Bachadon boʻyni eroziyasi

(Bachadon bo`yni eroziyasidan yoʻnaltirildi)

Bachadon boʻyni eroziyasi – bachadon boʻyni shilliq qavatining yuza shikastlanishi. Bachadon boʻyni eroziyasi esa koʻpincha jinsiy aʼzolardagi shishlanish kasalliklari (kolpit va boshqalar) sabab boʻladi. Bu kasalliklarda bachadondan koʻp chiqindi ajraladi, bundan tashqari, bachadon boʻynidagi bezlar ham koʻp shilliq ajratadi, natijada shilliq qavat yuzasi bichilib, shilinadi. Bachadon boʻyni eroziyasi abort, tugʻruq vaqtida bachadon boʻyni shilliq qavatining zararlanishi, shuningdek , gormonal jarayonlarning buzilishidan ham yuzaga kelishi mumkin. Shilliq qavatning zararlangan yuzasi (chin eroziya) tezda bachadon boʻyni kanalidan oʻsib chiqqan silindrik epiteliy bilan qoplanadi – soxta eroziya vujudga keladi. Kasallik uzoq, vaqtgacha (oylab, yillab) hech qanday belgisiz kechishi mumkin. Uni qancha barvaqt aniqlansa, tez va oson davo qilinadi. Agar kechiktirib yuborilsa, xavfli oʻsmaga aylanib ketishi mumkin. Bachadon boʻyni eroziyasining oldini olish uchun jinsiy aʼzolarning turli yalligʻlanish kasalliklarini oʻz vaqtida davolash, eng muhimi muntazam ravishda yiliga ikki marta tibbiy koʻrikdan oʻtib turish lozim.[1]

Manbalar

tahrir
  1. "Bachadon boʻyni eroziyasi" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil