Agrotuproq rayonlashtirish — mintaqalarni oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishiga taʼsir koʻrsatuvchi tuproq xususiyatlari, iqlim va gidrogeologik sharoitlari, litologik-geomorfologik tuzilishi va baʼzi boshqa belgilariga (eroziya, shoʻrlanish), shuningdek qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining oʻziga xosligiga koʻra hududlarga ajratish (qarang Tuproqni rayonlashtirish). Oʻzbekistonda Agrotuproq rayonlashtirishning ilmiy asoslari 30-yillarda yaratilgan. Obikor dehqonchilik sharoitida Agrotuproq rayonlashtirish uchun tuproqlarning kelib chiqishi bilan bir qatorda shu tuproqning qachondan beri sugʻorilishi, madaniylashganlik darajasi, shuningdek eroziya, ikkilamchi shoʻrlanish, shoʻrxoklik, toshloqlik, botqoqlik kabi qishloq xoʻjaligiga noqulay holatlarning namoyon boʻlish darajasi ham hisobga olinadi. Agrotuproq rayonlashtirish qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini toʻgʻri tashkil qilish, jumladan oʻstiriladigan ekinlarni rayonlashtirish, agronomik va meliorativ tadbirlarni rejalashtirish hamda amalga oshirish, agrotexnik va sugʻorish usullarini toʻgʻri tanlash, mashinalar tizimini ishlab chiqish va hokazolar uchun zarur. Agrotuproq rayonlashtirish qoʻyilgan maqsadlarga qarab turli aniqlikda ishlab chiqiladi. Sxematik Agrotuproq rayonlashtirishda katta rayonlar ajratilib, bu yerda koʻp tarqalgan tuproq tiplari, agrotexnik va boshqa usullar samaradorligini taʼminlaydigan yaxlitlangan tabiiy koʻrsatkichlar va asosiy meliorativ tadbirlar koʻrsatiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil