Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof

Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof muhaddis

Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof (arabcha: عبد الوهاب بن عطاء الخفاف – Abu Nasr Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof al-Basriy) – muhaddis.

Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 819–820-yil (hijriy 204-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis

Hayoti

tahrir

Kunyasi – Abu Nasr al-Basriy. Bagʻdodda yashagan. Bani Ijl qabilasining mavlosi boʻlgani bois „al-Ijliy“ nisbasi bilan ham zikr qilinadi. „Kosib“ maʼnosini anglatuvchi „al-Xaffof“ nisbasi uning laqabi boʻlib, mazkur laqabni nima sababdan olgani nomaʼlum. Mashhur muhaddis Saʼid ibn Abu Arubaning hadislarini yaxshi bilgani, uning darslariga koʻp yillar davomida qatnagani va ustozining kitoblarini yozib olib talabalarga oʻrgatgani bilan mashhur boʻlgan. Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof, shuningdek, ustozidan hadis ham rivoyat qilgan. Humayd at-Tavil, Saʼid al-Jaziriy, Sulaymon at-Taymiy, Ibn Avn, Xolid al-Huzoiy, Savr ibn Yazid, Saʼid ibn Abu Aruba, Muhammad ibn Amr ibn Alqama, Abu Amr ibn al-Alo, Imron ibn Hudayr, Ibn Jurayj, Molik ibn Anas kabi muhaddislardan hadis oʻrgangan.

Muhaddis, yetti qi­roat imomlaridan boʻlgan Abu Amr ibn Alodan hadislar va qiroat uslubini rivoyat qilgan. Undan Ahmad ibn Hanbal, Amr an-Noqid, al-Hasan ibn Muhammad az-Zaʼfaroniy, Abbos ad-Davriy, Yahyo ibn Jaʼfar al-Barqiy, Horis ibn Abu Usoma, Yahyo ibn Maʼiyn, Amr ibn Zirora an-Naysoburiy, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ishoq, Abu Savr Ibrohim ibn Xolid al-Kalbiy, Ibrohim ibn Saʼid al-Javhariy, Ishoq ibn Mansur, Muhammad ibn Sulaymon al-Anboriy, Muhammad ibn Ahmad ibn al-Avvom al-Rayohiy, Yahyo ibn Abu Tolib kabi muhaddislar hadis rivoyat qilganlar.

Uning muhaddislar orasidagi martabasi turlicha bayon qilingan. Yahyo ibn Maʼiyn, ad-Doraqutniy, Hasan ibn Sufyon kabi muhaddislar uni ishonchli roviy ekanini maʼlum qilganlar. Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffofni yaqindan tanigan Yahyo ibn Saʼid al-Qatton ham u haqida ijobiy fikrlarni bildirgan. Imom al-Buxoriy va an-Nasoiylar uning rivoyatlarini „quvvatli emas“, deganlar. Ahmad ibn Hanbal uning rivoyatlarini zaif sanagan. Abdulmalik al-Maymaniy ham ustozi Ahmad ibn Hanbaldan rivoyat qilib, uning hadislari zaif, muztarib deb, zikr qilgan. Shamsuddin az-Zahabiy uning rivoyat qilgan hadislarini hasan darajasida qabul qilgan. Usmon ibn Abu Shayba „Abdulvahhob ibn Ato yolgʻonchi emas, biroq uning rivoyatlariga suyanib boʻlmaydi“, degan.

Vafoti

tahrir

Abdulvahhob ibn Ato al-Xaffof 819–820-yillar (hijriy 204-yil)da Bagʻdodda vafot etgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. – Bayrut: 1968. VII, 335;
  • Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. – Haydarobod: 1941-60. VI, 98;
  • Az-Zahabiy. Siyar. IX, 451-454; Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. VI, 450-452;
  • M. Yaşar Kandemir. „Abdülvehhab b. Atâ el-Haffâf“. TDV İA. -İstanbul: I, 285.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.