Abulgʻozixon

Xiva xoni (1643—1664)
(Abulg’ozi Bahodirxondan yoʻnaltirildi)

Abulgʻozi Bahodirxon (Urganch – Xiva) – Xiva xoni (1643—1664-yillar), shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib.

Abulgʻozi Bahodirxon
Tavalludi 1603 yil 24 avgust
Vafoti 1664
Xiva
Fuqaroligi Xiva xonligi
Bolalari Anushaxon
Otasi Arab Muhammadxon

Abulgʻozi Bahodirxonning ogʻalari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qalʼasiga qamadilar. Otasining tarafdorlari boʻlgan katta ogʻasi Asfandiyor Eronga, Abulgʻozi Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi. 1623-yilda akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, Abulgʻozi Bahodirxon Urganchga hokim qilib tayinlandi. Lekin Asfandiyorxon bilan oʻrtalarida nizo chiqib, Abulgʻozi Bahodirxon 1627-yilda qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tur-sunxon bilan birga boʻldi. Koʻp oʻtmay, turkmanlarning taklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur boʻldi. 1629-yilda turkmanlar Eronga tobe boʻlgan Niso va Durunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan choʻchib, aybni Abulgʻozi Bahodirxonga toʻnkadi va uni 1630-yil qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi. Abulgʻozi Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfahon yaqinidagi Taborak qalʼasida qamoqda yashadi. 1639-yilning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq boʻldi. Abulgʻozi Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644-yil Xiva taxtiga oʻtirdi. Abulgʻozi Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi. U 1663-yilda hokimiyatni oʻgʻli Anushaxonga topshirdi.

Tarixga oid asarlari

tahrir

Abulgʻozi Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham eʼtiborga sazovor. Uning „Shajarayi tarokima“ va „Shajarayi turk“ asarlari Oʻzbekiston, umuman Oʻrta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi.

Abulgʻozi Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid „Manofiʼul inson“ („Insonga foydali narsalar“) nomli asar ham yozgan.

Hayoti

tahrir

Mashhur adib, tarixchi olim va davlat arbobi, turkiy xalqlar shajarasining yaratuvchilaridan. Abulgʻozi Bahodirxon Xiva xoni Arabmuhammad oilasida 1603-yil 23-avgustda tugʻildi. Oʻn uch yoshligidan (1616) boshlab, toj-taxt uchun kurashlarda ishtirok etgan. Abulgʻozi 1644-yilda Xorazm taxtini egallaydi, 20 yil hukmronlik qiladi, 1664-yil aprelda vafot etadi.

Asarlari

tahrir

Abulgʻozining „Shajarayi tarokima“ va „Shajarayi turk“ nomli tarixiy asari hamda „Manofeʼul-inson“ nomli tibbiyotga oid risolasi yetib kelgan. „Manofeʼul-inson“da 120 dan ortiq xastalik, uni davolash haqida maʼlumot berilgan.

„Shajarayi tarokima“ (1661-yil) turkman xalqi ajdodlari, „Shajarayi turk“ (1663-1964-yillar) oʻzbek urugʻlari haqida yozilgan. „Shajarai turk“ toʻqqiz bobdan iborat. Tarixiy voqealar badiiy boʻyoqlar, hayotiy lavhalar orqali tasvirlangan.

Asar sharq, rus va gʻarb olimlarining ham eʼtiborini tortgan. Qozonda bir necha marta nashr etilgan (Rumyantsev nashri, 1825-yil; Sablukov nashri, 1854-yil.; Demezon nashri, 1871-yil) T. N. Demezon asarni fransuz tiliga tarjima (1871-yil) qilgan. Asar fransuz, ingliz xalqlari orasida keng tarqalgan.

„Shajarayi turk“ va „Shajarayi tarokima“ asarlari turkman, tojik, oʻzbek, moʻgʻul xalqlari tarixini yoritishda tayanch manbalardandir. B.Ahmedov, Q.Munirov, K.Yusupov, Ya. Gʻulomov, M.Yoʻldoshev kabi olimlar Abulgʻozi maʼlumotlaridan keng foydalanishgan. A. N. Kononov, A. M. Shcherbak, S. I. Ivanov kabi tilshunos olimlar Abulgʻozi asarlariga suyanishgan. O.Sharafiddinov, M.Yunusov, V.Abdullaevlar adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etishgan.

Abulgʻozi Bahodirxon asarlarining Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida bir qancha qoʻlyozma nusxalari mavjud (inv. № 7668, 1223, 4017).

Abulgʻozi Bahodirxon „Shajarayi turk“ nomli asarini qaysi vaqtda yozilganligini va boblarini koʻrsatib oʻtadi. "Tarix hijriy ming taqi yetmish toʻrt (1074/1663 yoki 1664-yil) erdikim, biz (Abdulgʻoziyxon q.m.) bu kitobni ibtido qilduq va taqi „Shajarayi turk“ teb ot qoʻydiq. Taqi toʻqqiz bob qilduq". Abulgʻozi Bahodirxon „Shajarayi turk“ asarining oʻzida keltirilgan baʼzi maʼlumotlarga qaraganda oxirigacha yozib tamomlashga ulgurmagan. Uning maʼlum qismi Abulgʻozi Bahodirxon vafotidan soʻng Mahmudiy ibn Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan yozib tamomlangan[1].

19-20-asrlarda "Shajarayi turk" ning koʻplab tanqidiy tarjimalari nashr etilgan boʻlib, zamonaviy olimlar uchun tarixiy manba boʻlib xizmat qilgan. Professional olimlar tomonidan amalga oshirilgan birinchi tanqidiy tarjima 1825-yilda Qozonda nashr etilgan. Qozonda nashr etilgan matnning turkcha tarjimasi filolog Ahmad Vefik Posho tomonidan amalga oshirilgan va dastlab 1864-yilda nashr etilgan.

Nikita Bichurin birinchi boʻlib turk xalqining epik ajdodi Oʻgʻuz-kogonning tarjimai holi bilan ajoyib oʻxshashlik borligini payqadi. Xitoy manbalarida bu modundir (ota va oʻgʻil oʻrtasidagi nizo va birinchisining oʻldirilishi, istilolarning yoʻnalishi va ketma-ketligi va boshqalar). Boshqa olimlar tomonidan tasdiqlangan bu kuzatish ilmiy adabiyotlarda Modun nomini Oʻgʻuz-kogonning epik shaxsi bilan bogʻlaydi[2]. Oʻxshashlik yanada hayratlanarli, chunki u yozilgan vaqtda Sharq yoki Gʻarb tillariga tarjima qilingan Xitoy yilnomalari yoʻq edi, Abulgʻoziy esa Sharqiy Xunlar yoki Modunlarni bilmagan boʻlishi mumkin edi.

"Shajarayi turk" ning adabiy ahamiyati shundaki, Abu al-Gʻoziy chagʻatoy adabiy tiliga forsiy taʼsiri kuchli boʻlgani uchun ochiqchasiga qarshi chiqdi. Abulgʻoziy tili Xiva oʻzbeklarining oson va sodda xalq tili boʻlib, adabiy chagʻatoy tilidan keskin farq qiladi. Abulgʻoziy uslubi, kompozitsiyalarining ilmiy xususiyatiga qaramay, ravshanligi va lugʻat boyligi bilan ajralib turadi. U oʻzbek xalq iboralari va maqollari bilan aralashib ketgan[3].

Abu al-Gʻoziyning oʻgʻli Abu al-Muzaffar Anusha Muhammad Bahodir otasi Shajarayi Turkning ishini yakunlashni Mahmud bin Mulla Muhammad Zamon Urganchga topshirdi. U 1665-yilda qurib bitkazilgan. Asarda islomiy Odam Ato va turklarning toʻngʻich oʻgʻli Oʻgʻuzxondan boshlangan turk nasabnomasi sanab oʻtilgan va uning avlodlari, jumladan Chingizxon,Shayboniylar sulolasi haqida afsonaviy maʼlumotlarni taqdim etib, moʻgʻullarning tarixiy tushunchasini yaxshi tasvirlab beradi.

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. – Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. – B. 19.
  2. Taskin V. S., Materials on the history of the Sünnu, transl., Moscow, Science, 1968, Vol. 1, p. 129
  3. „Абульгази // Литературная энциклопедия. Т. 1. — 1930 (текст)“. feb-web.ru. Qaraldi: 2022-yil 28-iyul.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Abulgʻozi. Shajarayi turk. T.: 1992;
  • Ablugʻozi Bahodurxon. Shajarai tarokima. T.: 1995.

Adabiyot

tahrir
  • Abulgʻozi, Shajarayi turk, T., 1992.