Agrosanoat majmui
Agrosanoat majmui (ACM) — xalq xoʻjaligida qishloq xoʻjaligi xom ashyosidan aholining oziq-ovqat va xalq isteʼmoli tovarlariga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashda oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatadigan tarmoqlar, korxonalar, faoliyat turlari majmui. Agrosanoat majmui murakkab va koʻp tarmoqlidir. Uning ishlab chiqarish tuzilmasida qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi muhim ahamiyatga ega. Agrosanoat majmui 3 sohani oʻz ichiga oladi: 1) qishloq xoʻjaligi(aholining tomorqa xoʻjaligi ham kiradi) va oʻrmon xoʻjaligi; 2) qishloq xoʻjaligiga ishlab chiqarish vositalari yetkazib beradigan sanoat tarmoqlari — traktor va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, meliorativ va suv xoʻjaligi ob’ektlari qurilishi tarmoqlari, asosiy fondlar taʼmiri boʻyicha korxonalar, mineral oʻgʻit va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, biologik faol preparatlar ishlab chiqarish, ozuqa va mikrobiol. sanoati, turli idishlar (tara) tayyorlash va boshqalar; 3) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va isteʼmolchiga yetkazib berish bilan band boʻlgan tarmoqlar(tayyorlov, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish va boshqalar). Har bir tarmoq tarkibida ishlab chiqarish rivojining umumiy sharoitini taʼminlaydigan tarmoq infratuzilmalari muhim ahamiyatga ega (yoʻl-transport xoʻjaligi, moddiy texnika taʼminoti, elektr, gaz, suv taʼminoti, aloqa, omborxona elevator xoʻjaligi, ulgurji va taqsimot bazalari va boshqalar). Shuningdek, ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari, mutaxassislar va rahbar xodimlar malakasini oshirish fakultetlari, ixtisoslashgan texnikum va ishlab chiqarish texnika bilim yurtlari, tarmoq ilmiy tadqiqot instituti va laboratoriyalari, IIB, loyiha va institutlari hamda tashkilotlari, konstruktorlik byurolari, tajriba va davlat sinov stansiyalari tizimi Agrosanoat majmuini shakllantiradigan tarmoqlar qatorida turadi. Oʻzbekiston Agrosanoat majmuida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini birlamchi (un-yorma, yogʻ-moy(paxta moyidan tashqari), goʻsht, sut, meva-konserva, vinochilik sanoa-ti) va ikkilamchi (non, makaron, kondi-ter, paxta moyi, goʻsht, sut konservasi va mahsulotlari, oziq-ovqat konsentratlari) qayta ishlaydigan tarmoqlar va sohalardan iborat oziq-ovqat sanoati, texnika ekinlarini birlamchi (paxta, lub ekinlari, tamaki) va ikkilamchi (ip gazlama, toʻqimachilik sanoati, lub tolalari, tamaki-maxorka mahsulotlari) qayta ishlaydigan tarmoq va sohalarni oʻz ichiga olgan yengil sanoat muhim ahamiyatga ega. Agrosanoat majmui hududiy xususiyatlar va ishlab chiqarayotgan eng muhim pirovard mahsulotiga qarab tizimlarga boʻlinadi. Hududiy xususiyatiga koʻra mamlakat va viloyat, tuman Agrosanoat majmui mavjud. Ishlab chiqarayotgan pirovard mahsulot boʻyicha don, paxta, meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa majmuaga boʻlinadi. Oʻzbekiston tarixan rivojlangan paxtachilik, suv xoʻjaligi, mashinasozlik zavodlari, oʻgʻit va pestitsidlar ishlab chiqaradigan zavodlar, paxta tozalash korxonalari, yogʻ-ekstraksiya zavodlari, toʻqimachilik sanoati, ixtisoslashgan ilmiy muassasalarga ega. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotida ASM hissasiga yalpi mahsulotning 50% dan ortiqrogʻi, asosiy ishlab chiqarish fondlarining 40% dan ortigʻi, xalq xoʻjaligida band aholining 45% ga yaqini toʻgʻri keladi. Oʻz navbatida Respublika ASMda paxtachilik agrosanoat majmui (PASM) eng yuqori salmoqqa ega. Respublikada chorvachilik sanoat majmui Agrosanoat majmuidan keyingi oʻrinda turadi. Tolibjon Turgʻunov.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |