Anahita Ratebzad (forscha-pushtucha: آناهیتا راتبزاد) (1931-yil noyabrda tugʻilgan – 2014-yil 7-sentyabrda vafot etgan) – afgʻonistonlik sotsialistik, marksistik-leninchi siyosatchi, Afgʻoniston Xalq Demokratik partiyasi (PDPA; Parcham fraksiyasiga mansub) aʼzosi. Babrak Karmal boshchiligidagi Inqilobiy kengash vitse-prezidenti[1]. Afgʻoniston parlamentiga saylangan birinchi ayollardan, 1980–1986-yillarda davlat rahbari oʻrinbosari lavozimida xizmat qilgan[1].

Anahita Ratebzad
آناهیتا راتبزاد
Mansab davri
1980-yil 27-dekabr – 1985-yil 24-noyabr
Prezident Babrak Karmal
Afgʻonistonning Xalq quyi palatasi aʼzosi
Mansab davri
1965 – 1969
Afgʻonistonning Yugoslaviyadagi elchisi
Mansab davri
1978-yil iyul – 1980
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1-noyabr 1931-yil
Guldara, Afgʻoniston
Vafoti 7-sentyabr 2014-yil(2014-09-07)
(82 yoshda)
Dortmund, Germaniya
Turmush oʻrtogʻi Keramuddin Kakar
Bolalari 3

Yoshlik yillari va taʼlimi

tahrir

Anahita Ratebzad 1931-yilda Kobul viloyatining Guldara shahrida tugʻilgan[2]. Otasi Omonullaxon mamlakatda olib borilishi zarur boʻlgan islohotlar tarafdori edi. Bu narsa 1929-yilgi voqealardan keyin Nodirshoh Muhammad hukmronligi davrida Omonullaxonning Eronga majburiy surgun qilinishiga olib keldi. Ratebzad va uning akasi otasiz ogʻir sharoitda oʻsgan. 15 yoshida Ratebzad oʻsha davrda xorijda tahsil olgan juda kam sonli afgʻon jarrohlaridan biri doktor Keramuddin Kakarga turmushga chiqqan. Ratebzadning oʻzi esa dastlab Kobuldagi fransuz tilida taʼlim beriluvchi Malalaï litseyida oʻqigan. 1950-yildan 1954-yilga qadar Michigan shtat universitetining hamshiralik fakultetida hamshiralik ishi boʻyicha bakalavr darajasini olgan. Kobul universiteti tibbiyot fakulteti ayollarga ushbu yoʻnalishda taʼlim olishga ruxsat bergach, Ratebzad birinchilardan boʻlib ushbu universitetga oʻqishga kirgan va u yerni 1962-yilda tamomlagan.

Ratebzadning siyosiy ishlarga aralashuvi uning eri doktor Keramuddin Kakar bilan uzoqlashishiga olib keldi. Kakar Zohirshoh Muhammadga sodiq boʻlganligi sababli Ratebzad erining siyosiy qarashlari va faoliyatini maʼqullamagan. 1973-yilda Ratebzadning oʻzi alohida boshqa uyga koʻchib oʻtgan. Ular hech qachon rasman ajralishmagan boʻlsalar ham boshqa-boshqa yashashgan va bir-birlari bilan aloqa qilishdan qochishgan. Ratebzad va Kakarning uch nafar farzandi, bir oʻgʻli va ikki qizi bor edi. Ikkala qizi ham onasining siyosiy yoʻlidan borib, Afgʻoniston Xalq Demokratik partiyasiga (XDP) aʼzo boʻlgan, oʻgʻli esa uning siyosiy faoliyati va qarorlarini tanqid qilgan.

Siyosiy hayoti

tahrir

Anahita Ratebzad 1950-yillarning oxiri va 60-yillarda Afgʻonistondagi birinchi ijtimoiy va siyosiy afgʻon faollaridan biri boʻlgan. U, shuningdek, 1957-yilda Ceylonda boʻlib oʻtgan Osiyo ayollar konferensiyasida xalqaro sahnada Afgʻoniston Qirolligi delegatsiyasi tarkibidagi birinchi afgʻon ayol edi.

Muhammad Dovud Xon bosh vazir boʻlgan davrda roʻmol oʻrash ixtiyoriy[3] boʻlganligi sababli, Ratebzad 1957-yilda bir guruh ayol hamshiralarni erkak bemorlarni davolashlari uchun Kobulning Aliobod kasalxonasiga olib borgan. Bundan koʻrinib turibdiki, oʻsha vaqtda Afgʻoniston shaharlarida ayollar yuzlari ochiq holda ishlashgan.

Anahita Ratebzad 1964-yilda Afgʻoniston ayollari demokratik tashkilotiga (DOAW – The Democratic Organization of Afghan Women) asos solgan. Tashkilot muayyan siyosiy mafkuraga amal qilmagan[4]. 2013-yilda Rahnavard Zaryab bu haqida shunday yozgan edi: „DOAW 1340-yillarda (milodiy 1960-yillar) tashkil etilgan va boshqa chet el tashkilotlari tomonidan moliyalashtirilmagan yoki qoʻllab-quvvatlanmagan tashkilotdir. Uning aʼzolari oʻz tashabbusi bilan ayollar huquqlarini targʻib qilish va himoya qilish uchun koʻngilli intellektual ayollar edi“. Zaryab DOAWni hozirgi Afgʻonistondagi ayollar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan solishtirib, „bu tashkilotlar DOAW kabi targʻibot va samaradorlikka ega emas“, deya qoʻshimcha qilgan[4]. Biroq 1978-yildagi Savr inqilobidan keyin tashkilot PDPA hukumati nazorati ostiga oʻtdi. „Xalq“ fraksiyasi hokimiyatni egallab olishi davrida tashkilotni 1978-yildan 1979-yilgacha Dilorom Mahak boshqargan. Parcham fraksiyasi hokimiyatni egallab olganidan soʻng esa Ratebzad 1980-yilda DOAWning umumiy assambleyasida DOAW raisi etib saylangan.

1965-yil 8-martda Afgʻonistonda Xalqaro xotin-qizlar kuni ilk marotaba nishonlanayotgan vaqtda Ratebzad DOAWning boshqa aʼzolari bilan birgalikda Kobulda ayollar huquqlari haqida xabardorlikni oshirish maqsadida ommaviy namoyish yaʼni norozilik marshini uyushtirgan[5].

Ratebzad soʻl partiyasi siyosatiga ham aralashgan va Xadicha Ahroriy, Masuma Esmati-Vardak va Roqiya Abubakr bilan birgalikda 1965-yilda Afgʻoniston parlamentiga saylangan birinchi toʻrt ayoldan biriga[6] aylangan. Keyinchalik, Kobul shahrining Ikkinchi okrugi deputati etib saylangan[7]. 1965-yilda Ratebzad Afgʻoniston Xalq Demokratik partiyasi (XDP) Parcham fraksiyasining bir qismi boʻlishiga yordam berdi. Xotin-qizlar huquqi haqidagi siyosiy qarashlari va marksistik siyosiy mafkurasi uni, ayniqsa, boshqa siyosiy partiyalar va kuchlar orasida juda ziddiyatli shaxsga aylantirdi. Uning Parcham fraksiyasi rahbari Babrak Karmal (Vasiliy Mitroxinning[8] soʻzlariga koʻra, u bilan ishqiy munosabatda boʻlgan) bilan yaqin aloqasi sababli Ratebzad „Karmalning bekasi“ nomi bilan tanildi. Baʼzi notoʻgʻri manbalar uni hatto Ratebzadning eri deb hisoblagan. Shundan keyin Ratebzad 1969-yilgi saylovlarda ishtirok etmagan va bu orqali parlamentdagi oʻrnini yoʻqotgan[9].

1978-yilning 28–29-aprel kunlarida Savr inqilobi davlat toʻntarishi oldidan Ratebzad Makroyandagi kvartirasida uy qamogʻida hibsga olingan. Oʻshanda Karmal Gʻulom Dastagir Panjsheriy, Nur Muhammad Tarakiy va Solih Muhammad Zeariylar ham qamoqqa olingan edi. PDPAning boshqa koʻzga koʻringan aʼzolari (Xalq va Parcham palatalari) esa bu vaqtda yashirinib olgan. PDPAning xalq palatasi hokimiyatni qoʻlga kiritib, Tarakiy prezident boʻlgach, Ratebzad Ijtimoiy ishlar vaziri etib tayinlangan va bu lavozimda toʻrt oy xizmat qilgan.

Anahita Ratebzad 1978-yil 28-mayda Kobul New Times tahririyatida shunday eʼlon bergan edi: „Ayollar haqli ravishda ega boʻlishi kerak boʻlgan imtiyozlar teng taʼlim olish huquqi, mehnat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash xizmatlari va mamlakat kelajagini qurish uchun sogʻlom avlodni tarbiyalash uchun zarur boʻlgan boʻsh vaqtdir… Xotin-qizlarni tarbiyalash va maʼrifatli qilish davlatning diqqat markazidadir“[10].

Oradan koʻp oʻtmay, Xalq va Parcham palatalari oʻrtasida yana nizo kelib chiqdi. Parchamning taniqli aʼzolari, shu jumladan, Ratebzad palata elchisi etib tayinlandi. Shundan keyin u Belgradda elchi boʻlib faoliyat yuritdi (1978–1980). Hafizulloh Amin hokimiyat tepasiga kelishi bilan Ratebzad lavozimidan chetlashtirildi, chunki Hafizulloh Amin Parcham palatasi aʼzolarini tozalash ishlarini boshlagan edi. Sovet qoʻshinlarining Afgʻonistonga bostirib kirishi va hokimiyatni Parcham palatasi qoʻlga olishi bilan Ratebzad taʼlim vaziri (1980–1981) etib tayinlandi va PDPA Siyosiy byurosining doimiy aʼzosiga aylandi. Ushbu lavozimda u bir qancha vazirliklarni, jumladan, Oliy va kasb-hunar taʼlimi, Axborot va madaniyat, Sogʻliqni saqlash vazirliklarini nazorat qilish uchun mas’ul etib tayinlandi. 1980-yil 27-dekabrdan esa Inqilobiy Kengash Prezidiumi raisining oʻrinbosari sifatida xizmat qildi[11].

1986-yilda Karmalning oʻrniga Muhammad Najibulloh tayinlanganidan soʻng[12], Ratebzad oʻz lavozimidan ozod etildi va Siyosiy byuro aʼzoligidan chiqdi. Uning oʻrniga esa DOAW rahbari Firuza Vardak tayinlandi[13].

Migratsiya, keyingi hayoti va oʻlimi

tahrir

Ratebzad Afgʻonistonda 1992-yilning may oyiga qadar qoldi. Ratebzad va uning baʼzi oila aʼzolari Afgʻonistondagi fuqarolar urushi vaqtida mamlakatdan qochishga majbur boʻlishdi. 1995-yilda esa Bolgariyaning Sofiya shahriga joʻnab ketdi. Oradan bir yil oʻtib, Germaniyaning Lünen shahridan siyosiy boshpana soʻradi va oʻsha yerga joylashdi.

Anahita Ratebzad 1985-yilda 82 yoshida buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan va Afgʻonistonga olib ketilib, Kobuldagi „Shohada-e-Saalehin“ qabristoniga dafn qilingan[14].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 „زن پیشتاز جنبش چپ افغانستان؛ تصاویری از زندگی آناهیتا راتب‌زاد“. bbc.co.uk (2014-yil 17-sentyabr). Qaraldi: 2014-yil 17-sentyabr.
  2. „Ratebzad, Anahita (1931—) | Encyclopedia.com“.
  3. Ahmed-Ghosh, Huma. "A History of Women in Afghanistan: Lessons Learnt for the Future or Yesterdays and Tomorrow: Women in Afghanistan". Journal of International Women's Studies. http://vc.bridgew.edu/cgi/viewcontent.cgi?article=1577&context=jiws. 
  4. 4,0 4,1 „رهنورد زریاب: آزادی سیاسی تنها دست‌آورد دوران جدید افغانستان است |“. 2018-yil 23-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 15-mart.
  5. „Kvinnorna i Afghanistan tog av sig slöjan redan 1959 | Internationalen“. www.internationalen.se. 2016-yil 8-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 8-mart.
  6. Klassen, Jerome. Empire's Ally: Canada and the War in Afghanistan (en). University of Toronto Press, 2013-01-10. ISBN 9781442664968. 
  7. The Kabul Times Annual, Volume 1, p121
  8. Mitrokhin. „The KGB in Afghanistan“. Woodrow Wilson International Center for Scholars (2002-yil iyul). Qaraldi: 2024-yil 13-fevral.
  9. Louis Dupree (2014) Afghanistan Princeton University Press, p653
  10. Prashad. „War Against the Planet“. ZMag (2001-yil 15-sentyabr). 2001-yil 25-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 21-mart.
  11. Clements, Frank. Conflict in Afghanistan: A Historical Encyclopedia (en). ABC-CLIO, 2003-01-01. ISBN 9781851094028. 
  12. Malkasian, Carter. War Comes to Garmser: Thirty Years of Conflict on the Afghan Frontier (en). Oxford University Press, Incorporated, 2013-01-01 — 37-bet. ISBN 9780199973750. 
  13. „Democratic Organization of Afghan Women (1965) – FREE Democratic Organization of Afghan Women (1965) information | Encyclopedia.com: Find Democratic Organization of Afghan Women (1965) research“. www.encyclopedia.com. Qaraldi: 2016-yil 8-mart.
  14. „Funeral of Dr. Anahita Ratebzad“. esalat.org. Qaraldi: 2016-yil 8-mart.