Abu Sayid Mayxoniy
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
ABU SAYID MAYXONIY (Mixoniy, Mixni), Fazlulloh ibn Abulxayr Ahmad (967-1049) — tasavvufdagi sharqiy (Xuroson) maktabining asoschilaridan biri. Xuroson viloyatidagi kichik shaharcha — Mayxonada tug‘ilib, o‘sha yerda vafot etgan. Otasi soʻfiylar bilan aloqador bo‘lib, o‘g‘lini ham shu davraga boshlab kelgan. Soʻfiylar yig‘inlaridan birida A.S.M.ni shoir Qosim Bishr ibn Yasin (990 y. v.e.)ga tanishtirganlar, u A.S.M.ning soʻfiylikdagi birinchi ustozi bo‘lgan. Keyinchalik A.S.M. o‘zining vaʼz-nasihatlarida doimo uning sheʼrlaridan foydalangan. Oʻsmirlik chog‘larida A.S.M. Marvga borib, besh yil mobaynida Abu Abdulloh Muhammad al-Xisriy (983-1000 yillar oralig‘ida v.e.), so‘ngra shuncha yil Abu Bakr Abdulloh al-Qaffol (1026 y. v.e.)dan shofi’iylik fiqhi bo‘yicha ilm olgan; Saraxsda shofi’iylik faqihi Abu Ali Zoxir ibn Ahmad (999 y. v.e.) rahbarligida tafsir, hadislar va kalomni o‘rgangan. Oʻsha yerda (taxm. 997 y.) devonai Luqmon.
Saraxsiy A.S.M.ni Abul Muhammad as-Saraxsiyning xonaqohiga boshlab kelgan, u A.S.M.ni ilohiyot fanlarini tashlashga ko‘ndirgan, unga o‘zi pir bo‘lib, Mayxonaga qaytishni va faqat „Alloh“ deb zikr bajo etishni topshirgan. A.S.M. Mayxonada 15 y. Umr kechirib, shuning deyarli yetti yilini to‘liq uzlatda (yolg‘izlikda) o‘tkazib, odamlar nigohidan chetda, yarim och holda yashagan. Bu davrda u chillai maʼqus (boshini pastga qilib osilgan holda 40 kunlik ro‘za davrida zikrni bajo etish)ni mashq qilgan, uni 40 yoshga to‘lgunicha (yoxud hatto undan ham oshiq — 1016 y.gacha) bajo etgan. Oʻzining birinchi soʻfiylik xirqasini A.S.M. mashhur soʻfiy Abu Abdurrahmon as-Sulamiy (1021 y. v.e.)dan Nishopur sh.da olgan, ikkinchisini — Amulda soʻfiy Abul Abbos Ahmad b. alQassobdan olgan. Hayotining ikkinchi yarmini A.S.M. taniqli murshid sifatida o‘tkazgan. U Mayxonadagi o‘z uyida, shuningdek shahar chetidaga yolg‘iz hujrasida, baʼzan Nishopurga borganda Adanikuban mahallasida o‘zining ko‘plab muridlariga vaʼz, pandnasihatlar qilgan. A.S.M. tomonidan zikri samoga musiqa, raqslar va shahvoniy mazmundagi qo‘shiqlarni kiritilishi unga nisbatan keskin tanqid qiluvchilarning ko‘payishiga sabab bo‘ldi, u shariat yo‘lidan chekinishda va hatto ilohiyotchilar tomonidan kofirlikda ayblandi. A.S.M. xonaqohlarda yashovchi muridlari uchun axloqodobning 10 ta moddasini ishlab chiqqan birinchi soʻfiy shayxdir. Bunga qo‘shimcha tarzda u murshid uchun zarur bo‘lgan 10 ta sifatni va muridlar uchun zarur bo‘lgan 10 ta xususiyatni ko‘rsatib bergan. A.S.M. tasavvufning mahalliy maktabiga asos soldi. Uning ko‘plab avlodlari keyinchalik bu qarashlarni o‘zlari yashagan viloyat hududvdan chetga tarqata olmadilar. Bu mahalliy maktab 1154 y.gacha mavjud bo‘lib, shu yili qo‘zg‘olon ko‘targan urug‘lari butun Xurosonni talon-toroj qilganlar va Mayxonani egallagan paytda esa, A.S.M. avlodlaridan bo‘lgan 115 kishini qatl qilganlar. A.S.M. qarashlari ziddiyatli bo‘lib, „xudoning ishqi bilan mast“ soʻfiylar g‘oyasiga yaqin. „Bechoralarga xizmat qilish“ A.S.M. qarashlariga xos xususiyat edi. U malomatiya taʼlimotiga muvofiq, qalandarlik bilan xayru ehson to‘plab, shogird va muridlarining, yon-atrofidagi aholining manfaat va ehtiyojlarini qondirishni o‘ylagan. U yaratgan maktab amaliyoti Movarounnahrga ham tarqalgan.
Manbaa: Islom Ensiklopediyasi (Wayback Machine saytida 2022-09-22 sanasida arxivlangan)
© „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“
Davlat ilmiy nashriyoti, 2004