Adventistlik (lot. kelish, voqe boʻlish) - protestantlikdagi yoʻnalishlardan boʻlib, XIX asrning birinchi yarmida, AQSHda Uilyam Miller (1772-1849) asos solgan. 1831-yilda U.Miller Isoning 1843-yilda qaytishi haqida katta vaʼz qildi. Bu vaʼz hatto Yevropada ham aks-sado berdi. 1843-yil kirib kelganida esa U.Miller oʻz xulosasini biroz oʻzgartirib Isoning qaytish muddatini 1844-yilga koʻchirdi. Masih tushishi kerak boʻlgan oy va kunni, hatto joyini - Nyu-York shtatidagi togʻni ham aniq koʻrsatdi. Belgilangan kunda Miller izdoshlari oq kiyimlarga oʻranib “qiyomat togʻi”da joylashdilar. Uzoq kutishdan so'ng “paygʻambar” izdoshlarining soni kamaya boshladi, lekin koʻplar unga sodiq qoldilar. Isoning 1843-yili kelmaganining sababi esa oʻsha yili Iso yerga emas, balki “osmondagi poklanish joyi” (чистилище)ni tozalash uchun kelgan, deb talqin qilindi. 1845-yilda U. Miller va uning izdoshlari baptistlar safidan chetlashtirilganlaridan soʻng oʻzlarining “adventistlar” deb atalgan tashkilotini tuzdilar. Adventistlik taʼlimoti Iso Masihning ikkinchi marotaba qaytishi gʻoyasiga asoslanadi. Unga koʻra ikkinchi qaytish davrida faqatgina taqvodorlar (birinchi tirilish) tiriladilar va Xudo bilan osmonda 1000-yil boʻladilar. Bu davr mobaynida yerda insonlar boʻlmaydi, ular tomonidan yaratilgan jamiki narsa vayron boʻlib, yoʻq boʻlib ketadi. Shayton kishanlanadi va uning jazosi vayronaga aylangan yerda boʻladi. 1000-yildan soʻng Iso uchinchi bor yerga qaytadi, shunda jin, ajina, alvasti va shu kabilar tiriladilar (ikkinchi tirilish). Shayton esa xalqlarni yoʻldan ozdirib, ularni Isoga qarshi oxirgi jangga toʻplash uchun vaqtincha ozodlikka chiqadi. Lekin osmon olovi ularni kulga aylantiradi. Shayton va insu-jinslar abadiy yoʻq qilinadilar - bu ular uchun ikkinchi oʻlimdir. Olov bilan tozalangan Yer yangilanadi va uni taqvodorlar egallaydilar. Quddus qayta tiklanadi va odamlar abadiy rohatda baxtli hayot kechiradilar[1].

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 18-19.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.