Andalib (Bulbul) (asl ismi Nurmuhammad Gʻarib; taxminan 1712-1780) — Urganchda yashab, ijod qilgan turkman shoiri. Oʻzbek va turkman tilida yozgan. Xiva madrasalarida oʻqigan. Andalib mumtoz adabiyotning gʻazal, ruboiy, murabba, muhammas, musaddas, musabba, muvashshax va boshqa janrlarida ijod qilgan. Alisher Navoiy, Fuzuliy, Jomiy gʻazallariga muhammaslar bogʻlagan. Sheʼrlarida insonning zamon, hayot bilan munosabatlari aks etgan. Xalq ogʻzaki ijodidan foydalanib, his-tuygʻularni sodda va ravon ifodalashga erishgan. 1200 misraga yaqin sheʼr hamda bir necha dostonlari bizgacha yetib kelgan. „Layli va Majnun“, „Tohir va Zuhra“, „Yusuf va Zulayho“, „Zayn ul-arab“, „Saʼd Voqqos“, „Bobo Ravshan“, „Malikai Mehrinigor“, „Oʻgʻiznoma“ kabi dostonlarida mumtoz dostonchilikning eng yaxshi xususiyatlari mujassamlashgan. „Nasimiy“ dostonida ozar shoiri Imomiddin Nasimiy hayoti va ijodi aks etgan. Boborahim Mashrabga taqlidan yozgan sheʼrlari oʻzbek va turkman xalqlarining sevimli qoʻshiqpariga aylangan. Andalib asarlarining qoʻlyozmalari va toshbosma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

As: Layli va Majnun, Oʻzbek adabiyo-ti, 4-jild, 2-kitob, T., 1960.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil