil sentabrda imzolangan bitimga muvofiq AQSH Gaiti moliyasini oʻz nazoratiga olib, mamlakatni AQSH protektoratiga aylantirdi. Mamlakatda avj olgan milliy ozodlik harakati oqibatida AQSH 1934-yilda Gaitidan oʻz askarlarini olib chiqdi. Ikkinchi jahon urushi davrida Gaiti AQSHning harbiy va xom ashyo taʼminoti bazasiga aylandi. 1957-yil oktabr saylovi natijasida hokimiyat tepasiga diktator F. Dyuvalye keldi. U barcha ilgʻor tashkilotlarni taqiqladi. 1964-yil Dyuvalye oʻzini "umrbod prezident" va "Gaiti millatining otasi" deb eʼlon qiddi. U va uning sulolasi 1986-yil boshlarigacha mamlakatni boshqardi. Diktatura agʻdarilgach, mamlakatdagi siyosiy holat beqaror boʻlib turdi. 1990-yilda saylangan prezident J. B. Aristid 1991-yil sentabr harbiy toʻntarish natijasida lavozimidan chetlatilib, mamlakatdan haydab yuborildi; 1994-yilda u yana lavozimiga tiklandi. 1995— 2000-yillarda mamlakat prezidenti Rene Preval, 2000-yildan yana J.B. Aristid. Gaiti— 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 1 yanvar — Mustaqillik kuni (1804).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalarni

tahrir

Gaitida demokratiyani tiklash harakati, 1986-yilda tuzilgan partiya; Demokratiya va oʻzgarishlar milliy fronti, 1990-yil tuzilgan; Gaiti kommunistlari birlashgan partiyasi, 1968-yil tashkil etilgan; "Lavalyas famiy" partiyasi, 1996-yil tuzilgan; Inqilobiy ilgʻor milliy partiya, 1986-yil tashkil etilgan; Gaiti xristiandemokratik partiyasi, 1978-yil tuzilgan; Gaiti mehnatkashlari muxtor kasaba markazi, 1980-yil tuzilgan; Gaiti ishchilari milliy ittifoqi, 1951-yil tashkil etilgan.

Xoʻjaligi

tahrir

Gaiti— Lotin Amerikasida iqtisodiy jihatdan eng qoloq mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligining ulushi 34%, sanoatning ulushi 13,2% ni tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligida asosiy ekin — kofe; agava, shakarqamish, paxta, sitrus ekinlar, banan, makkajoʻxori, sholi, tamaki ham ekiladi. Togʻlarida yaylov chorvachiligi rivojlangan; qoramol, echki, qoʻy boqiladi. Dengiz jonivorlari ovlanadi. Togʻlarda qimmatbaho yogʻoch tayyorlanadi.

Energetika chetdan keltiriladigan neft asosida ishlaydi. Bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiya 359 mln. kVt-soat. Yer osti boyliklaridan boksit, mis qazib chiqariladi. Oziqovqat va yengil sanoat korxonalari, qandshakar zavodlari, sizal (agava yaprogʻidan olinadigan lub tola)ni dastlabki ishlash f-kalari, sovungarlik, sholi oqlash va b. korxonalar bor. Poytaxt yaqinida dori-darmon ishlab chiqaruvchi farmatsevtika zavodi, sement korxonalari joylashgan. Miragon yaqinida glinozyom, alyuminiy oksidi zavodi bor. Asosiy sanoat markazi va dengiz porti — Port-o-Prens shahri. Temir yoʻllar uzunligi— 376 km, avtomobil yoʻllari uzunligi— 4 ming kmga yaqin, jumladan qattiq qoplamali yoʻllar — 1,5 ming km. Xalqaro aeroporti bor. Chetga, asosan kofe, boksit, sizal va qand chiqariladi. Chetdan neft mahsulotlari, gazlama, oziq-ovqat, turli mashinalar keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozi — AQSH. Pul birligi — gurd.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari

tahrir

Gaitida 7—12 yoshdagi bolalar uchun pulsiz majburiy boshlangʻich taʼlim joriy qilingan boʻlsada, aholining koʻpchiligi (62%) savodsiz. 6 yillik boshlangʻich, 7 yillik oʻrta maktablar, 3 yillik hunar-texnika, qishloq xoʻjaligi bilim yurtlari va boshqa maktablar, bir qancha kollejlar bor. 3—6 yoshli bolalar uchun maktabgacha tarbiya muassasalarining aksariyati xususiydir. Port-o-Prensda universitet va 3 oliy texnika maktabi, Milliy kutubxona (1940), Milliy muzey (1938), Gaiti xalqlari muzeyi (1949), Badiiy markaz (1944) bor.

Ilmiy tadqiqotlar muassasalarining asosiy qismi universitet tarkibida. Yetakchi ilmiy tadqiqotlar muassasalari: Ijtimoiy fanlar sohasidagi tadqiqot markazi, etnologiya, endokrinologiya institutlari. Mamlakatdagi ilmiy ishlarga Ilmiy tadqiqotlar milliy kengashi umumiy rahbarlik qiladi.

Matbuoti, radio va televideniyesi

tahrir

Gaitida bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: "Maten" ("Tong", kundalik gaz., 1908-yildan), "Moniter" ("Murabbiy", haftada 2 marta chiqadigan rasmiy gaz.), "Nuvellist" ("Xabarchi", kundalik kechki gaz., 1898-yildan), "Bukan" ("Gulxan", onda-sonda chiqadigan gaz., 1969-yildan); Gaiti matbuot agentligi — GAP hukumat axborot agentligidir (1981-yilda tuzilgan). Milliy aloqa kengashi radio-eshittirish xizmati hisoblanadi (1969-yil tashkil etilgan). Mamlakatda 33 radio va 5 telestansiya bor. Jumladan, Gaiti Milliy radiosi, "Radio Anti-Inter", "Radio Metropol" radiostyalari, "Gaiti milliy telekoʻrsatuvi" hukumat xizmati, Gaiti telekoʻrsatuvi tijorat xizmati mavjud.

Adabiyoti (fransuz tilida)

tahrir

Folklorida indeys va Gʻarbiy Afrika adabiyotining taʼsiri bor. 18—19-asrlar adabiyotida Gaiti xalqlarining mustaqillik uchun kurashi oʻz aksini topdi. Gaiti mustaqillikka erishgandan soʻng poeziya va dramaturgiya, keyinroq fransuz adabiy oqimlari taʼsirida romanchilik, publitsistika rivojlandi. Milliy ozodlik harakatining kuchayishi (1915—34) natijasida J. Rumen, J. Briyer, E. Rumer, R. Kamil kabi shoir va yozuvchilar ijodida milliy iftixor, ijtimoiy noroziliklar yangicha mazmun va uslubda, qahramonona obrazlarda talqin etildi. J. Sineas, T. Filipp, Pyer Marseley ijodida oddiy mehnatkashlar hayoti aks etdi.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng adabiy jarayonda yuksalish yuz berdi. "Qora ruda" (1956), "Dengiz hayvonining kundaligi" (1964) sheʼriy toʻplamlari (R. Depestr), "Shudring egalari" (J. Rumen), "Tangri kulgusi" (E. Sent-Aman), "Nafrat urugʻi" (A. Lyospes), "Koʻz ochib yumguncha" (J. S. Aleksis) romanlarida muxim ijtimoiy muammolar qalamga olindi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

tahrir

Gaitida indeyslarning qad. madaniyat namunalari — qoʻdda ishlangan turli sopol shakllar saqlangan. 1808—16 yillarda Kap-Aityen yaqinida La-Feryer qalʼasi va 18-asr fransuz saroylariga oʻxshash San-Susi saroyi, 1920-yillarda esa Porto-Prensda Milliy saroy kurildi. Negr va mulatlarning xalq ijodi (yogʻoch niqoblar, devoriy rasmlar) Gaiti hayoti va tabiatini sevib, uni sodda, biroq rangdor rasmlari bilan tasvirlovchi mustaqil oʻqib oʻrgangan rassomlar (F. Oben, E. Ippolit, L. Puasson) ijodiga asos boʻldi. Yogʻoch oʻymakorlari (Sh. Normil, A. Lafontan) negrlar hayotidan turli manzaralar yaratganlar.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil