Abdurauf Muhamedov
Abdurauf Muhammedov (1908-yil — 1938-yil, 14-oktyabr) — XX asr oʻzbek maʼrifatparvarlaridan, Oʻrta Osiyo davlat universitetida direktor oʻrinbosari, Namangan shahar soveti raisi boʻlib ishlagan. 1938-yil qatagʻon qurboni boʻlgan.
Abdurauf Muhammedov | |
---|---|
Tavalludi |
1908-yil |
Vafoti |
1938-yil 14-oktyabr Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR |
Taʼlimi | Sharq mehnatkashlari kommunistik universiteti |
Kasbi | Namangan shahar sovet raisi |
Faoliyat yillari | 1920-1938 |
Otasi | Abdushukur Toshmuhammad oʻgʻli |
Onasi | Oyimchabibi |
Tarjimayi holi
tahrirAbdurauf Muhammedov 1908-yilda tugʻilgan. U ham akasi Abduvosiq Muhammedov kabi „Namuna“ maktabida tahsil oldi. Abdurauf mehnat faoliyatini juda erta boshlab, 1920-yil 13 yoshida meva-choy ishlab chiqarish korxonasida ishlagan. 1924—1926-yillarda esa Toshkentning eski shahar komsomol tashkiloti tuman qoʻmitasida tashkiliy boʻlim mudiri va kotibi vazifalarida ishlaydi. 1926—1927-yillarda davlat apparatini mahalliylashtirish komissiyasida mas’ul kotib, 1927—1928-yillarda esa Toshkent okrugi chakana ishlab chiqaruvchilar ittifoqi madaniyat boʻlimida mudir lavozimlarida faoliyat koʻrsatadi. Abdurauf Muhammedov 1928—1931-yillarda Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib tashkil etilgan radio markazida direktor oʻrinbosari boʻlgan.
Abdurauf Muahmmedov 1931—1932-yillarda Moskvada tahsil oladi. Moskva va Leningradga ketadiganlar guruhiga yetakchilik qiladi[1]. Moskvada oʻqish bilan bir paytda talabalar stipendiya komissiyasi raisi va Oʻzbekistonning Moskvadagi doimiy vakilining mas’ul kotibi vazifalarida ish olib borgan. Toshkentga qaytgach, 1932-yil sentyabridan 1933-yil 15-apreligacha Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) direktor oʻrinbosari boʻlgan. Keyinchalik Toshkentdan ketkazilib 1933-yil 15-aprelda Namanganning Yangi Qoʻrgʻon tumanida ijroKoʻm raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi. Tashabbuskor va intiluvchan rahbar sifatida 1936-yil 26-yanvarda Namangan shahar soveti raisi lavozimiga saylanadi.
1937-yil 2-sentyabr kuni Abdurauf Muhammedov toʻsatdan Namangan partiya qoʻmitasi tomonidan partiyadan oʻchiriladi va ishdan chetlashtiriladi. 1937-yil 14-sentyabr kuni esa qamoqqa olishga order yozib beriladi.
1937-yilning 14-oktyabr kuni oʻtkazilgan birinchi soʻroqda Abdurauf Muhammedovning oʻtmishi bilan qiziqadilar. 1937-yil 1-noyabr kungi soʻrovda Abdurauf Muhammedovning Namangandagi shahar sovetida raisligi davrida olib borgan ishlari „aksilsovet faoliyati“ deb notoʻgʻri talqin qilinadi. Uni mahalliy troitskiychi aksilinqilobiy tashkilot tuzgan deb, OʻZSSR Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64-, 67-moddalari bilan aybdor deb topadilar. Mash’um uchlik Abdurauf Muhammedovnining ishini 1938-yil 14-oktyabr kuni soat 13:55 dan 14:10 gacha koʻrib chiqadi va oʻsha kunning oʻzida hukm ijro etilib otib tashlanadi[2].
Manbalar
tahrir- ↑ Bahrom Irzayev. Turkiston jadidlarining Ko'mak tashkiloti. Toshkent islom universiteti 2016 — 8-bet. ISBN 978-9943-4825-0-0.
- ↑ Б. Ҳасанов. Tarixning noma'lum sahifalari. 7-kitob. Toshkent islom universiteti 2018 — 139-bet. ISBN 978-9943-4964-4-6.