Afgʻon dualizmi nazariyasi
Afgʻon dualizmi – afgʻon muammolarini samarali hal qilishga qaratilgan ilmiy zamonaviy nazariyalardan biri. “Afgʻon dualizmi” nazariyasining mohiyatini ikki koʻrinishda aks ettirish mumkin: Afgʻon milliy dualizmi va Afgʻon mintaqaviy dualizmi.
Afgʻon milliy dualizmi
tahrirDavlat yoki qabila boshqaruvi, unitar yoki federal, sof islomiy yoki demokratik, Sharq yoki Gʻarb modellari asosida afgʻon davlatchiligini barpo etish yuzasidan vujudga kelgan bahsli qarashlar “Afgʻon milliy dualizmi”ni koʻrsatib beradi. B.Rubin, T.Barfild, B.Hopkins, L.Vili singari taniqli ekspertlar va afgʻon olimi N.Misdoq oʻz tadqiqotlarida Afgʻoniston milliy davlatchiligining dualistik jihatlari haqida qiziqarli maʼlumotlarni uchratish mumkin.
Afgʻon mintaqaviy dualizmi
tahrirAfgʻon mintaqaviy dualizmini ushbu mamlakatni geografik mansubligi boʻyicha ikki xil yondashuvda ifodalanadi. Birinchi yondashuvga koʻra, Afgʻoniston Janubiy Osiyo mintaqasining bir qismi boʻlib, u “Af-South Asia” nazariy qarashlari bilan baholanadi. Maʼlumki, Amerika olimlarining Afgʻoniston va Pokiston davlatlarini yagona harbiy-siyosiy maydon sifatida koʻrib chiqishiga nisbatan “Af-Pak” atamasi ishlatiladi. Ushbu atama XXI asr dastlabki oʻn yilligida Qoʻshma Shtatlarning Afgʻonistondagi siyosatini nazariy jihatdan bayon etishda ilmiy doiralarda keng qoʻllanila boshlandi. Maʼlumotlarga koʻra, “Af-Pak” konsepsiyasi muallifi amerikalik diplomat Richard Xolbruk hisoblanadi. 2008-yil mart oyida R.Xolbruk Afgʻoniston va Pokistonni yagona harbiy-siyosiy maydon sifatida quyidagi sabablarga koʻra, qabul qilish zarurligini maʼlum qildi:
- 1. Afgʻoniston-Pokiston chegarasida harbiy amaliyotlarning umumiy teatri mavjudligi
- 2. Afgʻoniston va Pokistonning 1893-yil imzolangan “Dyurand chizigʻi” boʻyicha chegara muammolari hal etilmagani
- 3. Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasida ochiq chegara rejimidan (birinchi navbatda, “qabila zonasi”) “Tolibon” kuchlari va boshka terroristik tarmoqlarning foydalanishi.
Ikkinchi yondashuvga koʻra, Afgʻoniston geografik jihatdan Markaziy Osiyoning uzviy qismiga kiradi. Buni “Af-South Asia” atamasiga muqobil variant “Af-Cent Asia” atamasi bilan nomlash ilmiy mantiqqa har jihatdan toʻgʻri keladi. Mazkur konsepsiya Afgʻoniston va Markaziy Osiyoni yagona hudud sifatida belgilovchi atamadir. Hozirgi kunda Afgʻonistonni Markaziy Osiyo mintaqaviy jarayonlariga keng jalb etishga qaratilgan saʼy-harakatlar tobora kuchayib borishi natijasida ushbu atamaning dolzarb jihatlarini hisobga olish va uni ilmiy muomalada ommalashtirish maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda “Afgʻon dualizmi” nazariyasi Afgʻonistonda qarama-qarshiliklarga sabab boʻluvchi dualistik gʻoyalar va qarashlar oʻrnini oʻzaro tenglashtiruvchi va birlashtiruvchi umumeʼtirof etilgan tamoyillarga almashtirish zaruriyatini taqozo etadi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Суҳроб Бўронов. Афғонистонда тинчлик ва барқарорлик ўрнатиш жараёнларида Ўзбекистон геосиёсати.