Arab musiqasi — arablar musiqa madaniyati. Tarixiy ildizlari badaviy qabilalarning madaniy anʼanalari bilan bogʻliq. Qabila shoiri oʻz sheʼrlarini qoʻshiq shaklida, musiqiy ohanglarda ijro qilgan. Koʻp musiqaviy- sheʼriy janrlar kundalik hayotiymaishiy sharoit, oilaviy va diniy marosimlar bilan bogʻliq holda shakllangan: motam qoʻshiqlari — navx, marsiya, hajviy — hija, nasihat — hikma, diniy marosim qoʻshiqlari — saj. az-zar va boshqa Arab musiqasining mazkur eng oddiy turlari asosida 6-asr oxiri — 7-asr boshlarida shaklan murakkabroq, mavzu jihatidan boyroq aytim janrlari — nasb, sinad, hazaj, xanafi, ximyari, rukbani, hamriyat va boshqa vujudga kelgan.

Islomgacha boʻlgan (Johiliya davri) Arab musiqasi, asosan, „qiyan“ deb atal-mish professional qoʻshiqchi ayollar ijodida rivojlandi. Bunda arab boʻlmagan (ajam) xalqlardan chiqqan qoʻshiqchilarning hissasi katta. VII-asr boshlarida Sosoniylar davlatining siyosiy va madaniy taʼsiri kuchayishi bilan Arabiston yarim orolda Markaziy Osiyo va Eron musiqiy anʼanalari keng tarqalgan. Musiqa ijrochiligida Arabiston, Markaziy Osiyo, Eron xalqlarining torli musiqa asboblari -mizhar, barbat, muvattar, tanbur, vann, rubob, kiron, chang (sanj), puflama sozlari — nay, sur-nay, mizmar, urma cholgʻular — tab-la, dalib, daff, darabukka keng tarqalgan.

VII-asrda arab qabilalarining birlashuvi, islom dinining qabul qilinishi va ilk arab davlati (xalifalik) yuzaga kelishi arab madaniyatining oʻsishiga sabab boʻlgan. Azon aytish va Qurʼonni tilovat qilish usullari ajam musiqa ijro yoʻllarini boyitgan va, shuningdek, bu davr Arab musiqasi islom fath etgan mamlakatlar xalqlarining yuksak sanʼa-tini ijodiy oʻzlashtirish asosida rivojlangan. Professional vokal janri — „gʻina al-mutqan“ asoschilari Soib Xosir (? — 683), Noshit Forsi (8-a), Tuvays (? — 710), Ibn Misjax (? — 715), Ibn Surayj (630-726), Jamila (? — 720) va boshqa aslida Markaziy Osiyo va eronlik boʻlib, Arab musiqasi ga oʻz xalqlari musiqa sanʼati unsurlarini olib kirishgan.

IX-XI-asrlar arab madaniyati, xususan, musiqa yuksak darajaga erishdi. Markaziy Osiyo va Eron xalqlari amaliy musiqani va qadimgi yunon musiqa nazariyasini tanqidiy oʻrganish asosida buyuk mutafakkirlar Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Zayla, Abu Abdulloh Xorazmiy, „Sof birodarlar“ („Ixvon ussafo“ olimlar uyushmasi) va boshqa arab tilida musiqa ilmining yuksak namunalarini yara-tishgan. Arab musiqasi fani va estetikasining ravnaq topishida IX-asr oʻrtalarida Bagʻdodda taʼsis etilgan „Bayt ul-hikma“ („Hikmat uyi“) olimlarining tarjimonlik faoliyati ham katta rol oʻynadi.

Xurosonlik buyuk musiqachilar — Mansur Zalzal (? — 701), ota-bola Ibrohim (742-804) va Ishoq (767- 850) Mavsili, soʻgʻdlik Allaveyh (9-asr), Ziryob (10-asr) arab musiqasiga muhim hissa qoʻshgan. Arab musiqasi yangi sozlar bilan boyigan. Samarqandlik Xulays bin Axvas ixtiro etgan shohrud, Muso bin Shokir qurgan gidravlik organ (arab. „argan rumiy“), shohin, surnay musiqa amaliyotida keng qoʻlla-nilgan. Professional janrlarni ijro etishda va ilmiy tajribalar oʻtkazishda ud asosiy cholgʻu asbob boʻlib xizmat qilgan.

XII-asr oxiri — XIII-asr boshlarida Arab musiqasi Oʻn ikki maqom tizimi doirasida rivojlana boshladi. Keyingi davrda musulmon diniy musiqattg qoʻshiq janrlari — zikr, madh an-nabaviya va boshqa paydo boʻlgan. XIX-asr ikkinchi yarmi — XX-asrda arab musiqachilari milliy musiqa anʼanalarini qayta tiklashni maqsad qilib qoʻydi. Shu davrda „taxta“ ansambl-ijrochilik anʼanalari keng tarqaldi. Koʻp qismli cholgʻu janrlar — bashraf (yoki peshrav), taq-sim, samoiy, tax-mila, longa, vokal-cholgʻu turkumlar — nuba, dor, muvashshax, lirik qoʻshiq janrlari — du-bayt, layali, mauvval yangicha dunyoviy maʼno kasb etdi.

XX-asr boshlarida Yevropa simfonik va opera musiqasining ifodaviy vositalarini ijodiy oʻzlashtirishga intilish kuchaydi. Bu yoʻnalishda, ayniqsa, misrlik kompozitorlar Said Darvesh (1892-1923), Yusuf Greyz (1899-1961) katta muvaffa-qiyatga erishdi. Simfonik musiqa ustalari Rifat Garai (1924-yilt.) va Halim ad-Daba (1921-yilt.) asarlari jahondagi koʻp konsert zallarida ijro etiladi. Misrlik mashhur ashulachi Umm Kulsum ijodida zamonaviy arab qoʻshiqchiligi yuksak pogʻonaga koʻtarildi. Deyarli barcha arab mamlakatlarida oʻrta va oliy musiqa oʻquv yurtlari dasturlariga ham milliy, ham Yevropa musiqa sanʼatini oʻrganish maqsad qilib qoʻyilgan. Arab musiqasi masalalari (uning anʼanalarini saqlash va rivojlantirish vazifalari)ga bagʻishlangan qator xalqaro ilmiy kongresslar oʻtkazilgan (Qohira, 1932, 1969, Bagʻdod, 1975).

Ad.:Epʼ Said Mohamed Avad xavas, Sovremsnnaya arabskaya narodnaya pesnya, M., 1970; Yeolyan N., Ocherki arabskoy muzgki. M" 1977.

Abdumannon Nazarov