Akkretsiya — koinot jismiga (ayrim turdagi yulduzlar, galaktikalar yadrolari va boshqalar) atrof muhitdan yoki qoʻshni obyektdan moddaning uzluksiz tushib borish jarayoni. Akkretsiya jarayoni oq mitti pulsar va qora oʻra kabi obʼyektlar uchun alohida oʻrganilgan. Kuzatuvlarga koʻra, galaktikamiz juda ham zich qoʻshaloq yulduzlarga boy va, xususan, yangi yulduz hodisasi koʻpincha aynan ularda roʻy bermoqda. Fizik va dinamik bogʻlangan qoʻshaloq yulduzning biri oddiy yulduz boʻlsa, uning sirtidan asosan vodoroddan iborat modda ikkinchi komponentga — oq mittiga tushib yigʻilib boradi. Oq mittining oʻz vodorodi allaqachon yonib tugagani, yigʻilayotgan vodorod massasi va temperaturasi esa asta oshib borishi sababli toʻsatdan termoyadro reaksiyasi sodir boʻlib, yangi yulduz hodisasi kuzatilishi mumkin. Pulsarlar atrofida esa Akkretsiya hodisasi sodir boʻlish-boʻlmasligi ularning yoshiga bogʻliq. Yosh pulsar yuqori energiyali zarrachalar manbai boʻlgani uchun unda akkretsiya yuz bermaydi. Pulsar yoshi taxminan 106-107-yilga yetgach akkretsiya roʻy bera oladi. Pulsar sirtidagi gravitatsion potensial 0,15 s2 ekanligi sababli (s — nur tezligi), agar u qoʻshaloq tizim aʼzosi boʻlsa, Akkretsiya tufayli kuchli rentgen nurlanishi vujudga keladi. Kosmik apparatlardan olib borilgan kuzatuvlar yordamida qator rentgen pulsarlari (Sep X-3, Her X-1 va boshqalar) topilgan. Qora oʻralar yaqinidagi ayrim faol jarayonlar ham akkretsiya modeli yordamida oson va toʻgʻri tushuntirilmoqda.

Umumiy holda Akkretsiya turlarini 3 sinfga ajratish mumkin: disksimon, sferik va nosimmetrik. Bular ichida disksimon akkretsiya yaxshi oʻrganilib, adabiyotda akkretsion disk atamasi tez-tez uchrab turadi. Gap shundaki, oddiy yulduzdan relyativistik yoki kompakt (zichligi katta, oʻlchami kichik) yulduzga oqib tushayotgan massa impuls momentiga ega boʻlib, u akkretsiya diskini hosil qiladi (rasm). Bu moment yoʻqolmagunga qadar akkretsiya massasi kompakt yulduzga tusha olmaydi. Shu sababli, uning atrofida aylanuvchi akkretsion disk vujudga keladi. Akkretsiya natijasi kompakt yulduzning magnit maydoniga ham bogʻliq. Diskning eng qaynoq ichki qismida issiqlik va dinamik beqarorliklari yuz beradi. Markazdan tarqalayotgan nurlanish bosimi va elektromagnit kuchlar taʼsirida akkretsiya diskining oʻqi yoʻnalishlari boʻylab moddaning harakat tezlanishi yuz beradi. Bu kuzatilayotgan faol jarayonlar sababli boʻlishi kerak. Kvazarlar va galaktikalar yadrolari faolligi ham akkretsiya diski modeli yordamida tushuntiriladi.

Manbalar

tahrir