Demografik statistika, aholi statistikasi —statistika fani tarmogʻi, aholi yoki uning alohida guruhlarining miqdori, tarkibi, joylashishi va takror barpo boʻlishi haqida statistik uslub asosida maʼlumotlar toʻplash, uni qayta ishlash va tahlil qilishni oʻrganadi. Demografik statistika aholi va demografik jarayonlar (tugʻilish, oʻlish, nikoh va ajralish, aholining takror barpo boʻlishi) haqidagi raqam koʻrsatkichlar yigʻindisidan iborat. Demografik statistika maʼlumotlaridan sotsial-demografik tadqiqotlarda foydalaniladi.

Demografik statistika aholi va demografik jarayonlar haqida maʼlumotlar toʻplashda ularning maʼlum ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot davomida miqdor va sifat jihatdan muntazam oʻzgarib borishini nazarda tutadi. Demografik statistikaning aholi roʻyxati oʻtkazish, demografik jarayonlar va migratsiyani doimiy roʻyxatga olib borish kabi ilmiy tadqiqot uslublari mavjud aholi haqidagi maʼlumotlarni umumlashtirish, guruhlash, ularni qiyoslash va demografik omillarni oʻrganish qoidalarini ham ishlab chiqadi.

Demografik statistikaning boshqa tarmoqlariga nisbatan ancha oldin paydo boʻlgan (qarang Aholi roʻyxati). Oʻzbekistonda demografik statistika, asosan, XX asrning 1-yarmidan shakllana boshlagan. 1927-yil Respublikada fuqarolik holatini qayd etish (FHDYo) byurolarining tarkib topishi demografik statistika rivojlanishiga olib keldi.

Demografik statistika maʼlumotlari dunyoning juda koʻp mamlakatlarida maxsus byulletenlarda, statistik toʻplam, jurnal va demografik yilnomalarda nashr etiladi. Dunyo aholisi va uning miqdor, sifat oʻzgarishlari BMT demografik yilnomalarida, Oʻzbekiston aholisi va demografik jarayonlari haqidagi maʼlumotlar esa Oʻzbekistan Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Statistika departamentining demografik yilnomalarida muntazam chop etiladi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil