Agroelektronika
Agroelektronika — agroaxborotlarni toʻplash va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini boshqarishga oid elektronika bilimlari va vositalari majmui. Asosiy vazifalari: qishloq xoʻjaligi boshqaruvi va hisob-kitob ishlarini kompyuter zanjirlari orqali tahlil etish; tuproqning mexanik fizik-kimyoviy parametrlarini tezkor usullarda aniqlash va ulardan amalda foydalanish; issiqxonalar, omborlar, chorvachilik ishlari va dehqonchilik mahsuloti ishlab chiqarish texnologiyasini mikroelektron asboblar yordamida boshqarish; maxsus agroelektronika qurilmalarini loyihalash va yaratish, ulardan agronomiya ishlarida kengroq foydalanish; avtomatlashgan maxsus ilmiy-texnik agroaxborot markazlarini tashkil etish va ularga xizmat koʻrsatish; Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat koʻrsatkichlarini aniqlash va tahlil qilishning tezkor usullarini yaratish; qishloq xoʻjaligi ekologiyasiga oid ishlarni oʻrganishning elektron usullarini yaratish va boshqa Asosiy maqsadi — qishloq xoʻjaligini elektronlashtirish tizimlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish. Agroelektronika mikroelektronikaning yutuqlari asosida rivojlanib, dehqonchilik ishlarini kengaytirish va hosildorlikni boshqarishda qoʻllanilmoqda. Turli mikroelektron datchiklar, elektron boshqaruv tizimlari, kompyuterlar va maxsus elektron qurilmalar agroelektronikaning texnikaviy asosini tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlarda agroelektronika qurilmalari qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida keng qoʻllanadi. Hozirgi vaqtda Agroelektronika asbobsozligiga toʻla asos yaratilgan, turli mikroelektron oʻlchov asboblari, uzoqdan turib boshqarishning yirik elektron tizimlari, qishloq xoʻjaligiga oid ilmiy-texnika axborotlarini toʻplash, saqlash va ishlov berishga doir kom-pyuterlashtirilgan murakkab tizimlar yaratilgan boʻlib, hosildorlikni oshirishda, sugʻorish tizimlarini takomillashtirishda va boshqa iqtisodiy masalalarni hal etishda ijobiy rol oʻynamoqda. Biroq, Oʻzbekistonda ommaviy tarzda qoʻllanilganicha yoʻq. Bionika qurilmalarining yaratilishi natijasida agroelektronika istiqbolda yanada rivojlanadi va hosildorlikni oldindan boshqarish va oshirish texnologiyasi yaratiladi. Bionikaga asoslangan Agroelektronika kelajak fanidir.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |