Agrokimyo laboratoriyasi – oʻsimlik, tuproq, oʻgʻit, zaharli kimyoviy moddalar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, yem, xashak va boshqalarni tahlil qilish yoki agrokimyodan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish uchun maxsus jihozlangan xona (bino). Agrokimyo boʻyicha maxsus tadqiqotlar oʻtkazadigan korxona, tashkilot yoki uning maxsus boʻlimi. Oʻzbekistonda oʻquv (oʻquv yurtlarida); ilmiy tadqiqot (institutlar va boshqalarda), agrokimyo xizmati tizimiga kiruvchi ishlab chiqarish Agrokimyo laboratoriyasilari mavjud. Ishlab chiqarish Agrokimyo laboratoriyalariga rahbarlikni Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tadqiqotlar markazi olib boradi. Agrokimyo laboratoriyasilari oʻz zonasidagi xoʻjaliklarni agrokimyoviy xaritagrammalar va oʻgʻitlarni qoʻllash boʻyicha tavsiyanomalar bilan taʼminlaydi. Agrokimyo laboratoriyasi har xil tabiiy zonalar tuprogʻi uchun mos oʻgʻitlar va ularning optimal ulushlarini aniqlash maqsadida dala tajribalari oʻtkazadi, yem-xashak sifatini yaxshilash va chorva mollarini ratsional oziqlantirishda tavsiyanomalar tuzish uchun oʻsimliklarni tahlil qiladi, mineral va mahalliy oʻgʻitlarning sifatini nazorat qilish maqsadida ularni tekshirishdan oʻtkazadi. Dala tajribalari, oʻsimlik va tuproq tahlili natijalariga asosan xizmat koʻrsatayotgan zonadagi tuproq oziq moddalari balansini, har xil xoʻjaliklarda va almashlab ekish dalalarda tuproq sharoitlari hamda ekin turiga qarab oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlaydi, agrokimyoviy xaritagrammalar tuzadi. Agrokimyo laboratoriyasi ishlab chiqarishida kimyoviy vositalarni qoʻllash masalalari yuzasidan targʻibot va tushuntirish ishlari olib boriladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil