Babuin
Babuin, sariq maymun – pavianlar urugʻiga mansub maymunlarning bitta turi. Tanasining uzunligi 75 sm, dumi 60 sm gacha. Afrikaning Angoladan boshlab Shimoliy Mozambikkacha boʻlgan hududlarida, shuningdek Keniya va Janubiy Somalida tarqalgan. Togʻ va dashtlarning daraxtlar boʻladigan joylarida yashaydi. Kechasi daraxtlarga chiqib yotadi, kunduzi faol hayot kechiradi. Juni och sariq boʻlganidan sariq maymunlar ham deb ataladi. Babuin oʻsimliklar ildizi, mevasi va yosh novdalari, har xil hasharotlar bilan oziqlanadi. Oʻsimliklar bilan oziqlanishi tufayli qishloq xoʻjaligiga birmuncha ziyon keltiradi. Babuin qoʻlga tez oʻrganadi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |