Astigmatizm (yun. a — inkor qoʻshimchasi va stigme — nuqta) — yorugʻlik nuqtaviy manbaining tasviri bitta tekislikda yotmaydigan ikkita oʻzaro tik kesmada kuzatiladigan optik tizim aberratsiyasi. Agar nuqtaviy manbadan tarqaluvchi nurlar dastasi optik tizimdan oʻtishda deformatsiyalanib, bir nuqtada kesishmay, turli nuqtalarda kesishsa, bunday nurlar dastasiga astigmatik dasta, hodisaning oʻzi astigmatizm deyiladi. Astigmatizm, masalan, silindrik linzalarda va nurlar dastasi optik oʻqqa katta burchak ostida tushuvchi sferik linzalarda kuzatiladi. Keyingi holda buyumning optik oʻqdan uzoqdagi nuqtalari tasvirini aniq kuzatib boʻlmaydi. Astigmatizmdan xoli murakkab optik tizimlar anastigmatlar deb ataladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil