Agronomiya
Agronomiya (yun. agros — dala va nomos — qonun) — dehqonchilik qonun-qoidalari haqidagi fan. Agronomiya dehqonchilikning ilmiy asosi, uning hamma sohalariga doir ilmlar majmuidir. Agronomiyaning asosiy boʻlimlari: umumiy dehqonchilik, oʻsimlikshunoslik, seleksiya, urugʻchilik, urugʻshunoslik, agrokimyo, tuproqshunoslik, agrofizika, qishloq xoʻjaligi mikrobiologiyasi, fitopatologiya, entomologiya, qishloq xoʻjaligi melioratsiyasi. Ilmiy Agronomiya oʻsimliklar fiziologiyasi, biokimyosi, qishloq xoʻjaligi meteorologiyasi, genetika, mikro-biologiya, kimyo, fizika, matematika, biofizika va boshqa tabiiy fanlarga asoslanib ish olib boradi. Agronomiya laboratoriya, vegetatsion, lizimetrik va dala tajribalarini oʻtkazib, har xil usullardan foydalanib eksperimental maʼlumotlar oladi. Agronomiya insonning amaliy faoliyati natijasida vujudga kelgan, ishlab chiqaruvchi kuchlarning oʻsishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning oʻzgarishi va tabiiy fanlarning ravnaq topishi bilan bogʻliq holda rivojlandi. Dastlab odamlar turli oʻsimliklarni oʻrganish, ularni madaniylashtirish, parvarishlash, uy hayvonlarini boqish tajribalariga asoslandi, keyinroq esa yer haydash, ekinlarni sugʻorish va parvarishlashni tuproq — iqlim sharoitiga moslab tabaqalashtirish usullarini oʻrgandi; ekinlar hayotida suv, oziq moddalarning ahamiyati va ularning ekin hosiliga taʼsiri aniqlandi. Keyinchalik kimyo, oʻsimliklar fiziologiyasi kabi fanlar taraqqiyoti Agronomiyaga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Kimyo va oʻsimliklar fiziologiyasining mustaqil fan sifatida ajralib chiqishi, nemis kimyogari Yu. Libix tomonidan oʻsimliklar mineral oziqlanishi nazariyasining yaratilishi Agronomiyaning yangi tarmogʻi — agrokimyoning rivojlanishiga, uni yanada kengroq oʻrganilishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Fransuz kimyogari J. Bussengo oʻsimliklar azotni tuproqdan oʻzlashtirishini aniqlab berdi. Dehqonchilikda shudgor (toza shudgor) tizimi oʻrnini ekinlarni navbatlab ekish tizimi egalladi. Keyinchalik dehqonchilikni kimyolashtirish (oʻgʻitlardan foydalanish, yerni ohaklash va boshqalar), oʻsimliklarni himoya qilish muvaffaqiyatli rivojlandi. Oʻsimlik, tuproq hamda oʻgʻitlar oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir mexanizmini aniqlash va undan qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini yetishtirishda foydalanish uchun amaliy tadbirlar tuzishda D. N. Pryanishnikov; oʻsimliklarning ildiz va havo oziqlanishi nazariyasini ishlab chiqishda K. A. Timiryazev; nitrifikatsiya jarayonini amalga oshiradigan bakteriyalar, atmosferadagi azotni oʻzlashtiruvchi mikroorganizmlarni aniqlashda S. N. Vinogradskiy; madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari va evolyutsiyasi haqidagi taʼlimotni hamda seleksiyaning ilmiy asoslarini yaratishda N. I. Vavilov; oʻsimliklarning geografik uzoq formalarini chatishtirish yoʻli bilan qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi forma va navlarini yaratish nazariyasini ishlab chiqqan N. V. Sitsin; bugʻdoy seleksiyasining sa-marali usullarini yaratgan V. N. Remeslo; kuzgi bugʻdoyning koʻpgina navlarini yaratgan P. P. Lukyanenko; kungaboqar seleksiyasi hamda urugʻchiligining samarali usullarini ishlab chiqqan V. S. Pustovoyt va boshqa agronomik fanlarning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshdilar. Ota-bobolarimiz qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini oshirish, bogʻdorchilik va dehqonchilik agrotexnikasini takomillashtirish ustida tinimsiz izlanish olib borganlar. Meva daraxtlari, poliz ekinlarining yangi navlarini yaratish, zararkunandalarga karshi kurash olib borish usullarini ishlab chiqqanlar. Bu fan Sharkda ziroatnoma ilmi deb atalgan. Oʻzbekistonda Agronomiya taraqqiyotida 20-30-yillarda va undan keyin tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyalari hamda ilmiy tadqiqot institutining ahamiyati katta boʻldi. Oʻzbekistonlik olimlar gʻoʻzaning 130 dan, sholining 20 dan, sabzavot va poliz ekinlarining 50 dan, meva-rezavor hamda tokning 60 dan ortiq, bedaning 15 ga yaqin navini yaratdilar va bu navlar mamlakatda hamda qoʻshni davlatlarda rayonlashtirildi. Sugʻoriladigan yerlar unumdorligini tubdan yaxshilashga qaratilgan dehqonchilikning yangi tizimi ishlab chiqildi. Sugʻorma dehqonchilikda yerni haydash, yerga ekishdan oldin va ekin qator oralariga ishlov berish kabi ishlar toʻla mexanizatsiyalashtirildi, ekinlarda uchraydigan kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashning biologik va kimyoviy usullari ishlab chiqildi. Tuproq shoʻrlanishiga qarshi agrotexnik tadbirlar, kimyoviy usullar qoʻllanilmoqda, ekinlarni yomgirlatib va tomchilatib sugʻorish usullari ishlab chiqarishga joriy etilmoqda.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |