Arjasp (Avestoda Arjadaspa) – 1) Afrosiyobning nabirasi, zardushtiylikning ashaddiy dushmani. Ruinadiz (Diziruin) (Mis qasr)da yashagan. Mil. 2-asrdan eʼtiboran bu kasr Poykend nomi bilan bogʻlanadi. Arjasp Zardushtiy Gushtasp (Gistasp) Ruintan (Misbadan)ning bir necha oʻgʻillarini jangda oʻldirgach, taxtni tark etib Balxda toat-ibodat bilan mashgʻul boʻlib turgan Luhrosp (Gushtaspningotasi)ni oʻldirgan. Soʻng, Gushtaspning qizlari Ofariyn va Humoyni olib qochgancha Ruinadiz qal’asiga berkinib olgan. Gushtaspning oʻgʻli Isfandiyor qasrni zabt etib, uni oʻldirgan va singillarini qutqargan. 2) Eron afsonalarida Turondagi koʻchmanchi qabilalar (Avestoning „Yasht“ V kitobida Arjadaspa), keyingi afsonalarda zardushtiylikka qarshi boʻlgan xioniylar (eftaliylar) boshligʻi. Arjaspning podshohlar (zardushtiylar homiylari)ga qarshi urushlari Parfiya dostoni „Yodgor Zareron“da keng yoritilgan. Xioniylar podshohi Arjasp Eron podshohi Vishtasp ((qarang Gushtasp)dan oʻz dinidan voz kechishni talab qiladi, yoʻqsa urush ochishini aytadi. Vishtasp rad qilgach, dahshatli jang boʻlib, unda eronliklar Vishtaspning ukasi qoʻmondon Zarera (jangda oʻlgan) va uning oʻgʻli Bastvara boshchiligida xioniylar ustidan toʻla gʻalaba qozonadilar. Arjaspni asir olib qoʻl-oyogʻini, qulogʻini kesib, koʻzini oʻyib oʻz yurtiga qaytarib yuboradilar.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil