Adabi usul
Adabi usul – xalq sanʼatkorlarining oilada, hamkasblar oʻrtasida, jamiyatda oʻzini tutishi boʻyicha ogʻzaki va yozma qoidalar. Adabi usul qoidalari sozanda, xonanda, suxanpardoz, masharaboz, qiziqchi, qoʻgʻirchoqboz, dorboz, nayrangboz va boshqalarning risolalarida maʼlum darajada ifoda topgan. Ammo koʻpgina qoidalar avloddan avlodga ogʻzaki oʻtib kelgan boʻlib, shogirdlarga (shogirdlik 10 yilgacha davom etgan) kasb oʻrgatish jarayonida singdirilgan. Adabi usul sanʼatkor jamiyatning turli tabaqalariga (boyga ham, kambagʻalga ham) xizmat qila olishi, oʻz gʻururini yerga urmasligi, oʻrda adabi, Madrasa adabi, mehmonxona adabi (Yusufjon qiziq iboralari)ni bilishi, toʻy egasi, sayilboshi berganiga koʻnishi, ortiqcha tama qilmasligi, har qanday sharoitga chidab, tomoshani lozim saviyada koʻrsatishi, ustozni hurmat qilishi, hamkasblar oʻrtasida izzat-ikromni saqlay bilishi, toʻydan tushganlarni taqsim qilish chogʻida talashmasligi, nogiron, jismonan zaif kishilar ustidan kulmasligi, oʻzini pokiza, ruhan tetik olib yurishi, hech kimsaga ozor bermasligi, qoʻlidan kelganicha muhtojga yordam berish kabi qoidalarni oʻz ichiga oladi. Ogʻzaki va yozma Adabi usul qoidalariga rioya qilish truppa rahbari (kalanpo, oqsoqol), sanʼatkorlar uyushmasi boshligʻi (mehtar) hamda hukumat vakili (gʻolibboshi, mirshabboshi) tomonidan nazorat qilib turilgan. Adabi usul qoidalarini buzganlar toʻdadan haydalish, jarima toʻlash yoʻli bilan jazolangan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |