Akbar Muhiddinovich Rahimov (1949.1.1, Toshkent) — kulol, Toshkent kulollik maktabining namoyandasi. Oʻzbekiston Badiiyot akadimyasi akademik (1997), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1991). Toshkent politexnika instituti (1971) va Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (1979)ni tugatgan. R. otasi MuhiddinLirgshovdan hunar oʻrgangan; R. ijodida Toshkent kulollik maktabi anʼanalari (ayniqsa, "chizma" usuli) rivojlantirilgan hamda milliy kulollik sanʼatining koʻp asrlik yutuqlari, shaklshamoyili, rang, sir, naqshlar ijodiy oʻzlashtirilib boyitilgan. Anʼanaviy kulollikning kosagarlik va koʻzagarlik soxalarini qoʻshib olib boradi: lagan, likobcha, kuza, kosa, piyola, xumcha, guldon va boshqa; shu buyumlardan iborat tuplam (serviz)lar tayyorlaydi, yangi zamonaviy manzarali kulollik asarlari ham yaratadi: "Mashrafa" guldonlari, "Kupbarg", "Dastagul" nusxali shokosalar, "Qirgʻovul" palov servizi (1984—85), "Uchta vaza" (1990), "Shobarg", "Guli anor", "Guli uram", "Gulsafsar", "Karnaygul" laganlari, "Qushlar uyini" namoyoni (1979), "Anor sharbati" favvorasi (1982), panjara va vitrajlari (1988), moʻri (1990) va boshqa

R. 1966-yildan respublika va xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etadi, shaxsiy koʻrgazmalari tashkil etiladi. Ishlaridan namunalar respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylari, xususiy kolleksiyalarda saqlanadi. R. "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan (2000).

R.ning oʻgʻli Alisher Akbarovich (1975.24.6, Toshkent), buvasi usta Muhiddin va otasidan hunar oʻrgangan; anʼanaviy uslubda ijod qilib anʼanaviy badiiy buyumlar (koʻza, lagan, xumcha, shokosa va boshqalar)ni oʻziga xos tarzda tayyorlab, toshkent kulolligining rivojiga hissa qoʻshmoqda.

"Shuhrat" medali bilan mukofotlangan (2002).[1] "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni (2014)[2].

Manbalar

tahrir