Murodjon Ahmedov (1-yanvar, 1918-yil; Qoʻqon yaqinidagi Afgʻon qishlogʻi — 18-may, 1988-yil; Qoʻqon) — aktyor va xonanda (dramatik bariton). Oʻzbekiston xalq artisti (1967). Hamroqul qori, Rahmon hofizlardan ashula yoʻllarini, 3. Mir-zatovdan sahna sirlarini oʻrgangan. Qoʻqondagi yosh tomoshabinlar teatri (1933—1934), Qoʻqon (1940—1955), Fargʻona (1956—1981) teatrlarida ishlagan. Drama, musiqali drama va komediyalarda rang-barang obrazlar yaratgan. Tohir („Tohir va Zuhra“), Haydar, Ravshan („Nurxon“, „Ravshan va Zulxumor“), Bahodir („Bur-gutning parvozi“), Gʻofir („Boy ila xizmatchi“), Aziz („Aziz va Sanam“), Navroʻz („Gul va Navroʻz“), Karl Moor („Qaroqchilar“), hofiz („Oʻtkan kunlar“), Oʻktam („Kumush toʻy“) kabi jami 70 dan ortiq xilma-xil qahramonlar qiyofasini gavdalantirgan. Asar qahramonlarini jasoratli, olijanob, yuksak tuygʻular egasi qilib yorqin tasvirlagan. „Oltin vodiy kuychisi“ telefilmi va „Oʻtkan kunlar“ badiiy filmida („Oʻrtar“ni aytib) suratga tushgan. Murodjon Ahmedov maqom ustasi, baland avjlarni ham bemalol ayta oladigan kuchli, shirali ovozga ega boʻlgan. „Bu oqshom“, „Oʻrtar“, „Toza lutf“, „Bayot-3“, „Nasri Uz zol“, „Buxoro irogʻi“ kabi maqom yoʻllari, ashula va katta ashulalar Ahmedov repertuaridan oʻrin olgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil