Abdulhamid Maxdum Chustiy
Abdulhamid Maxdum Chustiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1877-yil |
Vafoti |
1953-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | qozi, imom-xatib |
Abdulhamid Maxdum Chustiy (arabcha: عبد الحميد مخدوم چستي — (1877, Chust — 1953, Olmaliq) — qozi, imom-xatib.
Hayoti va faoliyati
tahrirAbdulhamid Maxdum Chustiy Namangan viloyatining Chust tumani Tepaqo‘rg‘on qishlog‘ida tavallud topgan. Dastlab o‘z qishlog‘idagi boshlang‘ich maktabda, so‘ngra Do‘zanda mahallasidagi Qozikalon masjidida, o‘n ikki yoshdan boshlab Qo‘qondagi madrasalardan birida taʼlim olgan. Keyinroq, Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘n yilga yaqin taʼlim olib, tegishli darslarni o‘qib tamomlaydi va Chustda qozi bo‘lib ish faoliyatini boshlaydi.
Abdulhamid Maxdum Chustiy to‘qmoqlik Olimxonto‘ra, toshkentlik Mulla Isoxon aʼlam, Muhammad Alizoda, avliyootalik Mulla Mubashshirxon Taroziy kabilar bilan hamnafas, maslakdosh bo‘lgan, Vatan, din va jamiyat qayg‘usida umr o‘tkazgan ulamolardandir. U 1914 va 1916-yillarda Turkiston ulamolari tashabbuslari bilan nashr etilgan „''Al-Isloh''“ jurnalida maqolalar bilan muntazam qatnashib turgan.
Keyinchalik ulamolar uchragan qatag‘onlardan qochib, Tojikistonning Dushanbe shahriga boradi va o‘sha yerda bir necha yil yashab qoladi. Dindorlikda ayblanib, 1930 va 1937-yillarda qamoqqa olinadi. Qamoqdan chiqqach, Toshkentning Oktyabr (hozirgi Olmazor) tumani Jarariq mahallasiga ko‘chib kelib, istiqomat qiladi. Diniy nazorat tashkil etilgach, do‘stlarining taklifi bilan shu yerga ishga kiradi. 1946-yil Ko‘kcha dahasidagi Shayx Zayniddin masjidiga imom-xatib etib tayinlanadi.
1947-yilda Mir Arab madrasasi mudiri Hoji Akbar Muhiddinxonov vafot etgach, uning o‘rniga tayinlanadi. Madrasaning o‘quv ishlari bo‘yicha mudiri Gʻulomjon Izomiy bilan birgalikda o‘quv dasturlari, dars jadvallari, o‘quv rejasi kabi uslubiy ishlarni yo‘lga qo‘yishda bosh bo‘ladi. 1950-yil o‘z xohishiga ko‘ra, egallab turgan lavozimidan ozod etiladi.
Abdulhamid Maxdum Chustiy Qur’on, hadis va boshqa diniy bilimlarni yaxshi egallagan edi. So‘zlari Jomiy, Fuzuliy, Navoiydan keltirilgan sheʼriy iqtiboslar bilan muzayyan, baʼzida o‘zi tamburni qo‘lga olib, g‘azalxonlik ham qilib ketaveradigan ochiq ko‘ngil, xushsuhbat kishi bo‘lgan. „Devona“ taxallusi bilan g‘azallar yozgan.
Iqtibos
tahrirMir Arab madrasasining 1951-yil bitiruvchilari orasida eng peshqadami bo‘lgan Ishoq maxdum Sottiyev o‘zining „Majmu’ot ul-axloq“ kitobida madrasaga o‘qishga borgani va u yerda ustozlar Abdulhamid Maxdum Chustiy va Muhammadxon Maxdum O‘shiydan dars olganini yozadi. „1978 yili mehnat taʼtiliga chiqib, avval Toshkentga, keyin Dushanbega samolyotda borib, Xoja Yaʼqub Charxiy masjidlariga tushdik, — deb xotirlaydi u. — Masjidda bir kecha yotib, payshanba kuni Mavlono Yaʼqub Charxiy ziyoratlariga chiqib, peshin namozini o‘sha masjidda o‘qidik… Undan keyin Xoja Yaʼqub masjidlarida yotib, ertasi Abdulhamid Mahdum Chustiy domlamizning o‘g‘illari Abduljabborxonning uylarida nonushta qildik“. Demak, Abdulhamid Maxdum Chustiyning farzandlaridan baʼzilari Dushanbe shahrida muqim yashab qolgan. Chustdagi xonadonida hozirda Abdulhamid Maxdum Chustiyning nabirasi istiqomat qiladi. Mir Arab madrasasida tahsil olgan yana bir o‘g‘li Temurxon Chustda tikuvchilik qilib umr kechirgan.
Vafoti
tahrirAbdulhamid Maxdum Chustiy 1952-yil nomaʼlum sabab bilan qamoqqa olingan va bir yil o‘tib, 1953-yilda Toshkent viloyatining Olmaliq tumanidagi qamoqxonada olamdan o‘tgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Orifiy. Moziydan sadolar. 6,18;
- Oʻzbekiston Respublikasi MDA-500, v. 45;
- Oʻzbekiston Respublikasi MDA-500, v. 45;
- Oʻzbekiston Respublikasi MDA-500, v. 45-46;
- Ishoq Maxdum Sottiyev. Xotiralar. Majm’uot ul-axloq. (qo‘lyozma) 3, 96;
- O‘zbekiston ulamolari. — T.: „Movarounnahr“, 2015, 115-116.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |