"Alpomish oʻyinlari" festivali – Oʻzbekistonning eng yirik milliy sport oʻyinlari musobaqalari. 2 yilda bir marta oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Alpomish“ dostoni yaratilganligining 1000-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi"gi qarori (1998-yil 13 yanvar) asosida tashkil qilingan. Maqsadi – xalq oʻyinlarini keng ommalashtirish, Oʻzbekistonda Alpomish kelbatli yoshlarni koʻpaytirish, ular-ni vatanparvarlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash. Festival nizomiga koʻra, u 3 bosqichda oʻtkaziladi. 1-bosqich tumanlar miqyosida tashkil qilinadi. Tuman musobaqasi gʻoliblari 2-bosqichda viloyat musobaqalarida qatnashadilar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri musobaqalari gʻoliblari 3-bosqich – respublika final bahslarida qatnashish huquqini qoʻlga kiritadilar. „Alpomish oʻyinlari“ festivali milliy sport turi; milliy kurash (buxorocha, fargʻonacha usullar), „Turon“, kamondan oʻq otish, tosh koʻtarish, armrestling (bilak kuchi kurashi) hamda xalq oʻyinlari: „tortishmachoq“, „mindi“, „boʻron“, „elkada kurash“ boʻyicha oʻtkaziladi. Musobaqalarda 15 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan kishilar ishtirok etishi mumkin. Oilaviy jamoalarning qatnashishiga ham ruxsat beriladi. „Alpomish oʻyinlari“ festivali gʻoliblari pahlavonlik, mardlik va oriyat timsoli sifatida hurmatga sazovor boʻladilar. Birinchi „Alpomish oʻyinlari“ festivali 1998-yil 13—14-noyabrda Termiz shahridagi „Alpomish“ stadionida boʻlib oʻtdi. Unda umumjamoa hisobida Surxondaryo viloyati vakillari gʻolib chiqdi. 2-oʻrinni Andijon viloyati, 3-oʻrinni Toshkent shahri jamoasi qoʻlga kiritdi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil