Aziz Xoʻjayev
Aziz Xoʻjayev — XX asr boshida Germaniyada tahsil olgan taraqqiyparvar, iqtisodchi, oʻqituvchi, tahlilchi, tarjimon. 30-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Mudarris oilasida tugʻilgan. Dastlabki ta’limni Buxorodagi jadid maktabida tahsil olgan. 1926-yil Berlin universiteti iqtisod fakultetini, Ozarbayjon Davlat universiteti aspiranturasini tamomlagan[1].
Aziz Xoʻjayev | |
---|---|
Tavalludi |
1905-yil Buxoro |
Vafoti |
1937-yil 7-dekabr Solovki lageri, SSSR |
Fuqaroligi | SSSR |
Sohasi | Iqtisodchi, tarjimon |
Dini | Islom |
Hayoti va faoliyati
tahrirAziz Xoʻjayev 1905-yil Buxoro shahrida mudarris, mufti Avliyoxoʻja Atqiyoxoʻja oʻgʻli xonadonida tavallud topgan. Azizxoʻja avval Eski Buxoroning Govkushon mavze’sidagi jadid maktabida, soʻng madrasada tahsil olgan. 15 yoshida yetim qolgan Azizxoʻja BXR hukumati qaramogʻidagi „Shuhado“ maktabiga olingan. Bolalik vaqtidan Abdurauf Fitratning nazariga tushgan Azizxoʻja 1922-yil Germaniyaga oʻqishga yuborilgan. Aziz Xoʻjayev qisqa muddatli til kursidan soʻng nemis tilini oʻrganib, Berlin universitetining iqtisod fakultetiga oʻqishga kirgan. 1926-yil ushbu oliygohni tamomlagan. Oʻzbekistonga qaytgach Samarqandda ishga joylashishning imkoni topilmagan. Azizxoʻja ustozi Bakir Choʻponzoda, Ismoil Hikmatbeylar taklifi bilan Bokuga yoʻl olib, Ozarbayjon Davlat universitetiga oʻqituvchi boʻlib ishga kirgan. Nemis, ingliz, arab, fors, urdu, turk, rus tillarini mukammal bilganligi sababli Ozarbayjonda ishlashi muammo boʻlmagan. Ozarbayjonda aspiranturaga kirib ilmiy tadqiqotlar oʻtkazgan. Ittifoq nashrlarida, Boku, Toshkent shaharlaridagi iqtisodiy axborotnomalarida, matbuot sahifalarida Aziz Xoʻjayevning bir qator tahliliy maqolalari chop etilgan. Uning izidan tushgan OGPU josuslari Azizxoʻjani Bokuni tark etishga majbur qilganlar. 1928-yilning soʻngida Toshkentga kelgan Aziz Xoʻjayev Oʻzbekiston Maorif nozirligiga ishga joylashib, ayni paytda Sharqshunoslik fakultetida fors-urdu tillaridan, Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) iqtisodiyot fanidan talabalarga ta’lim berishga kirishgan. „Pravda Vostoka“ gazetasida tarjimonlik ham qilgan[2].
Siyosiy faoliyati
tahrirAziz Xoʻjayev bir vaqtlar Turkiyada tahsil olib qaytgan Shahid Eson Muso, Ismoil Sadri, Mirzoamin Muhiddinovlar bilan ilmiy munozaralar olib borgan. Ayniqsa, 1929-yil Toshkentdagi Vostochnaya koʻchasidan 10-uyni sotib olgach, uning xonadoni Qiyomiddin Kiromiddin, Atoullo Sayfulmulk, Omonullo Nusratullo kabi Germaniyada tahsil olib qaytgan doʻstlari, shoir Bahrom Haydariy, xonanda Nazira Ahmedova, yozuvchi Kibalchich, Mansurbek Xudoyorxonov kabi yaqinlarining doimiy suhbatlari markaziga aylangan. Bu esa insonlarning har bir harakatni kuzatib turuvchi OGPU aygʻoqchilarining nazaridan chetda qolmagan. Uni tuzoqqa tushuntirish maqsadida 1929-yil 5-dekabrda OGPU 4-boʻlimiga avval tarjimon sifatida qabul qilgan, keyinroq esa „Gans“ laqabini berib maxsus agent sifatida yollagan. Aziz Xoʻjayevni Toshkentdagi afgʻon konsulining tarjimoni Sulaymon Asqarov, fors konsulligidan Mehdixon Hakimiy, Xitoy konsulining tarjimoni qoshgʻarlik Isabekov, xitoylik Van Syun Bo, Shi Ven Yu kabi odamlar bilan tanishtirib, Afgʻoniston, Eron va Xitoy davlatlarining tashqi aloqalariga oid xabarlarni topishni talab qilishgan. Biroq Azizxoʻjaning hech bir ragʻbatini koʻrmagach, OGPU uning oʻzini qamoqqa tiqish choralarini izlay boshlagan. Bunga Fitrat Afgʻon elchiligi orqali Aziz Xoʻjayevni Turkiyaga Usmon Xoʻjayevga xat bilan yubormoqchi degan xabar bahona boʻlgan. Ishni zudlik bilan amalga oshirish maqsadida uning xonadoniga Anna Doroshenko, Mira Martinovskaya, Vera Aleksandrova, Katya, Antonina, Olya, Shura kabi GPU aygʻoqchilarini tashlagan. Bir necha kun uning uyida yashagan „mehmonlar“ hamma voqeliklarni muntazam yetkazib turganlar.
1932-yil 13-may kuni Oʻrta Osiyo OGPU 4-boʻlimi xodimi Bulato Aziz Xoʻjayevni aksilinqilobchi, chet el josusi deb OʻzSSR JK ning 59-, 70-moddalari bilan ayblab qamoqqa olishga qaror qilgan. 1932-yil 14-may tunda uning xonadoniga noma’lum kimsalar tashrif buyurgan[3].
Tergov
tahrir1932-yil 15—28-may kunlari muntazam soʻroqlar davomida angladiki „mehmon“lar uning soʻnggi kunlaridagi barcha harakatlarini oqizmay-tomizmay yozib borishgan ekanlar.
1932-yil 8-iyun kuni yuzlashtirishda u hamkasbim deb bilgan Anna Doroshenko oʻzining Toshkentga 1932-yil 14-yanvarda maxsus topshiriq bilan kelganligini, Azizxoʻjaning yonidagi barcha doʻstlari, ularning kasbi-kori, manzillarini soʻzlab bergan. Shuningdek, uning aksilsovet ruhda „bechora xalqim ruslarning qoʻlida ingliz mustamlakalari xalqlaridan koʻra ming bora xor boʻldi. Bizda iqtidorlar koʻp, hokimiyat bizda boʻlishi kerak. Men GPUdan qoʻrqmayman. Kommunistlar oʻz kelajagini koʻra olmaydi, gazetalarining hammasi yolgʻon yozadi. Albatta, biz ruslarni quvib hokimiyatni oʻzimiz olamiz“, — deganini aytib bergan.
1932-yil iyul—avgust oylarida muntazam jismoniy tazyiq va tahqirlar ostida Aziz Xoʻjayevdan Toshkentdagi, Afgʻonistondagi barcha tanishlari haqida soʻrab surishtirganlar. Biroq birorta arzirli ma’lumot ola olmagan.
Ayblov
tahrir1932-yilda 22-avgustda ayblov bayonnomasi imzolanib, unda Aziz Xoʻjayev Buxoro amiri mulozimi oilasidan chiqqan, otasi sovetlarga qarshi kurashda halok boʻlgan, ashaddiy aksiinqilobchi kabi ayblar qoʻyilgan[4]. Aziz Xoʻjayev ishi 1932-yil 10-sentabrda Moskvaga yuborilgan. 1932-yil 20-oktabrda OGPU qoshidagi „uchlik“ tomonidan 5 yil konslagerga hukm qilingan. U avval Sazlagda boʻlgan, 1933-yil 29-iyundan Solovki lageriga etap qilingan. Azizxoʻja 1935-yil 15-sentabrda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi bosh Prokurori Vishinskiyga ariza yoʻllab, oʻzining 1932-yil 14-mayda boʻhton asosida qamoqqa olingani, tintuv vaqtida yoʻl qoʻyilgan haqsizliklar, hatto, uning tilla soatini oʻgʻirlab roʻyxatga olishmaganini yozgan.
„...Lagerda hayot qiynoq va azoblash ustiga qurilgan, koʻpchilik obroʻ orttirish uchun vijdonli insonlar ustidan tuhmat qiladi yoxud karyera uchun insonlarni antisovet deb ayblashadi. Toʻrt yarim yillik jazoni oʻtashim bilan ochlik e’lon qilgani uchun deb yolgʻiz kameraga yoʻllashdi. Xotinimni abadiy yoʻqotdim. Haqiqat uchun betinim kurashdim, ammo bu biror kishini qiziqtirmadi. Lager rahbariyatiga yuzlab xat yozdim. Birortasiga e’tibor boʻlmadi. Aksincha boshimga tashvish soldilar. Mana yaqinda 5 yillik muddat tugaydi. Haqiqatga ham ishonchim soʻngan. Hech kimga hech narsa yozishdan foyda yoʻqligini bilaman, ammo ilinj bor. 75 yoshli onam, kasalmand qizim meni kutmoqda“, - deb yordam soʻragan.
Arizadan soʻng uning ahvoli yanada yomonlashgan. Uning yoniga turli kishilar kiritilib, har bir harakatini kuzatganlar. Lagerning mas’ul xodimlari Panamarev, Akimov, Movshevich kabilar Aziz Xoʻjayevni “ish qobiliyati 2-guruh, mehnatga munosabati yomon, tegishli normani bajarmagan, mayda millatlar va troskiychilar bilan aloqada, oʻzining huquqini talab qilib, ochlik e’lon qiladi”, - deb salbiy tavsiflaganlar. 1936-yil 7-aprelda qurilish qoidasini buzgan deb 15 kunga, 1936-yil 26-oktabrda tonggi yigʻinga kelmagan degan bahona bilan yana 5 kunga qamoqqa buyuradilar. U haqsizlik va zulmni aslo tan olmagan. Aziz Xoʻjayevni jazo muddati tugagani uchun boshqa saqlab tura olmasligiga ishongan qamoqxona ma’muriyati uni „Uchlik“ yigʻiniga taqdim etgan. 1937-yil 25-noyabrda Aziz Xoʻjayevga oʻlim jazosi tayinlangan. 1937-yil 7-dekabrda hukm ijro etilgan[5].
Oqlov
tahrir1956-yil 29-iyulda Stalinobod shahridan Oyisha Azizxoʻjayeva SSSR Bosh Prokuroriga ariza yoʻllab, 1932-yil qamoqqa olingan otasi SAGU oʻqituvchisi Aziz Xoʻjayevning soʻnggi taqdiri haqida xabar berishini soʻragan. Oyisha otasining 1937-yil 23-sentabrda Soloves orolidagi Belomor-Baltika MTLning 8-boʻlimidan yozgan soʻnggi xatida „yaqinda qaytishini, biroq uning ortida yana kimlardir uni yubormaslik uchun turli bahonalar qidirib uni qayta qamoqqa tiqmoqchi ekanligini xavotir bilan yozgandi“, — degan. Shundan soʻng Aziz Xoʻjayev ishi qayta koʻrishga topshirilgan. Qayta soʻroqlarda uning uchun yigʻilgan memorandumlarning barchasi maxsus qaror asosida yoʻq qilingani ma’lum boʻlgan. Guvohlik berganlarning birortasi topilmagan. Uning mutloq aybsiz hibsga olingani ma’lum boʻlgan. Aziz Xoʻjayev 1958-yil 28-aprelda oqlangan.
Manbalar
tahrir- ↑ Azon.uz nashri: Qatagʻon qurbonlari: Aziz Xoʻjayev – yetti tilni bilgan olim, 2022
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam)[sayt ishlamaydi] - ↑ O'zbekiston Markaziy Davlat arxivi materiallari P47-fond, 1-tavsif, 29-ish, 1937
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam) - ↑ Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 67-bet., 2006
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam) - ↑ 1937-1938-yillardagi "katta qirg'in" tarixining muhim sanalari. "Fan" nashriyoti. Toshkent. 2013. 7-bet, 2013
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam) - ↑ 1937-1938-yillardagi "katta qirg'in" tarixining muhim sanalari. "Fan" nashriyoti. Toshkent. 2013. 23-24-betlar., 2013
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam)