Andoza:Wikidata image

Abdurrahmon ibn Rustam
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 784 yoki 787-yil (hijriy 167 yoki 170-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi

Mag‘ribda ibodiyya

ta’limotining imomi

Abdurrahmon ibn Rustam (arabcha: عبد الرحمن بن رستم — (? — 167/784 yoki 170/787,?) — mag‘ribda ibodiyya taʼlimotining imomi.

Shimoliy Afrikadagi ibodiyyaning besh imomlaridan biri. Shimoliy Jazoirda 160/777-yil rustamiylar deb nomlangan teokratik davlatga asos solgan. Ibodiyya taʼlimotining Abdulloh ibn Iboddan keyingi eng taniqli imomi sifatida eʼtirof etiladi.

Oilasi

tahrir

Abdurrahmon ibn Rustamning nasl-­nasabi haqida manbalarda maʼlumotlar oz. Ularda qayd etilishicha, u asli fors millatiga mansub bo‘lib, o‘sha davr­da Mag‘ribning muqaddas shahri hisoblangan Qayravonda o‘sib voyaga yetgan. Uning Mag‘ribdagi ibodiylar imomligi lavozimini o‘g‘li Abdulvahhob ibn Abdurrahmon davom ettirgan. Abdurrahmon ibn Rustamning Urva ismli qizi bo‘lgan va qizini midroriylar davlatining bo‘lajak hukmdori al-Muntasir al-Midrorga nikohlab bergan. Bu nikohdan o‘z otasini taxtdan ag‘darib vaqtinchalik midroriylar davlatiga hukmdorlik qilgan Abdurrahmon Maymun tug‘ilgan.

Imomlar beshligi

tahrir

132/750-yil Afrikada xorijiylarning qo‘zg‘oloni bostirilgandan ke­yin Iroqdagi ibodiylarning markaziy kengashi o‘zlarining Mag‘ribdagi elchisiga mag‘riblik ko‘zga ko‘ringan ibodiy imomlaridan beshtasini tanlab olib, ularni kelajakda ibodiy jamoalariga rahbarlik qila olishlari uchun yaxshilab o‘qitish va malakalarini oshirish maqsadida Basraga jo‘natishlarini buyu­radilar. Natijada kelajakda „ibodiyya taʼlimotini tarqatuvchi beshlik“ degan maqomga sazovor bo‘lgan beshta ibodiylar Basraga yuboriladi. Ular orasida Abdurrahmon ibn Rustam bilan Abu-l-Xattob ham bor edi. Ular Basrada besh yilcha taʼlim olib Basradagi ibodiyya imomi Abu Ubayd Muslimning xonadonida maxfiy yashaydilar.

Ibdoiylarning quvib chiqarilishi

tahrir

137/755-yil Tripolitaniyaga (hozirgi Liviya­ning o‘rnida joylashgan qadimiy davlat. U Leptis, Magna, Sabrata va Eya (Ea, Tripoli) shaharlaridan iborat bo‘lgan va finikiylar tomonidan asos solingan) qaytib keladilar. Tripolitaniyaga qaytish chog‘ida Abu-l-Xattob 138/756-yilda ibodiylarning butun Mag‘ribdagi birinchi (asosiy) imomi etib tayinlanadi va bir oz vaqtdan ke­yin Tripoli shahrini qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng, 140/758-yil iyunda Abu-l-Xattob ibodiylar qo‘shini bilan Qayravon shahrini qo‘lga oladi. U Qayravondan to Tunisgacha bo‘lgan hududlarga Abdurrahmon ibn Rustamni o‘zining o‘rinbosari etib tayinlaydi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, 143/761-yil avgustda abbosiylarning Misr­dagi voliysi Muhammad ibn Ash’as Qayravon shahrini xalifalikka qaytarib oladi. Bu jangda Abu-l-Xattob halok bo‘ladi. Abdurrahmon ibn Rustam esa Qayravondan qochishga muvaffaq bo‘ladi va qadimiy Rimga qarashli bo‘lgan Tiaret shahri yaqinida Toxart degan shaharni quradi. Bu shahar keyinchalik ibodiylarning siyosiy va diniy markaziga aylanadi. Bunda Abdurrahmon ibn Rustamga o‘z davrida abbosiylarga qarshi kurash olib borayotgan Barbar qabilasi yordam beradi. Ibn Xaldunning taʼkidlashicha, Abdurrahmon ibn Rustamga asli lamay, luvat, nafzav qabilalaridan bo‘lgan barbarlar qo‘shilib abbosiylarga qarshi jang qilgan. 147/765-yilda Abdurrahmon ibn Rustam ko‘p sonli barbarlardan tashkil topgan jangchilar bilan Qayravondagi abbosiylarga qarshi yurish qiladi, lekin bu yurishda u mag‘lubiyatga uchraydi. 154/771-yilda Abdurrahmon ibn Rustam o‘n besh ming barbar askarlari bilan Tobn shahriga yurish qiladi, biroq mag‘lub bo‘lib, Toxart shahriga qaytishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng, Abdurrahmon ibn Rustam tarafdorlari uni Qayravon shahrini ibodiylar markazi qilish fikridan qaytarib, Toxart shahrini ibodiylarning madaniy va maʼnaviy markaziga aylantirishga ko‘ndiradilar.

155/772-yil Afrikada xalifaning yangi vakili Yazid ibn Hotim ibodiylardan „himoyachi-imom“ unvonini olgan xorijiy Abu Hotim boshchiligidagi barbarlar qo‘shinini yakson qiladi va ibodiylarni hozirgi Tunis davlati hududidan quvib chiqaradi. Natijada Qayravon shahridan ibodiylar butkul umidlarini uzadilar.

Rustamiylar davlatining tuzilishi

tahrir

Lekin bunday talafotlar Abdurrahmon ibn Rustamning faoliyatiga unchalik taʼsir o‘tkazmaydi. Uni 161/778-yil ibodiylar Mag‘ribda o‘zlarining bosh imomlari etib tayinlaydilar. Bu hozirgi Jazoirning shimoliy qismida rustamiylar deb nomlangan teokratik davlat paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan. Imomlikka rozilik bergan Abdurrahmon ibn Rustam o‘z atrofidagi barcha yaqin kishilarni uning buyruq va amrlariga so‘zsiz itoat qilishlari uchun Allohning nomi bilan qasam ichishlarini talab qiladi. Ibodiylarning aynan Abdurrahmon ibn Rustamni imom etib saylaganlariga sabab shuki, Abdurrahmon ibn Rustam mahalliy aholi vakili bo‘lmagan va chetdan kelgan. Shu sababli, mahalliy qabilalar o‘rtasida qandaydir ziddiyat kelib chiqqan holda u o‘z qabilasiga yon bosa olmay, adolat bilan ish tutishini xohlaganlar. Ibn as-Sag‘irning taʼkidlashicha, Abdurrahmon ibn Rustam qabilalar rahbarlari bilan o‘zaro qarama-qarshi sulh tuzgan. Unga ko‘ra, Abdurrahmon ibn Rustam imomatni adolat bilan boshqargan taqdirda ular unga itoat qilishlari lozim edi.

Kamtarona hayoti

tahrir

Ibodiyya taʼlimotidagi diniy ko‘rsatmalarga muvofiq, Abdurrahmon ibn Rustam juda kamtarona hayot kechirgan. Toxartdagi ibodiylar jamoasi dastlab juda qashshoq hayot kechira boshlaydilar. Natijada Iroq ibodiylari Toxart aholisiga moddiy yordam yuborishga qaror qiladilar. Manbalarda saqlanib qolgan maʼlumotlarga ko‘ra, iroqlik elchilarning Toxartda Abdurrahmon ibn Rustam huzuriga kirib kelganlarida u loydevordan qurilgan uyining ayvonini taʼmirlayotgan edi va ishini tugatmagunicha ularga muomala qilmay o‘z ishida davom etadi. Ishni tugatgach, Abdurrahmon ibn Rustam narvondan tushib elchilarni kulcha non va issiq dumbali taom bilan siylaydi. Elchilarning taʼkidlashicha, uning hujrasida oddiy teridan to‘shalgan o‘rin va yostiq bor edi, xolos. Boshqa huj­rada esa, uning minadigan oti bor edi. Elchilar olib kelgan yeguliklarni Abdurrahmon ibn Rustam kengash tuzib, kengashning tavsiyasi bilan aholiga taqsimlab beradi. Shundan so‘ng, bir qancha vaqtdan keyin Iroqdan yana bir guruh elchilar yegulik va sovg‘a-salomlar bilan kelganlarida, uning aholisi qashshoq darajada emasligini taʼkidlab sovg‘a-salomlarni qaytarib yuboradi.

Abdurrahmon ibn Rustam Toxart shahrining iqtisodini rivojlantirish bilan bir qatorda uning xavfsizligini himoya qilishda ham katta xizmat ko‘rsatgan. U 170/787-yilda abbosiylar bilan tinchlik sulhini tuzishga muvaffaq bo‘lgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Abu-l-Fath Shahristoniy. Al-Milal va-n-nihal. — Damashq: „Al-Maktaba al-’asriyya“, 2000. II;
  2. Ali-zade, Aydin Arif ogli. Xronika Musulmanskix gosudarstv I-VII vekov xidjri. 2-ye, ispr. i dop.. — M.: „Umma“, 2007;
  3. Bosvort, Klifford Edmund. Musulmanskiye dinastii. Spravochnik po xronologii i genealogii / Per. s angl. P. A. Gryaznevicha, otv. redaktor I. P. Petrushevskiy. — M.: „Nauka“, 1971;
  4. Jyulyen, Sharl-Andre. Istoriya Severnoy Afriki. Tunis. Aljir. Marokko. Ot arabskogo zavoyevaniya do 1830 goda / yer. s fransuzskogo A.Ye. Anichkovoy. — M.: „Izdatelstvo inostrannoy literaturi“, 1961;
  5. Filshtinskiy I. M. Istoriya arabov i Xalifata (750-1517). 3-ye, ispr. i dop.. — M.: AST: „Vostok-Zapad“, 2008;
  6. M. V. Churakov. Narodnoye dvijeniye v Magribe pod znamenem xaridjizma. — M.: „Nauka“, 1990.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.