Aqiqa
Aqiqa (arab.- „chaqaloq sochini olish, qurbonlik soʻyish“) — musul-mon oilalarida yangi tugʻilgan bolaga ism qoʻyish va „qorin sochi“ (bolaning tugʻilgandagi sochi)ga qaychi urish bilan bogʻliq odat. Johiliyat davridagi turli maʼbud va maʼbudalarga atab qilinadigan kurbonliklar oʻrniga musulmon oilasida farzand tugʻilganligining shukronasi sifatida bir qoʻy soʻyib (imkoniyatga karab) A. marosimini oʻtkazishlik joriy etilgan. Islom anʼanasida A.ni chaqaloq tugʻilgan kunning 7 yoki 14, yoxud 21 kunlari oʻtkazish tavsiya etiladi. Bu kunlarda A. oʻtkazilmay qolinsa, soʻng qaysi kun-da, qachon amalga oshirilsa ham vazifa bajarilgan hisoblanaveradi. [1]
Aqiqa qurboni farzand tugʻilgandan boshlab voyaga etguncha qilinishi mumkin, faqat ettinchi kuni qurbonlik soʻyilishi koʻproq fazilatlidir. Farzand tugʻilgach ettinchi kuni unga ism qoʻyiladi va sochini olib, chiqqan sochi ogʻirligida oltin yoki kumush sadaqa qilinadi. Aqiqa qurbonligi uchun bir qoʻy soʻyilishi etarlidir. Oʻgʻil farzand uchun ikkita qoʻy soʻyilishi kerak degan qarashlar ham mavjud.
„Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam bizlarga oʻgʻil farzand uchun ikkita, qiz farzand uchun bir qoʻyni aqiqa sifatida qurbon qilishimizni buyurdilar“ Ibn Moja, 3163-hadis.
Yana hazrati Oisha roziallohu anhumadan qilingan rivoyatga koʻra Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam nabiralari Hasan va Husanlar (r.a) tugʻilgach ettinchi kuni aqiqa qurbonligi soʻydirib, ularga ism qoʻyganlar. (Tajridi Sarih tarjimasi, XI, 401)
Islomdan avval johiliya davrida arab jamiyatida faqat oʻgʻil farzandlar uchun qurbonlik soʻyilar, qizlar uchun bunday marosim umuman oʻtkazilmas edi. Islom bunga chek qoʻyib, qiz farzandlar uchun ham eʼtibor berilishini taʼminladi.
Manbalar
tahrirhttp://uzislam.com (Wayback Machine saytida 2017-01-31 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |