Abdulkarim al-Halabiy
Abdulkarim al-Halabiy (arabcha: عبد الكريم الحلبي – Abu Muhammad (Abu Ali) Qutbuddin Abdulkarim ibn Abdunnur ibn Munir al-Halabiy) – hadis va qiroat olimi.
Abdulkarim al-Halabiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1265-1266-yil (hijriy 663-664-yil) |
Vafoti |
milodiy 25.03.1335-yil (hijriy 30.07.735-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | hadis va qiroat olimi |
Hayoti
tahrirAbdulkarim al-Halabiy 1265-66-yillar (hijriy 663-64-yillar)da Halab shahrida tavallud topgan. Manbalarda „Ibn uxt ash-shayx Nasr ibn Sulaymon“ yoki „Ibn Umar al-Manbijiy“ degan kunyalar bilan xalq orasida tanilgani keltiriladi. Abdulkarim al-Halabiyning qori boʻlib yetishishida togʻasi Nasr ibn Sulaymon al-Manbijiyning hissasi katta boʻlib, yoshligida undan qiroat ilmini oʻrgangan. Keyinchalik ilm talabida Qohira, soʻng Damashq va Hijozga borgan Abdulkarim al-Halabiy yerdagi koʻplab olimlardan tahsil olgan. Abu Tohir Ismoil ibn Hibatulloh al-Malijiy, Safiyyuddin Halil ibn Abu Bakr al-Marogʻiy, as-Saxoviy, shayx Hasan ibn Abdulloh ar-Roshidiy, al-Kamol az-Zariyr, ash-Shotibiy kabi ustozlardan qiroat ilmini oʻrganish bilan bir qatorda, Misr, Shom, Hijoz, Damashq va boshqa mintaqalik mingdan ziyod ustozlardan hadis eshitgan. Jumladan, Misrning hanbaliy mazhabi qozi al-quzotlari Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim al-Maqdisiy, Ibn Daqiq al-Iyd, Abu-l-Hasan Ali ibn Ahmad al-Maqdisiy, Abu-l-Abbos Ahmad ibn Abdulxoliq, Zaynab bint al-Makkiy al-Harroniy, Abu Muhammad Abdulaziz al-Harroniy kabi olimlardan hadis ilmini oʻrgangan. Uning oliy isnod bilan hadis rivoyat qilgani va ustozlarining adadi ming yoki bir ming uch yuz nafar boʻlgani haqida maʼlumotlar mavjud. Koʻp marotaba haj safariga borgan. Abdulkarim al-Halabiy va Shamsuddin az-Zahabiy bir-birlaridan hadis rivoyat qilganlar. Uning shogirdlari ichidan Ibn al-Mulaqqin, Ibn Rofeʼ, Ibn Balabon, Ibn Marzuq al-Xatib va Abdulqodir al-Qurashiy kabi olimlar yetishib chiqqan. Manbalarda uning hanafiy mazhabiga mansub tavozeʼli, goʻzal axloqli shaxs boʻlgani zikr qilingan.
Asarlari
tahrir- „Al-Ihtimām bi-talxӣs kitāb al-ilmām“. Ibn Daqiq al-Iydning „Al-Ilmām bi-ahādӣs al-ahkām“ nomli asarining muxtasari;
- „Sharh sahӣh al-Buxārӣ“;
- „Al-Mavrid al-’azb al-hanӣ fi-l-kalām ’alā sӣra Abd al-Gʻanӣ“;
- Abdulgʻaniy ibn Abdulvohid al-Jammoiliyning „Ad-Durra al-muziyya fi-s-sӣra an-nabaviyya“ nomli asarining sharhi;
- „Tarӣx Misr“. Misrlik boʻlgan yoki Misrda yashagan hadis roviylarining biografiyalariga oid alifbo tartibida bitilgan asar;
- „Mu’jam ash-shuyӯx“. Muallif ustozlari biografiyasiga oid asar;
- „Al-Arbaʼӯn at-tusā’iyyāt“;
- „Al-Arbaʼӯn al-mutabāyināt“;
- „Al-Arbaʼӯn al-buldāniyya“.
Vafoti
tahrirAbdulkarim al-Halabiy 1335-yil 25-martda (hijriy 30-iyul 735-yil) Misrda vafot etgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Az-Zahabiy. Mu’jam ash-shuyӯx. – Toif: 1988. I, 412;
- Ibn Hajar. Ad-Durar al-kāmina. II, 398-399;
- Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. I, 402;
- Ali Toksarı. „Kutbüddin el-Halebî“. TDV İA. – Ankara: 2002. XXVI, 484.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |