Arratumshuq baliqlar
Arratumshuq baliqlar (Pristidae) – skatlar turkumi oilasi. Uzunligi 6 m gacha, ogʻirligi 2400 kg gacha. Tanasi yassi, koʻkrak suzgichlarining chetlari boshi bilan qoʻshilib ketgan, jabra yoriqlari boshining ostki tomonida. Uzun tumshuqqa aylangan boshining yoni boʻylab tishga oʻxshash oʻsimtalari boʻlganligi uchun shunday nom berilgan. 7 turi maʼlum, tropik va subtropik dengizlarda, tropik chuchuk suvlarda tarqalgan, suv tubida hayot kechiradi, tirik tugʻadi. Oddiy arratumshuq (Pristis pectinalis) keng tarqalgan. Atlantika, Tinch va Hind okeanlari dengizlarida, jumladan Oʻrta dengizning sohilga yaqin uncha chuqur boʻlmagan joylarida, Amerika daryolarida uchraydi. Avstraliya arratumshugʻi (P. leichhardti) arrasi yordamida suv tubidagi loydan har xil umurtqasiz hayvonlarni kovlab olib yeydi, baʼzan mayda baliqlar bilan ham oziqlanadi. Odam uchun xavfli emas.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |