Amplua
Amplua (fransuzcha emploi – „kasb“) biror aktyorga uning qiyofasi, xarakteri tufayli mos keluvchi rollar umumlashmasidir. Baʼzida sportchilarga nisbatan ham qoʻllanadi (masalan, futbolchi uchun „yarim himoyachi ampluasi“ kabi).
Amplua – aktyor imkoniyatlariga mos tushadigan rollar turkumi. Maʼlum rollarga ixtisoslashish barcha mamlakat teatrlari taraqqiyoti tarixida uchraydi. Ampluada ishlash, ayniqsa, Sharq teatriga xos. 17-asr oxiriga kelib yapon teatri (Kabuki)da Ampluaning 8 guruhi tarkib topdi. Hind teatrida esa Ampluaning 12 guruhi maydonga keldi. Maʼlum davrgacha amplua ijobiy rol oʻynagan. Ammo, keyinchalik amplua tizimi aktyorlar ijodida qolip va nusxalarni keltirib chiqardi, mumtoz dramaturgiyaning ayrim asarlari amplua doirasiga sigʻmay qoldi. Sahnada hayotni aynan aks ettirish usuli maydonga kelgach, amplua tizimi inqirozga yuz tuta boshladi. Oʻzbek teatrining shakllanish davrida aktyorlik sanʼatida Amplua mavjud edi. Aktyorlar realistik sahna qonuniyatlarini puxta oʻzlashtirgan sayin turli mazmundagi rollarni ijro etishga oʻtib, ampluadan uzoqlashdilar. Lekin har bir aktyorning sevgan rollari, oʻz ijodiy mavzui boʻladi, buni amplua bilan adashtirmaslik kerak. Amplua maydonlarda koʻrsatiladigan spektakllarda hamon ishlatiladi. Ampluaga asoslangan Sharq anʼanaviy teatri (Yaponiya, Xitoy, Hindiston) shu kunlarda ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |