Abdumanof ibn Qusay
Abdumanof ibn Qusay ibn Kilob
ibn Murra ibn Ka’b | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | taxminan 430-yil |
Vafoti |
milodiy yil |
Dini | Islom |
Ota-onasi |
|
Tanilgan sohasi | Paygʻambarning ota tomondan uchinchi bobosi |
Abdumanof ibn Qusay (arabcha: عبد مناف بن قصی — Abdumanof ibn Qusay ibn Kilob ibn Murra ibn Kaʼb, taxminan 430, Makka —?) — Payg‘ambarning ota tomondan uchinchi bobosi.
Abdumanofning otasi — Qusay ibn Kilob, onasi — Hubba bint Hulayldir. Qusayning to‘rt o‘g‘lidan biri sanalgan Abdumanofning asl ismi Mug‘iyra bo‘lgan. Xushsurat va chiroyli bo‘lganligidan uni Qamar deb ham atashgan. Onasi Hubba o‘g‘lini Makkadagi katta butlardan bo‘lgan Manofga atagani uchun Abdumanof ismini olgan. Jo‘mard bo‘lgani uchun qurayshiylar unga „Fayyoz“ laqabini berganlar. U hali otasi tirik vaqtidayoq katta darajalarga erishib ulgurgan.
Faoliyati
tahrirQusay Makkaning idorasi (Dor an-nadva boshqaruvi)ga aʼzo bo‘lish bilan birga, Ka’bani muhofaza qilish (sidona va hijoba), hojilarni suv va oziq-ovqat bilan taʼminlash (siqoya va rifoda), bayroqdorlik (livo) va bosh qo‘mondon (qiyoda) vazifalarini katta o‘g‘li Abduddorga topshirgan. Uning o‘limidan bir muddat o‘tib, avvaldan Abdumanof ibn Qusayning bosh bo‘lishini istagan boshqa o‘g‘illari yuqorida aytilgan vazifalarni Abduddordan olib, Abdumanof ibn Qusayga berilishini qaror qiladilar. Bu qaror qurayshiylar orasida norozilik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Qurayshning baʼzi urug‘i Abduddorni, baʼzilari esa Abdumanof ibn Qusayni qo‘llab-quvvatlaydilar. Abdumanof ibn Qusayning „Al-Mutayyibiyn“ (go‘zal ifor taratuvchilar) va Abduddorning „al-Axlof“ (qasamyod qiluvchilar) deb nomlangan tarafdorlari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqadi. Oraga tushgan kishilar, sidona va livo vazifalari va Dor an-nadva boshqaruvi Abduddorda qolishi, siqoya, rifoda va qiyoda vazifalari esa Abdumanof ibn Qusayga berilishini taʼminlagan holda ikki tomonni yarashtiradilar. Bu vazifalar Abdumanof ibn Qusay zimmasida to vafot etguniga qadar qoladi.
Farzandlari
tahrirAbdumanof ibn Qusay ikki xotinidan olti o‘g‘il, olti qiz farzand ko‘rgan. O‘g‘illari Quraysh qabilasining qo‘shni davlatlar bilan tijorati borasida shartnomalar tuzganlar. Natijada tijorat orqasidan Makkaning, umuman Quraysh qabilasining nufuz va iqtidori ortgan. Abdumanof ibn Qusaydan keyin qurayshning boshqaruvi uning o‘g‘illariga o‘tadi. Siqoya va rifoda vazifalari o‘g‘li Hoshimga, qiyoda esa Abdushamsga topshiriladi. Keyinchalik siqoya va rifoda Hoshimning ukasi Muttalibga, undan keyin jiyani va Payg‘ambarning bobosi Abdulmuttalibga o‘tgan.
Iqtibos
tahrirKaʼbaning Hijr qismidagi yozuvda Abdumanof ibn Qusayning Quraysh qabilasiga Allohdan qo‘rqishni va qarindoshlar orasida yaxshi muomalani davom ettirishni tavsiya qilgan so‘zlari aks etgan. Payg‘ambar qurayshliklarni Islomga daʼvat etgan vaqtda boshqa bobolari qatorida uning ismini ham tilga olib, „Ey Abdumanof o‘g‘illari! Allohga iymon keltirib, o‘zlaringizni qutqaringlar“, degan[1][2].
Adabiyotlar
tahrir- Ibn Ishoq. As-Sӣra. — Rabot: 1967. 47;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. — Bayrut: 1968. I, 70, 74-78, 146; III, 19;
- Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 70-73, 112, 117, 604;
- Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. 52-63;
- At-Tabariy. Tarӣx. — Leyden: 1879-1901. I, 1091-1092, 1098-1100;
- Mustafa Fayda. „Abdümenâf b. Kusay“. DV İA. — İstanbul: 1988. I, 287-288.
Manbalar
tahrir- ↑ Al-Buxoriy. Manāqib — 13-bet.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |