Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod
Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod (arabcha: عبد الرحمن بن أبي الزناد — Abu Muhammad Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod al-Madaniy, 100/718,? — 174/790, Bag‘dod) — muhaddis olim.
Abu Muhammad Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod al-Madaniy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 718-yil (hijriy 100-yil) |
Vafoti |
milodiy 790-yil (hijriy 174-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis olim |
Hayoti va faoliyati
tahrirTug‘ilgan joyi maʼlum emas. Otasi — mashhur faqih, Abdulloh ibn Zakvonning Abu-z-Zinod kunyasiga muvofiq Ibn Abu-z-Zinod nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Otasi Abu-z-Zinod tobe’in, Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod esa tabaʼa-tobeʼinlardan bo‘lgan. Shamsuddin az-Zahabiy uni oltinchi tabaqa olimlaridan, deb zikr qilgan. Rivoyatlarining aksariyati otasidan bo‘lgani bois, ilk tahsilini ham undan olgani maʼlum bo‘ladi. Mashhur qiroat olimlaridan bo‘lgan Abu Jaʼfar va Nofeʼlardan taʼlim olgan. Nofeʼ qiroatiga doir asar yozgani maʼlum. Suhayl ibn Abu Solih, Hishom ibn Urva, Muso ibn Uqba kabi mashhur olimlardan rivoyatlari bor. Uning o‘zidan Saʼid ibn Mansur, Ibn Jurayj, Abu Dovud at-Tayolisiy va boshqa baʼzi hadis olimlari rivoyat qilganlar.
Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod ko‘proq hadis ilmi bilan mashg‘ul bo‘lish bilan birga, fiqhiy masalalarda ham fatvolar bergan. Hadisda siqa deb qabul qilinsa-da, baʼzi mavzularda tanqidga uchragan. Hishom ibn Urvadan rivoyat etgan hadislarida ishonchli roviy (hujjat) deb qabul qilingan, boshqa rivoyatlarida tom maʼnoda siqa deb sanalmagan. Jarh va ta’dil imomlaridan Yahyo ibn Maʼiynga ko‘ra esa, rivoyat mavzusida zaif hisoblangan. Baʼzi olimlar Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinodni Bag‘dodga ko‘chib, u yerda joylashganidan so‘ng otasidan g‘arib hadislar rivoyat etgani sababli tanqid etadilar. Uning Madinada bo‘lgan vaqtida rivoyat qilgan hadislarining sahih ekani, ammo Bag‘dodda rivoyat etganlari bag‘dodliklar tomonidan o‘zgartirilgani haqida ham so‘z yuritiladi. Bu esa uning Iroqqa ketganidan so‘ng tanqid qilinganini ko‘rsatuvchi omillardandir. Shunga qaramay, Abdurrahmon ibn Abu-z-Zinod hadis ilmida o‘rni inkor qilib bo‘lmas olimlardan hisoblanadi.
Vafoti
tahrirAbdurrahmon ibn Abu-z-Zinod yetmish to‘rt yoshida vafot etgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. — Qohira: 1349/ 1931. X, 228;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1388/1968. V, 415;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Haydarobod: 1375-77/1955-58. I, 247;
- Mücteba Uğur. „Abdurrahman b. Ebü’z-Zinâd“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 159.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |