Almaiy

Oʻzbek shoiri, tarjimon, arabshunos va xattot

Almaiy (taxallusi; asl ismi Fazlulloh Mirjalol oʻgʻli) (1851/1952-yil – Toshkent – 1894/1995-yil) – oʻzbek shoiri, tarjimon, arabshunos va xattot.

Toshkentdagi „Moʻyi Muborak“ va Buxorodagi madrasalarda tahsil koʻrgan (1866-67). Turk, fors, arab tillarini va adabiyotini, falsafa, mantiq, huquq, musiqa, tibbbiyot, xattotlik ilmini oʻrgangan. Toshkentga qaytgach, Shukurxon madrasasida mudarrislik qilgan. Erkin fikrlashi, ayrim ruhoniylar bilan ixtiloflari tufayli madrasadan ketishga majbur boʻlgan. Umri muhtojlik va qashshoklikda kechgan. Almaiy asarlari oʻsha davrda tuzilgan bayozlarda uchraydi. Ularda jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi nafrat ifodalangan, vafo, sadoqat, halollik kabi fazilatlar ulugʻlangan („Hayot“, „Yetti“, „Kelsangchi“, „Yarashur“ va boshqalar). Shoir inson barkamolligi uning ilm-maʼrifatli boʻlishida, undan oʻzgalarni ham bahramand qilishda deb bilgan, „Kalila va Dimna“ ni forschadan oʻzbekchaga tarjima qilgan. Tarjimaning har bir hikoyati mundarijasiga mos fard, masnaviy, qitʼa, ruboiylar yozib kiritgan va oʻzi nastaʼliqda koʻchirgan. Kitob Toshkentda nashr qilingan (1898, 1901, 1913). Arabcha „Sharhi Mullo“ (1879-80) ga kirgan „Avzon ul-jumu’“ („Vaznlar jam’i“) manzumasi arab sheʼriyatida qofiya sanʼatini va ayrim grammatik qoidalarni oʻrganishda muhim qoʻllanma hisoblangan. Baʼzi arab mamlakatlarida ham undan darslik sifatida foydalanilgan. Kitobning Almaiy koʻchirgan qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Toshkentning Beshyogʻoch dahasida mahalliy bolalar uchun ochilgan namuna ish maktabiga Almaiy nomi berilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir