Agrometeorologiya posti — kundalik meteorologik va agromete-orologik kuzatishlar olib boradigan hamda kuzatish natijalariga birlamchi ishlov beradigan muassasa. Agrometeorologiya postilarda kuzatish ishlari maxsus jihozlangan meteomaydonchalarda (5x6 m), bevosita ekinzorlarda yagona uslub hamda dastur asosida olib boriladi. Meteorologik maydonchada yil davomida har kuni tuproq yuzasidan 2 m balandlikdagi havoning harorati (qorasovuq kutiladigan bahor va kuz oylarida havoning minimal harorati yer yuzasidan 2 sm balandlikda minimal termometr yordamida) oʻlchanadi; yogʻinlar miqdori, qor qoplamining qalinligi va yer yuzasining qor bilan qoplanganlik darajasi; Agrometeorologiya hodisalarining harakteri (qor, yomgʻir, doʻl, shudring, qirov, shamol, boʻron, momaqaldiroq va hokazo) qayd qilinadi. Ekinzorlarda oʻsimliklarning oʻsishi, rivojlanishi va hosil toʻplashi boʻyicha bevosita kuzatishlar oʻgkaziladi, rivojlanish davrlari koʻringan kunlar qayd qilinadi, oʻsimlikning holati baholanadi; erta bahorda tuproq yetilgandan boshlab urugʻ unib chiqqunga qadar tuproqning urugʻ koʻmilgan hamda 20 sm chuqurlikgacha qatlami harorati oʻlchab boriladi; tuproqning yuqori qatlami holati va namlik darajasi qayd qilinadi. Agrometeorologiya posti kuzatish natijalari va ob-havo prognozoʻ asosida kundalik maʼlumot tuzadi. Kundalik va oʻn kunlik yakuniy maʼlumotlarni oʻzi biriktirilgan gidrometstansiyaga yuboradi. Meteorologik va agrometeorologik maʼlumotlardan xatarli ob-havo hodisalaridan xabardor qilish, agrotexnik tadbirlar muddatlarini belgilashda foydalaniladi. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi korxonalari ixtiyorida (idoraviy) 20 ta, „Boshgidromet“ tizimida 25 ta Agrometeorologiya posti ishlaydi (1999).

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil