Arin-berd – Urartu davlati podshosi Argishti I tomonidan miloddan avvalgi taxminan 780 yilda bunyod etilgan qal’a xarobasi; Yerevan shahri atrofida. Arin-berdda topilgan bitiklarga koʻra, qal’aning nomi Erebuni boʻlgan (Yerevan shahrining nomi shundan olingan deb taxmin etiladi). 1950-yildan beri Arin-berdda kazishma ishlari olib boriladi. Arin-berddan devoriy rasmlari boʻlgan saroy va ibodatxonalarning xonalari ochilgan, ularda naqshlardan tashqari Urartu maʼbudlarining tasvirlari, xoʻjalik xonalari va omborxonalar, bitiklar topilgan. Qal’a urart qabilalarining Sevan koʻli tomon yurishlarida tayanch punkti boʻlib xizmat qilgan. Miloddan avvalgi 8-asr oxirida oʻzining dastlabki ahamiyatini yoʻqotgan va uning yangi davri Urartu davlati tugagandan keyingi davr (miloddan avvalgi 5-asr) bilan bogʻliq.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil