Avtomat radiometeorologiya stansiyasi
Avtomat radiometeorologiya stansiyasi – meteorologiya kuzatishlari natijalarini ma’lum masofaga radio orqali avtomatik tarzda uzatuvchi meteorologiya asboblari majmui. Quruqlik avtomat radiometeorologiya stansiyasi, avtomatik radio yogʻin oʻlchagichi, avtomatik radio shamol oʻlchagichi Avtomat radiometeorologiya stansiyasi jumlasiga kiradi. Bular meteorologiya stansiyalari qurish va ularda ishlash qiyin boʻlgan, borib boʻlmaydigan, iqlimi oʻrganilmagan joylarga oʻrnatiladi. Bu xil asboblar Markaziy Osiyoning togʻli va choʻl rayonlariga ham oʻrnatilgan. Avtomat radiometeorologiya stansiyasi yuzlarcha km gacha masofada oldindan berilgan dastur boʻyicha atmosfera bosimi, temperaturasi, shamolning yoʻnalishi va tezligi, yogʻin miqdori, quyosh nurining tushib turish vaqti va boshqa meteorologiya koʻrsatkichlarini sutkada bir necha marta oʻlchaydi va maxsus kodlar yordamida radio orqali meteorologiya markazlariga xabar qilib turadi. Berilgan radioxabarlar radiopriyomniklar yoki telegraf apparatlari orqali qabul qilinadi. Qabul qilingan ma’lumotlar umumlashtirilib, tegishli ilmiy va amaliy xulosalar chiqariladi. Oʻzbekiston hududidagi Avtomat radiometeorologiya stansiyalari xabarlari Oʻzbekiston Bosh meteorologiya boshqarmasida jamlanadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |