Ashurali Zohiriy maʼrifat va istiqlol fidoyisi, XX asrning boshlari va 20-yillarda Turkistondagi madaniy va maʼrifiy hayotning taniqli namoyandalaridan biri edi.

Ashurali Zohiriy 1885-yilda Muqimiy, Furqat, Hamza, Zavqiy kabi mashhur shoirlar vatani – Qoʻqon shahri yaqinidagi Oyim qishlogʻida tavallud topadi. U dastlab shu yerdagi eski usuldagi maktabda, soʻng Madalixon madrasasida oʻqiydi. Bu yerda u arab, fors tili, sharq klassik va ayniqsa oʻzbek klassik adabiyotining buyuk namoyandalari asarlarini muhabbat bilan oʻrgana boshladi. 1908-1913-yillarda oʻzi dars bergan „Yangi usul“ maktabida ularning asarlaridan maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya quroli sifatida foydalanadi.

Qoʻqon shahridagidagi Muhammad Alixon (Maʼdalixon) madrasasida tahsil koʻrgan (1914). Tarix, adabiyotni chuqur bilgan. Arab, fors, ozarbayjon, turk, tatar va rus tillarini oʻrgangan. Rus-tuzem maktabida oʻzbek tili va adabiyotidan daryo bergan, Qoʻqonda „Gʻayrat“ nomli xususiy nashriyot tashkil etgan. „Sadoyi Fargʻona“ (1916–21), „Fargʻona“ (1922–28) gaz.larida adabiy xodim boʻlib ish-lagan. Vaqtli matbuot sahifalarida maʼrifatparvarlik maqolalari bilan faol ishtirok etgan. Yangi usuldagi maktablar ochgan. Qoʻqonda „Dorulmuallimin“ maktabini tashkil etib, shu yerda ishlagan. Qori-Niyoziy rahbarlik qilgan Fargʻona pedagogika texnikumida, Qoʻqon pedagogika bilim yurti, neft texnikumi, savod-sizlikni tugatish kurslari va maktablarda muallimlik qilgan. Kishilarni til oʻrganishga, ilmli boʻlishga daʼvat etgan. S.Oqosov bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilari uchun „Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob“ darsligini tuzgan (1912). Oʻzbek tilida birinchi boʻlib, boshlangʻich sinflar uchun „Imlo“ dars-ligini yaratgan (Qozonda nashr etilgan, 1916). Navoiyning „Muhokamat ul-lugʻatayn“ va „Vaqfiya“ asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlari olib borgan. „Muhokamat ul-lugʻatayn“ni husnixatda koʻchirib (1916), Qoʻqonda Vayner kutubxonasida chop ettirgan (1917). „Vaqfiya“ni ham nashrga tayyor-lagan, lekin nomaʼlum sabablarga koʻra nashr etilmagan. „Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ 835 tuzgan (1925). Choʻlpon bilan hamkorlikda „Adabiyot parchalari“ toʻplamini nashr ettirgan (1926).Hur fikrlovchi ziyoli shaxs sifatida Ashurali Zohiriy shoʻro tuzumi uchun xavf tugʻdirdi. Shuning uchun ham u avval 1930-yilda qamoqqa olinib, 10 yilga hukm qilingan va muddatidan oldin qaytgan. Ammo 1937-yilda ikkinchi bor qamoqqa olingan va qatl etilgan.

Mazkur davrda Alisher Navoiyning mashhur „Muhokamat-ul lugʻatayn“ va „Vaqfiya“ asarlarini, shuningdek, Boburning „Boburnoma“sini nashr ettiradi. 1914-yilda „Ona tili“ degan maxsus maqola yozib, unda Alisher Navoiyning „Muhokamat-ul lugʻatayn“ asarini oʻzbek tili tarixidagi muhim oʻrni va ahamiyatini alohida taʼkidlab koʻrsatadi. „Sadoyi Fargʻona“ gazetasining 1914-yil 1-sonida (3-aprel) yozgan „Soʻzboshi“sida milliy hayot va millatning taraqqiysida milliy matbuot va adabiyotning roli haqida qizgʻin fikr yuritadi, yangi adabiyot va matbuotning milliy ong va hislarni uygʻotishda maʼnaviy-ruhiy tarbiya sohasida muhim qudratli qurol ekanligini koʻrsatib oʻtadi. Jumladan, u bu haqda alohida toʻxtab shunday deb yozadi: „Gazeta har bir millatning tarjimonidirki, bilmagan narsalarini bildirar va ham millatning muddaosini boshqa­larga bildirar. Yana boshqa bir soʻz bilan aytilsa, gazeta har bir millatning tilidir. Gazetasiz millat tilsizdir. Zero, tili va adabiyoti yoʻq millat millat emasdir. Har kimning dunyoda tirik turmogʻi uchun havo bilan suv qanday lozim boʻlsa, har qavmning hayoti saodati uchun ul millatning adabiyoti va matbuoti boʻlmogʻi lozim“ („Sadoyi Fargʻona“ gazetasi, 1914-yil, № 1).

Bundan tashqari u mazkur yilda buyuk qrim-tatar maʼrifatchisi va islohotchisi boʻlgan Ismoilbek Gaspiralining bevaqt vafoti bilan „Marhum Ismoilbek qanday ishlar qilgan?“ degan yana bir muhim maqola eʼlon qiladi. Maqolada Ismoil Gaspiralining Boqchasaroydagi yoshlik va oʻqish yillari, ish faoliyati va keyinchalik Moskva, Parijdagi oʻqishlari, askariy xizmatlari, Qrimga qaytib, yangi usul maktab ochishi va „Tarjumon“ (1883) nomli gazeta chiqarib, darsliklar yozishi, bularni keyinchalik butun Rossiya musulmon matbuoti va maktablarining rivojiga koʻrsatgan hayotbaxsh taʼsiri haqida fikr yuritadi. Ayniqsa, „Rusiya musulmonlari“ kitobiga katta baho berib, bu haqda shunday deb yozadi: "Ismoilbek janoblarining „Rusiya musulmonlari“ asari 30-40 sahifadan iborat boʻlsa ham „Ismoilbek“ deganda hamma turk, tatar birdan Boqchasaroygʻa qarab taʼzim qilmoqqa loyiq va sazovor etgan xizmatlarining bundan necha yil muqaddam (butun turk-tatar olamini qorongʻulik oʻrab olgʻon vaqtda) tuzgan dasturni istiqbolda tasavvur etgan ishlarining loyihasidir. „Rusiya musulmonlari“ asaridan turk va tatar millati ilm va hunardan mahrumdirlar, agar shul ketishda davom etsalar, oxiri yutulib, munqaruz boʻlurlar. Endi alarning bu zaif, bunday keyinda qolmoqlarigʻa sabab nima? Turk-tatar millatini mahv va inqirozdan qutqarmoq uchun nima qilmoq lozim? degan savollar berib, bunga javoban qayd etadi: bizning bu zaifligimizga sabab jahlimiz, Ovroʻpa ilm va maorifidan bahrasizligimizdir. Bundan qutulmoq uchun oʻqimogʻimiz lozim, Ovroʻpa ilm afkorini oramizgʻa suqmaqligʻimiz lozimdir. Lekin, Ovroʻpa ilm va maorifini turk-tatarlar orasigʻa faqat oʻz maktab va madrasalarida oʻz tillari bilan idhol etmoq mumkindir. Bu jihatlar birla Rusiyada yashagʻuvchi turkiylarning oʻz adabiyotlari boʻlur, – degan fikrini, avval turk-tatar mutafakkirlarining yuqori tabaqalarigʻa ruscha asari bilan bildirdi. Umumiyroq suratda bildirmoq qasdi birla 1883-yilda „Tarjumon“ gazetasini chiqarmoqqa ruxsat oldi ham shu yil 10-apreldan nashrgʻa boshlab, oʻylagʻon fikrini yozmoqgʻa boshladi.

„Tarjumon“ chiqmogʻi bilan bolalargʻa qirq kun ichida turkcha oʻqib, yozmoq mumkin ekanligini koʻrsatmoq uchun Boqchasaroyning „Qaytmaz ogʻa“ mahallasining bir-ikki maktabini tuzatib, madrasa shogirdidan Bakir afandi talabaga usuli savtiya taʼlimlarini oʻrgatib, boʻladurgʻon birinchi muallimning ham tadorkini etdi" (Qarang: „Sadoyi Fargʻona“ gazetasi, 1914-yil, 17-sentabr, № 60, 1-2 betlar).

Ashurali Zohiriyning mazkur maqolasi ushbu yilda Ismoilbek vafoti munosabati bilan yozilgan Mahmudxoʻja Behbudiyning „Ismoilbek ila musohaba“, Hamzaning „Yavmul vafot“ (1914) kabi maqolalari va S.Ayniy, Tavallolarning marsiyalariga gʻoyaviy jihatdan hamohang edi.

Ashurali Zohiriy bu bilan cheklanib qolmadi. Zamondoshlarining xotiralariga qaraganda u 1912-1913-yillarda ichki Rossiyadagi tatar musulmonlarining yangi maktab va maorif sohasidagi tajribalarini oʻrganish maqsadida Qozonga ham boradi, u yerdagi muallimlar va ularning oʻqitish metodlari bilan tanishadi. Qosimiya madrasasida turk-tatar tarixidan dars beruvchi Ahmad Zakiy Validiy Toʻgʻon bilan uchrashadi, uning 1912-yilda bosilgan „Turk-tatar tarixi“ kitobi bilan qiziqadi. Kitob muallifiga koʻpdan Fargʻona xonlari tarixini oʻrganib yurganligi, lekin ularning Turkiston umumiy tarixi jarayonidagi oʻrnini belgilashda qiynalib turganini aytadi. Qoʻqonga qaytgach, mazkur sayohat taassurotlari ostida bu yerdagi taraqqiyparvar doʻstlari bilan birga „Gʻayrat“ nomli kutubxona ochadi.

Qoʻqondagi rus-tuzem maktabi oʻqituvchisi Serkiboy Oqaev bilan hamkorlikda „Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob“ (1912)ini yozib, unga yangi usul maktablarida oʻqiydigan talabalarni maʼnaviy-ahloqiy va ruhiy jihatdan tarbiyalash uchun oson boʻlgan turli badiiy, didaktik namunalarni beradi, ularni imlo, xat-savod jihatdan toʻgʻri tarbiyalash uchun 1916-yilda koʻrgazmali „Imlo“ risolasini nashr ettiradi. Asta-sekin u, maʼrifatchilik, matbuotchilik ishlari bilan birga, oʻlkadagi milliy istiqlolchilik ishlariga ham aralashib, „El bayrogʻi“ (1917) gazetasi va „Yurt“ jurnalida faol ishtirok etadi. Jumladan, 1917-yil rus fevral inqilobidan keyin mazkur yilning 1-iyunidan Qoʻqonda oʻzi chiqara boshlagan „Yurt“ jurnalida Choʻlpon, Shokir Muxtoriy va boshqalarning Turkiston muxtoriyati gʻoyasi uchun kurash ruhidagi sheʼr va maqolalarini eʼlon qiladi. „El bayrogʻi“ gazetasida Choʻlponning muxtoriyat gʻalabasidan cheksiz quvonib yozgan „Ozod turk bayrami“ sheʼrini bosadi.

Koʻz oching, boqing har yon, Qardoshlar qanday zamon, Shodliklar boʻldi jahon, Fido bu kunlarga Hurriyat bayrogʻimiz, Adolat oʻrtogʻimiz, Xursand boʻlgan chogʻimiz, Mevalasin bogʻimiz. 1913-1914-yillarda ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Fargʻonada boʻlib, keyin (1917-yil rus fevral inqilobidan soʻng) Turkistondagi milliy istiqlolchilik kurashida faol qatnashgan mashhur turkiyshunos olim Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻon ham 1969-yilda Istanbulda bosilgan turkcha „Xotiralar“ kitobida 1913-1914-yillarda Qozon universiteti professori Katonov yoʻllanmasi bilan Fargʻonada boʻlganligi, bu yerda Choʻlpon, N.Toʻraqulov va A.Zohiriy boshqalar bilan tanishganligi, Ashurali Zohiriy uyida yashab, u bilan hamkorlikda birmuncha madaniy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirganligini eslaydi. 1917-yilda ikkinchi bor Turkistonga kelib, bu yerda muxtoriyat gʻoyasi gʻalabasi uchun kurashda rus unitarist millatchilarining qarshiligini yengishda, Mahmudxoʻja Behbudiy, Ubaydulla Xoʻjaev bilan birga, Ashurali Zohiriy ham yordam berganini yozadi.

Shu bilan birga Ashurali Zohiriy bu yillarda ham pedagogik faoliyatini toʻxtatmaydi. 1917-yil sentyabridan eʼtiboran Fargʻona viloyati maʼrifatparvarlari va maorif jamiyati aʼzolari yordamida tashkil boʻlgan maktablar uchun muallimlar tayyorlovchi dorilmualliminda Bulat Soliyev, Hodi Fayzi, Qori Niyoziy kabi pedagoglar bilan birga ishlaydi, u yerda oʻzbek tili va adabiyotidan dars beradi. Dorilmuallimin keyinchalik Fargʻona viloyat taʼlim-tarbiya texnikumdan mashhur oʻn uch qaldirgʻoch – Rahim Otajonov, Faxriddin Shamsuddinov, Tesha Zohidov, Fattoh Rahmonov, Ulugʻ Tursunov kabi mashhur olim, muhandis va muharrirlar yetishib chiqadi va ular oʻlkamizning turli oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, ilmiy muassasa va nashriyotlarida ishlab, fan va madaniyatimizni yuksaltirishga munosib hissa qoʻshadilar.

Ashurali Zohiriy bu davrda faqat bilim yurtida adabiyotdan dars beribgina qolmay, oʻlka bilim yurtlari uchun Choʻlpon bilan hamkorlikda „Adabiyot parchalari“ (1925) nomli maxsus xrestomatiya ham tuzdi. Kitobda muallif oʻzbek klassik adabiyotining ulugʻ namoyandalari Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiylardan tortib, XX asr boshlari va 20-yillardagi yangi oʻzbek adabiyotining Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Elbek, Botu, Rafiq Moʻmin kabi vakillarigacha boʻlgan ijodkorlarning turli janrlardagi asarlaridan namunalar berdi.

Ashurali Zohiriy 1921-1930- yillarda Qoʻqonda „Yangi Fargʻona“ (1921-1926-yillarda „Fargʻona“ nomi bilan chiqqan) gazetasida Choʻlpon, Hamza, Nazir Toʻraqulov, Lutfulla Olimiy, Botu, Abdulla Qahhor va boshqalar bilan birga ishlab, yangi oʻzbek adabiyoti va matbuoti, maorifi va madaniyati, uning yutuq va kamchiliklari haqida ilmiy publitsistik maqolalari bilan faol qatnasha boshlaydi. 20-yillarda Turkistonda kuchaya boshlagan til va imlo masalalari, adabiy merosga munosabat bahslariga faol aralashib, bu borada milliy adabiy tilimizning qonun va qoidalari, klassik adabiyot va folklor merosimiz haqida qimmatli fikr va mulohaza bildirdi.

Ashurali Zohiriy bu davrlarda, oʻzbek klassik adabiyoti va uning mashhur namoyandalari Alisher Navoiy, Bobur, Muqimiy bilan birga, boy oʻtmish madaniy va maʼnaviy merosimiz boʻlgan folklor asarlariga ham shunday katta ehtirom va hurmat bilan qaradi, ularda xalqimizning oʻtmish tarixi, urf-odatlari, maishiy hayoti, orzu-umidlari va armonlari, kechinmalari yorqin aks etganligini chuqur his qildi, bu borada koʻplab manba va materiallar (ertak, maqol, qoʻshiq, yor-yor va boshqalar) toʻpladi, maxsus maqolalar yozdi. Ayniqsa, xalq orasida keng tarqalib, asrlar davomida kelin-kuyov toʻylarimizda aytilib kelingan yor-yor qoʻshiqlari (oʻlanlari)ni toʻplab, soʻzboshi bilan eʼlon qildi. Kirish maqolasida yor-yor qoʻshiqlarining haqiqiy mohiyati, dardli ohanglarini chuqur tahlil qilib beradi: "Oʻzbek xotin-qizlarining yor-yor kuylarining oʻynoq ohanglari ichida qanchalik mung, qanchalik huzn borligini kim bilmaydi? Qiz hayotining eng saodatli va umrda tugʻilish va oʻlish kabi bir marta boʻladigan kun, toʻy kuni, oʻzbek qizi uchun qanday falokatli, qanday qaro bir kun boʻlar edi.

Koʻngil istagidan mahrum, sevgi lazzatidan benasib, umr savdosi yuzasidan umrbod gʻamgin, shikasta dil, shikasta xotir, oʻzbek qizlari oʻz uyini naqadar gʻamginlik bilan tark etadi:

Oq miltiqqa qora qilib otgan otam, Oʻz qizini yot qilib sotgan otam. Hay-hay oʻlan jon oʻlan, Mis panjara yor-yor. Har jafoga koʻnadi, qiz bechora yor-yor. Eski hayotning buzgʻun sharoiti, qadimgi muhitning chirik qonunlari, hammadan koʻra koʻproq xotin-qizlar boshiga kulfat boʻlib tushgan edi. Insonlik huquqidan mahrum etilgan oʻzbek xotini uchun butun dunyo qorongʻi edi. Bechora dunyoda baxt degan narsa borligiga ishonmaydigan boʻlib qolgan edi:

Andijonda oʻt yoqsam, Oʻshda tutun, Bu dunyoda bormikan bagʻri butun. Ashurali Zohiriy eʼlon qilgan ushbu laparlar va unga yozilgan soʻzboshi shu davrlarda bosilgan Elbekning „Laparlar“ (1992), „Ashulalar“ (1935), Rafiq Moʻminning „Qoʻshiqlarimiz“, Shokir Sulaymonning „Xalq adabiyoti“ (1923), Gʻozi Olim Yunusovning „Alla toʻgʻrisida bir necha soʻz“ (1926) kabi maqolalari qatori muhim gʻoyaviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻldi.

Lekin, afsuski, shunga qaramay, 20-yillarning oxirlarida Ashurali Zohiriy, Qoʻqondagi bir guruh taniqli ziyolilar qatori, „Botir gapchilar“ nomli maxfiy millatchilik tashkilotining aʼzosi boʻlgan degan siyosiy tuhmat bilan begunoh qamaladi. U 30-yillar oxirida qatagʻonga uchrab, hayoti va faoliyati, merosi uzoq yillar oʻrganilmay keldi. 50-yillar oxirlarida rasman oqlangandan keyingina Ashurali Zohiriy biografiyasiga doir maʼlumotlar koʻrina boshladi.

Shundan soʻng qamoqda biror yil qiynoqda yotgach, oxiri 1931-yil 25-aprelda OGPUning sud komissiyasi majlisi uni millatchilik tashkiloti „Botir gapchilar“ning faol aʼzosi degan aybnoma bilan Lutfilla Olimiy, Yoqub Omon, Abdulla Rahmatzoda, Nosir Erkin, Nuriddin Ermatov, Abdulla Qahhorlar bilan turli muddatga qamoq va surgun jazosiga hukm qiladi. (Bular ichida faqat Abdulla Qahhor gunohsiz topilib, tezda hibsdan ozod etiladi). Ashurali Zohiriy gʻoyaviy rahbar boʻlgan degan aybda oʻn yilga surgun boʻladi. Oila aʼzolari (33 yoshli rafiqasi Malikaxon, 15 yoshli oʻquvchi qizi Mohira, 4 yoshli oʻgʻli Marat, 2 yoshli Najib va boshqalar) koʻngillari vayron boʻlgan holda ogʻir ahvolda qoladilar. U boshqa oʻziga oʻxshagan baxtsiz, erksiz mahbuslar qatori uzoq surgunda ogʻir jismoniy mehnat azoblarini boshdan kechiradi. Oxiri 1936-yilda mehnat lageridan qaytadi, lekin u siyosiy taʼqib va kuzatuvlardan qutila olmaydi. 1937-yil 5-sentyabrdauyi tintuv qilinib, oʻzi yana qamoqqa olib ketiladi. 1937-yil 4-sentyabrda Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi qarori bilan unga „Milliy ittihod“ tashkilotining asosi boʻlgan va soʻnggi vaqtgacha uning topshirigʻi bilan sovet hokimiyati va kommunistik partiyaga qarshi kurash olib borgan, 1936-yil surgundan qaytgach ham bu faoliyatini toʻxtatmagan va aksilinqilobiy millatchilardan Sulaymonov (Choʻlpon – Sh. T), Gʻozi Yunusovlar bilan aloqa bogʻlab, igʻvogarona millatchilik fikrlarini tarqatib yurgan" – degan katta siyosiy ayb qoʻyiladi. Shu aybnoma asosida Oʻzbekiston Ichki ishlar xalq komissarlari qoshidagi uchlik komissiyasining 1937-yil 4-dekabrdagi majlisi qarori bilan oliy jazoga otuvga hukm qilinadi. Hukm mazkur yilning 28-dekabrida ijro etiladi.

Ashurali Zohiriy 1937 – yilgi boshqa siyosiy qatagʻon qurbonlari kabi faqat Stalin vafotidan keyin bir necha yil oʻtgach, 1958 – yil 15 – sentyabrdagina oqlandi. Lekin haqiqiy maʼnoda faqat Mustaqillikdan keyingina qadrini topdi. Umr boʻyi Vatan hurligini orzu qilgan va bu yoʻlda fidokorona kurashgan maʼrifat va istiqlol fidoyisi nomi dillarda mangu yashaydi.

Sherali Turdiyev „Sharq yulduzi“ jurnalining 4-sonidan olindi.

Manbalar

tahrir

Ad.:Madaminov A., Valixonov M., To-jiboyev R., Maʼrifat charogʻboni („Ada-biy meros“), N° 3, T., 1987.