Astrofotometr
Astrofotometr (ostro… va foto, yunoncha metreo – oʻlchayman) – osmon jismlaridan kuzatuvchiga yetib kelgan yorugʻlik miqdorini (yulduz kattaligini) oʻlchaydigan asbob. Vizual, fotografik, fotoelektrik xillari bor. Vizual Astrofotometrda osmon yoritqichining yorugʻligi, toʻgʻrirogʻi yulduz kattaligini avvaldan maʼlum boʻlgan yorugʻlik manbai (elektr lampochkasi yoki yulduz) bilan solishtiriladi. Bunda elektr lampochkaga berilayotgan tok kuchlanishini oʻzgartirish yoki nurlar yoʻliga diafragma qoʻyish usulidan foydalaniladi. Quyosh, Oy, kometa va hokozaning ravshanligini oʻlchashda solishtirma manba sifatida elektr lampochka (ravshan obyektlar uchun) olinadi yoki radioaktiv elementlar yordamida ekranni yoritish usuli (xira obyektlar uchun) qoʻllanadi. Vizual Astrofotometrda yuqori aniqlikka erishish qiyin. Fotografik fotometriya ham tekshiriluvchi va solishtiriluvchi manbalarning intensivligini taqqoslashga asoslangan. Hozir juda sezgir fotokoʻpaytirgichlar va elektron optik oʻzgartgichlar asosida yulduz elektrfotometri, oʻzgaruvchantok bilan ishlaydigan miltillovchi fotometrlar va foton sanoqchilar qoʻllanilmoqda. Ular yordamida yulduz kattaligini ± 0,001 aniqlikda oʻlchash mumkin. Kosmik jism nurlanishini toʻla oʻlchash uchun termoelement, bolometr va radiometrlar ishlatiladi. Osmon yoritqichi juda xira boʻlganda maʼlum vaqtda Astrofotometrning fotosezgir qatlamidan ajralib chiqayotgan foto elektronlar sonini sanashga asoslangan foton sanoqchi va energiyaning spektr boʻylab taqsimlanishini oʻlchovchi spektrobolometrlar qoʻllanadi[1].
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrir- Maʼlumotlar ombori (Wayback Machine saytida 2019-11-28 sanasida arxivlangan)
- Astrofotometr – Bolshaya sovetskaya ensiklopediya[sayt ishlamaydi]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |