Aromatik birikmalar (yun. aroma – xushboʻy, muattar) – molekulasi bir yoki bir necha benzol yadrolaridan tashkil topgan organik birikmalar va ularning hosilalari. Eng oddiy vakillari – benzol (S6N6) va uning hosilalaridir. Benzol yadrosidagi qoʻshbogʻlarning oddiy bogʻlar orqali bogʻlanishidan hosil boʻlgan benzol halqalari tizimi tufayli Aromatik birikmalar aromatik xususiyat kasb etgan va shuning uchun ular alifatik birikmalar hamda alitsiklik birikmalardan katta farq qiladi. Aromatik birikmalar elektrofil va nukleofil almashinish reaksiyalari (galogenlash, nitrolash, sulfolash, alkillash, arillash va boshqalar)ga oson kirishadi. Masalan, nitrat kislota taʼsirida benzol nitrobenzolga aylanadi. Bir paytlar Aromatik birikmalar deyilganda faqat muattar tabiiy birikmalar (oʻsimliklardan olinadigan efir moylari, balzamlar, smolalar va boshqalar) tushunilardi. Bu birikmalarga „aromatik“, yaʼni xushboʻy degan nom ham oʻsha vaqtda berilgan. Hozir esa Aromatik birikmalar soʻzi oʻz maʼnosini yoʻqotgan, chunki xushboʻy birikmalar har xil sinfga kiruvchi organik birikmalar orasida ham mavjud. Koʻpchilik Aromatik birikmalar qoʻlansa yoki deyarli hidi yoʻq. XIX asr oʻrtalaridan Aromatik birikmalar kimyosi juda tez rivojlana borib, ular texnika va laboratoriya ishlarida qoʻllana boshladi. Aromatik birikmalar barqaror moddalardir. Ularni boshqa sinf birikmalaridan qatʼiy sharoitlardagina hosil qilish mumkin. Mas, benzolni 650°da atsetilendan faol koʻmir ishtirokida yoki siklogeksanni degidridlab olish mumkin. Aromatik birikmalar alifatik birikmalarni degidrotsikllash, po-limerlash yoki kondensatlash yoʻli bilan olinadi. Bu reaksiyalar aromatlash reaksiyasi deyilib, ular oʻsimlik, hayvon organizmlari va mikroorganizmlarda ham roʻy beradi. Benzin ham sanoatda aromatlash reaksiyasidan oʻtkaziladi, natijada benzinning xususiyatlari yaxshilanadi. Toshkoʻmirni kokslab yoki neftni termik va katalitik krekingga uchratib ham Aromatik birikmalar hosil qilish mumkin.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil