Aparteid, apartxeyd (afrikaans tilida apartheid — „alohida-alohida yashash“) — irqiy kamsitishning eng ashaddiy koʻrinishi. Muayyan aholi guruhlarining ular irqiy mansubligiga qarab, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va fuqarolik huquqlaridan mahrum etishni, hududiy jihatdan yakkalatib qoʻyishgacha borishni anglatadi. Aparteidning ayrim choralari genotsid tusini olishi mumkin. Hozirgi xalqaro huquq aparteidni insoniyatga qarshi jinoyat deb hisoblaydi. 1973-yilda aparteid jinoyatlarining oldini olish va jazolash toʻgʻrisida xalqaro konvensiya qabul qilingan. Yaqingacha aparteid JARda hukmronlik qilib kelgan, asosan oq tanli fuqarolardan iborat Milliy partiyaning siyosati edi. U mamlakat aholisini irqiy alomatlarga qarab, uch qism: 1) oq tanlilar; 2) qora tanlilar, yaʼni tub afrikaliklar; 3) indeyslar va duragaylarga boʻlib boshqarish siyosatini qoʻllab keldi. „Irqiy guruhlarni ajratib joylashtirish toʻgʻrisida“gi qonunga muvofiq, aholi 74% ini tashkil etuvchi qora tanlilar uchun soxta „davlatlar“ — bantustanlar tuzildi, afrikaliklarning oq tanlilar yashovchi shaharlarda istiqomat qilishi man etildi, aparteid qoidalarini buzganlarga nisbatan qattiq jazo choralari qoʻllandi. Afrikaliklar, ularga ergashgan indeyslar hamda oq tanlilar bir qismining Afrika milliy kongressi va boshqa vatanparvarlik tashkilotlari rahbarligida aparteid siyosatiga, irqchilar zulmi va kamsitishlarga qarshi uzoq davom etgan, jahon hamjamiyati tomonidan faol qoʻllab-quvvatlangan murosasiz ommaviy chiqishlari, shu jumladan, qurolli kurashi irqchilarni chekinishga majbur etdi. Mamlakat va xalqaro maydonda yakkalanib qolgan irqchilar siyosiy islohotlar oʻtkazishga majbur boʻldi. Tinch yoʻl bilan 1994-yil aprelda oʻtkazilgan demokratik saylovlar natijasida hokimiyat mamlakat tub aholisi vakillari qoʻliga oʻtdi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil