Anglikan cherkovi — Angliyadagi davlat cherkovi. Protestant cherkovlaridan biri. Uning diniy marosim va tashkiliy qoidalari boshqa protestant cherkovlariga qaraganda katolik cherkoviga yaqin turadi. Anglikan cherkovi 16-asrning 30-yillari 47-ingliz qiroli Genrix VIII islohotlari natijasida vujudga keldi. Islohot cherkov yerlarini oʻzlariga qaratib olishga intilgan yuqori tabaqa bilan yangi yer aristokratiyasining manfaatlarini yoqlashga qaratilgan edi. Islohotdan qirol hokimiyati manfaatdor boʻlib, asosiy maqsad Anglikan cherkovini papa taʼsiridan ajratish edi. Qirol 1534-yil oʻzini ingliz cherkovining rahbari deb eʼlon qildi, biroz vaqt oʻtgach, parlament roziligi bilan monastir yerlarini musodara qilib, yangi zodagonlarga, qirol amaldorlariga va saroy ahllariga taqsimlab berib, bir qismini sotdi. Ammo yepiskop va cherkov yerlari musodara etilmadi, cherkov yirik yer egasi sifatida qolaverdi. Endi cherkovni qirol boshqaradigan boʻldi, u yepiskopni ham, ruhoniylarni ham oʻzi tayinlar edi. 17-asr 40-yillarida Angliya inqilobi davrida Anglikan cherkovi tugatilib, oʻrniga kalvinist presviterian cherkovi dav-lat cherkovi boʻlib qoldi. Bu ingliz burjuaziyasining manfaatlariga mos edi. Styuartlar 1660-yil hokimiyatni egallagach, Anglikan cherkovi qayta tashkil etildi. Angliyadagi Anglikan cherkovidan tashqari mustaqil Anglikan cherkovi Irlandiya, Uels, Shotlandiya, Kanada, AQSH, Avstraliya va boshqa baʼzi mamlakatlarda bor. Anglikan cherkovi aʼzolarining umumiy soni 30 mln.ga yaqin.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil