Akan
Akan – Gana va Kot-d’Ivuar hamda Togoda yashovchi oʻzaro yaqin xalqlar (ashanti, fanti, akim, akvapim, anʼi, baule, gonja, krachi, abrong va boshqalar) guruhi. Ganada 7,76 milliondan ziyod. Kot-dʼIvuarda 2,3 mln. va Togoda 50 ming kishi yashaydi (1987). Akan va boshqa kva tillarida soʻzlashadi. Akanlarda qadimiy diniy eʼtiqodlar (animizm, ajdodlar ruhiga sigʻinish) bilan birga, katolik dini ham keng tarqalgan, musulmon sunniylar ham bor. Negroid irqiga mansub. Akanlar tarkibidagi xalqlardan biri ashanta 18-19-asrlarda bir qancha qoʻshni qabilalarni birlashtirib, Ashanti davlatini tashkil qilgan edi. 19-asrning oxirida Ashanti davlati ingliz mustamlakachilari tomonidan bosib olindi. Milliy ozodlik kurashi kuchayishi tufayli, 1957-yil Akanlarning katta bir qismi ingliz mustamlakasi asoratidan ozod boʻlib, mustaqil davlat (hozirgi Gana)ga birlashdi. Akanlar, asosan, dehqonchilik (kakao oʻstirish) bilan, ayrim tumanlarda chorvachilik (qoramol boqish) bilan shugʻullanadilar[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |