Avtomatik boshqarish nazariyasi
Avtomatik boshqarish nazariyasi – texnikaviy Kibernetikaning turlicha murakkablikdagi va har xil tabiatli jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari (ABT)ni yaratish ustida ilmiy tadqiqotishlari olib boruvchi boʻlimi. Avtomatik boshqarish nazariyasida haqiqiy obyektlar oʻrnida ularning oʻxshash (adekvat) matematik modellaridan foydalaniladi. Unda asosan ikki muammo: ABT tahlili va sintezi ustida tadqiqotlar olib boriladi. Ikki xil boshqarish tizimi, yaʼni ochiq va yopiq boshqarish tizimlari jarayonlarni boshqarish tarzi boʻyicha bir-biridan farq qiladi. Birinchisida boshqaruvchi taʼsirlar jarayonni toyiltiruvchi taʼsirlardan kelib chiqib, ularning toyilishi farqini kamaytirishga qaratiladi. Bunday boshqarish tizimining asosiy kamchiligi oʻlchash imkoni boʻlmagan tashqi toyiltiruvchi taʼsirlarni bartaraf eta olmasligidadir. Bundan tashqari, ushbu boshqarish tizimlari nobarqaror obyektlarni uzoq vaqt davomida boshqara olmaydi. Yopiq boshqarish tizimlari asosida teskari bogʻlanish gʻoyasi yotadi. Bu gʻoya parametrlarning meʼyordan chetlashishi boʻyicha boshqarish prinsipi (yoki teskari bogʻlanishli boshqarish) nomi bilan maʼlum. Bu yerda boshqaruvchi parametrlarning talab darajasidan ogʻishi tufayli ularni talab holatiga qaytaruvchi ijro signallari shakllantiriladi. Bunday usulning universalligi nobarqaror obyektlarni boshqarishda namoyon boʻladi. Avtomatik boshqarish nazariyasi xususan, yopiq tizim nazariyasidagi markaziy muammo – bu tizimning mustahkamligi. 20-asr 50–60-yillari bunday tizimlarning sintez usullari jadal rivojlangan davr boʻldi. Sintez masalasini yechishda sifat mezonini tanlash asosiy oʻringa ega. ABTni sintez qilishning usullari ichida bunday tizimlarni invariant va avtonom sintez qilish usullari alohida oʻrin egallaydi. Bu nazariyada sifatni baholashning integral mezonidan foydalanishga asoslangan ABT sintez usuli ustuvor hisoblanadi. Avtomatik boshqarish nazariyasida ifodalanganidek, boshqarishga tengsizlik koʻrinishida chegara qoʻyilgan nochiziqli obyektlarni maqbul boshqarishning sintez masalasi, Pontryaginning maksimum qonuni va Bellmanning dinamikaviy dasturlar kabi variatsiya hisobining yangi masalalarini yechishda qisman oʻzgargan usullarning paydo boʻlishiga ragʻbatlantirdi. Maqbul tizimlarning sintez usullari umumlashtirilib, Avtomatik boshqarish nazariyasi nisbatan kam tadqiqotlar oʻtkazilgan taqsimlangan parametrli boshqarish tizimlari sinfiga oʻtkazildi. Ayrim boshqarish obyektlarida oʻzgarmas matematik modelning apriori (boshlangʻichi) ABTni ishlashda yoki uni loyihalashda obyektning haqiqiy holatiga nooʻxshash (noadekvat) boʻladi. Koʻpincha, roʻy berayotgan jarayonning nihoyatda murakkabligi tufayli maʼlum fizikaviy yoki kimyoviy qonunlar asosida boshqarish obyektining matematik modelini yaratish amaliy jihatdan mumkin boʻlmaydi. Bu albatta ABTdan foydalanilayotganda oʻlchashga imkoni boʻlmagan tashqi va ichki toyiltiruvchi parametrlar ularning koʻrsatkichlarini oʻzgartirib yuborishi natijasidir. Shu sababli, boshqarish obyektlarini identifikatsiyalash usullari deb atalgan ilmiy yoʻnalish paydo boʻldi. Adaptiv boshqarish tizimlarining paydo boʻlishi aprior axborot kamchiligini toʻldirish imkonini yaratdi va tizim samaradorligini oshirishga olib keldi. Adaptiv boshqarish tizimlari sinfiga taalluqli oddiy yopiq ekstremal rostlash tizimini alohida sinfga ajratish mumkin hamda bunday boshqarish masalasi ehtimollik masalasi deb qaraladi. Uni yechish uchun statistik yechim va boshqariluvchi tasodifiy jarayon nazariyasi usullaridan foydalaniladi. ABTni yaratish ustida olib boriladigan ilmiy va amaliy tadqiqotlar bosqichida uzluksiz (analog) va uzlukli (raqamli) modellash usullari katta ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |