Abduvahob Azimov (1897.7.9 – Andijon – 1964.1.2) – aktyor va rejissyor, Oʻzbekiston xalq artisti (1939). Hamza bilan birga Andijon teatrini tashkil qilishda qatnashgan. Truppaning tashkiliy davrida Hamzaning "Boy ila xizmatchi", "Fargʻona fojiasi" spektakllarida rejissyorlik va aktyorlik qilgan. Andijon teatrida aktyor, rejissyor (1919–34, 1939, 1946–58), Hamza teatrida aktyor (1934–35), Olmaota uygʻur musiqali drama teatrida (1936–38), Andijon musiqali drama teatrida (1942–46) badiiy rahbar. Azimov yaratgan Solihboy (Hamza, "Boy ila xizmatchi"), tabib (F. Zafariy, "Halima"), Majididdin (Uygʻun, I. Sulton, "Alisher Navoiy") va boshqa obrazlari alohida ajralib turadi. A. hajviy harakterli rollarni zoʻr mahorat bilan oʻynagan. Mubolagʻa, mimika va sahna nutqi vositalaridan ustalik bilan foydalangan. rejissyor sifatida "Tohir va Zuhra" (Sobir Abdulla, 1941), "Nurxon" (Komil Yashin, 1942) kabi asarlarni sahnalashtirgan. A.ning Namangan va Oʻsh teatrlarini, Andijon uygʻur teatrini tashkil etishda ham hissasi bor. U Toshkentdagi Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatrining tashkilotchilaridan biri boʻlgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil