Abu Muslumtepa (Abo Muslumtepa)Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti, Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hududida joylashgan qadimgi qal’a qoldiqlari. Arxeologiya yodgorligi. Obyektning bunyod etilgan davri to‘liq aniqlanmagan. Buyuk ipak yo‘li Buxoro vohasida Abu Muslumtepa orqali Karmanaga o‘tgan.

Tarixi

tahrir

Abu Muslumtepa Qiziltepa tumani markazidan 12 km shimolda, “Qalayn-Azizon” mahalla fuqarolar yigʻini, Qalayn-Azizon shaharchasi hududida joylashgan. U Kampir devor tizimidagi nihoyatda kuchli qal’a bo‘lib, uning avvalgi nomi boshqa bo‘lgan. Arab xalifaligining sharqiy qismi — Movarounnahr va Xurosonda umaviylarga qarshi ko‘tarilgan harakat rahbari, siyosiy arbob Abo Muslim (718—755) ning Movoraunnahrdagi hukmronligi 750—755-yillarga to‘g‘ri keladi. Qal’a esa miloddan avvalgi I asrga oid hisoblanadi.

Qal’a ikki qismdan iborat bo‘lgan. Birinchi qism soqchilar xizmati va turmushi uchun mo‘ljallangan ark. Ikkinchi qismda arkka tutashib ketgan katta shahar mavjud bo‘lgan. A.Y. Yakubovskiy fikricha qal’a o‘z faoliyatining ilk davrlarida faqat mudofaa ishlari bilan cheklanib qolmagan. Bu yerda cho‘l xalqlari bilan savdo-sotiq olib borilgan.

Abu Muslim qal’asi nafaqat kichik mavze, balki Buxoro vohasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Ana shu yerdan Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘ogidan Abu Muslim kanalidan tashqari yana to‘rtta shoh ariq boshlanadi. Yana daryo o‘zani ham bor. Buxoro vohasining taqdiri aynan shu yerdan taqsimlanadigan suvga bogliq bo‘lgan.

Qal’a sharqiy janubida Abu Muslim qabristoni bo‘lib, unda ikkita yirik sag‘ana bor. Birining uzunligi 16 metr, ikkinchisi 12 metr. Birinchisi Abu Muslimga, ikkinchisi polvon Ahmadga tegishli deb hisoblanadi.

Hozirgi holati

tahrir

Abu Muslumtepa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Manbalar

tahrir