Agrokimyo, agronomik kimyotuproq va oʻsimliklardagi kimyoviy jarayonlar, oʻsimliklarning mineral oziqlanishi, oʻgʻitlar va tuproqni kimyoviy melioratsiyalash vositalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi fan. Agrokimyo qishloq xoʻjaligini kimyolashtirishning ilmiy asosini tashkil etadi. Agrokimyo oʻsimlik, tuproq va oʻgʻitlar oʻrtasidagi munosabatni, dala sharoitida oʻsimliklar oziqlanishini oʻrganadi, oʻsimliklarning oziqlanishiga eng qulay sharoit yaratish, tuproq va oʻgʻitlar tarkibidagi oziq moddalarning oʻzlashtirilish koeffitsentini oshirish maqsadida ushbu sharoitlarni oʻzgartirish yoʻllarini, shuningdek, hosildorlikni oshirishning boshqa vositalari — pestitsidlar, oʻsish stimulyatorlarini qoʻllash, tuproq unumdorligini yaxshilash va hosildorligini oshirish maqsadida kimyoviy meliorasiya vositalarini qidirib topadi. Agrokimyo fani tuproqshunoslik, dehqonchilik, oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi, qishloq xoʻjaligi mikrobiologiyasi, kimyo va fizika fanlari bilan bevosita bogʻlangan. Agrokimyoda nazariy va amaliy masalalarni oʻrganish uchun har xil tadqiqot usullari qoʻllanadi. Bularga oʻsimlik, tuproq va oʻgʻitlarni laboratoriyada kimyoviy, fizikkimyoviy tahlil qilish; oʻsimliklarda vegetatsion tajriba (vegetatsion uychalarda va issiqxonalarda) oʻtkazish; har xil tuproq-iqlim sharoitlarida oʻgʻitlar bilan dala tajribalari (oʻgʻitlarning geografik mintaqalardagi tajribalari) olib borish; xoʻjaliklarda ishlab chiqarish tajribalari oʻtkazib, olingan natijalarga iqtisodiy baho berish ishlari kiradi. Agrokimyoda oʻsimlik asosiy tadqiqot obyekti hisoblanadi. Oʻsimliklar oziqlanishini oʻrganish va oʻgʻitlar vositasida uni izga solish usullarini ishlab chiqishda har bir oʻsimlik (ekin)ning biologik va agrotexnik xususiyatlari hisobga olinadi. Agrokimyo tuproqshunoslik va tuproq mikrobiologiyasi bilan bogʻliq boʻlganligi uchun unda tuproq ham oʻrganilishi kerak. Agrokimyo tuproq tarkibidagi oziq moddalarning umumiy miqdorini, ularning oʻsimliklarga oʻtish xususiyatini, oʻgʻitlarning oʻzgarish jarayonlarini va tuproq xossasiga taʼsirini hamda oʻgʻitlarni ishlatish meʼyorini va nisbatini, ularni turli xil ekinlarga solishning ratsional muddatlari va usullarini, oʻgʻitlarni qoʻllashning tuproqni ishlash tizimlari, almashib ekish, sugʻorish tartiboti va boshqa bilan toʻgʻri qoʻshib olib borishni oʻrganadi. Agrokimyo oʻsimliklarning oziqlanishini oʻrganishi tufayli oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi bilan bogʻlangan. Oʻgʻitlarni bir shakldan ikkinchi shak-lga oʻtishi tuproqning xususiyatlariga, tuproqshunoslar, kimyogarlar va mikrobiologlar oʻrganadigan kimyoviy va mikrobiologik jarayonlarga bogʻliq. A. fan sifatida 19-asrning 40-yillarida shakllandi. Uning shakllanishida nemis kimyogari Yu. Libix (1803-1873)ning oʻsimliklarning mineral oziqlanishi haqidagi taʼlimoti muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻzbekistonda, garchi dehqonchilikda goʻng, kul, loyqa, qum, paxsa kesaklaridan oʻgʻit sifatida qadimdan foydalanib kelingan boʻlsada, Agrokimyo fani tarixi 20-asr dan boshlanadi. Birinchi agrokimyoviy tajribalarda ekinlarda oʻgʻitlarni qoʻllash masalalari R. R. Shreder, M. M., Bushuyev, I. K. Negodnoye tomonidan oʻrganilgan (1906 -1928 yillarda 121 ta tajriba oʻtkazilgan). Respublikada Agrokimyo fanini rivojlantirishda Oʻzbekiston paxtachilik instituti, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tuproqshunoslik va agrokimyo instituti (1977) katta rol oʻynadi. Agrokimyo rivojlanishi bilan respublikada mineral oʻgʻitlar sanoati taraqqiy etdi (qarang Kimyo sanoati, Kimyo instituti). Respublikada Agrokimyo fanini rivojlantirishda B. M. Isayev, M. A. Belousov, N. N. Zelenin, T. S. Zokirov, B. P. Machigin, I. N. Niyozaliyev, P. V. Protasov, T. P. Piroxunov, G. I. Yarovenko va boshqalarning ishlari muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda Tuproqshunoslik va agrokimyo institutda, qishloq xoʻjaligi oliy oʻquv yurtlaridagi Agrokimyo kafedralarida Agrokimyo masalalarini oʻrganish boʻyicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ad.: Protasov P. V., Niyozaliyev I. N.,Toirov T. 3., Paxtachilikdaagroximiya, T., 1981; Zokirov T. S, Pochvenno-agro-ximicheskiye osnovi xlopkovodstva, T., 1987. I. N. Niyozaliyev, T. 3. Toirov.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil