Andisha
Andisha – axloqiy tushuncha. Oʻzaro muomalada sharm-hayo, bosiqlik va muloyimlik bilan munosabatda boʻlishni talab qiladi. Andishali odam birovlarning izzat-nafsiga tegmaydi, kattalar, oqsoqollar hurmatini joyiga qoʻyadi; oʻta bosiqlik bilan fikr yuritib biror ishni hal qiladi. Andisha sharm-hayo, uyat, istihola, iffat, ibo kabi odob tushunchalari bilan uzviy bogʻliq.
Andisha (forscha oʻy, mulohaza, fikr, or-nomus, iffat, sharm-hayo, uyat, ibo, istihola, bosiqlik) – yuksak maʼnaviyatga xos, tarbiya natijasida shakllanadigan maʼnaviy-axloqiy tushuncha boʻlib, kishidagi xulq-odob, tarbiya va maʼnaviyat bilan bogʻliq sifatlarni ifoda etadi.
Andisha inson tabiatida chuqur ildiz otgan, tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladigan, ilm va hikmatga boy xalqning tafakkur bulogʻidan suv ichgan maʼnaviy hodisa. Andisha asrlar mobaynida ardoqlanib, ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib oʻtmoqda. Andisha iffat, sharm-hayo, uyat, istihola, or-nomus kabi odob-axloq tushunchalari bilan uzviy bogʻliq. Andishali inson hamisha aql-idrok va hokisorlik bilan ish yuritadi, betgachoparlik qilmaydi, oʻz xatti-harakatining oqibatini oʻylaydi. Andishali kishi hech qachon oʻzgalarning izzat-nafsiga tegmaydi, yoshi ulugʻlarning, ayollarning hurmatini joyiga qoʻyadi. Qilayotgan har bir ishiga bosiqlik bilan yondashadi, shoshma-shosharlik, oʻziboʻlarchilikka yoʻl qoʻymaydi. Andishali odamlarda oʻz xalqi va millati taqdiriga nisbatan masʼuliyat hissi yuqori boʻladi. Ular nafaqat oʻz xalqi, millati, balki boshqa xalq, millat va elatlarga ham hurmat bilan qaraydi. Bagʻrikenglik andishali odamlarga xos xususiyatlardan biri. Andishali odamlar nojoʻya harakatlardan oʻzini tiya oladi, oʻzgalarga ham nojoʻya ishlarni ravo koʻrmaydi. Hadislarda aytilganidek, andishali inson „Odam, eng avvalo, oʻzidan uyalishi kerak“ degan aqidaga amal qiladi. Hazrat Alisher Navoiy bejiz andisha, vafo va hayoni axloqiy fazilatlar ichida birinchi oʻringa qoʻymaganlar. Andishali odamlar oʻz qadr-qimmatini hamisha yuqori tutadi va boshqaga ham shuni ravo koʻradi. Andishali, or-nomusli, sharm-hayoli odamlar elim-yurtim deb yashaydi, oʻzgalarga muruvvat qilishni, yordamga muhtoj kishilarga koʻmak berish va toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻzi uchun vijdoniy burch va masʼuliyat deb biladi. Andishali kishilarda milliy gʻurur, milliy iftixor, oriyat kuchli boʻladi. Ular oʻz millati, el-ulusi manfaati va sharafini himoya qilishni katta baxt deb biladi. Andishali odamlar taʼmadan hazar qiladi, undan nafratlanadi, birovlarga qilgan yaxshiligini minnat qilmaydi, yuziga solmaydi.
Yurtimizda andisha, odob-axloq, odamiylik kabi xislatlarning qaror topishida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Usurulmaoliy Kaykovus, Yusuf Xos Hojib, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Yugnakiy, Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Avaz Oʻtar, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon singari siymolarning xizmatlari beqiyos. Mustaqillik yillarida xalqimizga xos boshqa fazilatlar kabi andisha ham milliy maʼnaviyatimizning ajralmas qismiga aylanib, haqiqiy qadr-qimmat kasb etib bormoqda[1].
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |